Panda Books: "Daryo.uz" nashriga berilgan, ammo chop etilmagan eksklyuziv intervyu
"Panda Books" kanali asoschisi, bookbloger va intellektual Jasurbek Bozorboyevning "Daryouz" internet nashriga bergan intervyusi. Og'abek Samisov suhbatlashdi.
— Siz qilayotgan ishni (ya’ni bookblogingni) bilmaydigan, bundan xabari yo’q insonga ushbu sohani ta’riflab bering.
- Xo’sh, kitob bloging (bookbloging) – bu ijtimoiy tarmoqlarda kitob va kitob olamini keng yoritishga ixtisoslashgan platforma, uni yurituvchi shaxs esa kitob blogeri (bookbloger) deb ataladi. Bu shunchaki kanalga kitoblardan iqtiboslar tashlab turish yoki yangi kitoblar haqida atroflicha ma’lumot berish emas, bookbloging eng avvalo - muloqotdir. Ya’ni ayni bir mavzu yoxud asar to’g’risida o’z fikr-mulohazalaringizni obunachilaringiz bilan baham ko’rasiz. Muloqot muhokamalarni, muhokahamalar esa qarashlarni paydo qiladi. Ba’zi bookblogerlar esa o’z obunachilari bilan birgalikda mutolaa ham qilib turishadi. Bookbloger yana yaxshi motivator va tayyor konsultant hamdir. Masalan, kitob do’koniga kirib, qaysi kitobni olishga ikkilanganingizda, o’sha kitob haqida bookblogerlar tomonidan qoldirilgan taqrizlarni o’qib, o’zingizga xulosa qilishingiz mumkin.
Shaxsiy faoliyatim haqida gapiradigan bo’lsam, o’zimni bookbloger deyish bilan bir qatorda, jamiyatda kitob o’qishni ommalashtiruvchi o’ziga xos “mutolaa populyarizatori” deb hisoblashni ma’qul ko’raman. Chunki toki inson o’zi ich-ichidan xohlamas ekan, kitob o’qishga undaydigan har qanday shakldagi agitatsiya yoki propaganda foydasiz bo’lib qolaveradi. Zero, kishilar ko’rgan narsasiga ko’proq ishonishadi, shunday ekan men kitobxonlikni ommalashtirishga harakat qilaman.
— Qaysi voqea sizni ushbu sohaga kirishga, blog yuritishga turtki bo’ld?
- O’zi yoshligimdan ko’p mutolaa qilardim, shundanmi yozishga bo’lgan ishtiyoqim ham kuchli edi. Universitet davrlarida, Telegram messenjerida “Bored Panda” nomli kichik kanal ochib, bir nimalar yoza boshlaganman. Kitoblar va filmlar to’g’risida postlarim bo’lishiga qaramasdan, u ko’proq “lifestyle” janriga xos kanal edi. Men bir vaqtning o’zida hamma mavzuda yozib ketaverardim, keyinchalik esa ishlarimni tartibga solib, faqat kitoblar haqida yozish uchun alohida kanal ochishga qaror qildim. Bu orada yurtimizda karantin boshlanib qoldi. O’shanda kitob bloging sohasiga qiziqib, bir qator bloglarni kuzata boshladim va kitob blogerlari bilan tanishdim. Ular orasida Mahin @mahinsworld, Nazarbek @Bookerberg kabi do’stlar tez-tez muloqot qilib turishardi. Shunday qilib 2020-yil aprel oylarida “Panda Books” @panda_books ni ochdim va o’qigan kitoblarim haqida yoza boshladim. Blog tezda o’z muxlislariga ega bo’la boshladш, kitoblar haqida yozish o’zimga ham manzur bo’ldi. Shu-shu bookbloging asosiy xobbiyimga aylandi.
— Nimadan ilhomlanib yozasiz?
- Bilasizmi, men yaxshi narsa yozish uchun hissiyot zarur deb hisoblayman. Sevgi, nafrat, achinish, quvonch…kabi hissiyotlar. Inson qachonki yozganidan o’zi ta’sirlansagina, boshqalarni-da ta’sirlantirishga qodir bo’ladi. Hissiyotlarni seza bilmoq, ilhomni topa olmoq bizning zamonimizda ancha mushkullashgan. Zero beton devorlar ichida qamalib qolganingizda, ilhom parilari sekin yo’qola boshlaydi. Men ilhomni, asosan, hissiyotlardan yoki maroqli kechki sayrdan, yaxshi insonlar bilan suhbat va go’zal maskanlardan olaman.
— Bookbloging bilan insonlarning e’tiborini qozonish mumkinmi? Ha, bo’lsa, bu jarayon qanchalik qiyin?
- Ha, albatta, lekin bu juda murakkab jarayon ekanligini ham e‘tirof etish zarur. Hozirgi kunda ommaviy madaniyat bilan to’lib-toshgan infoolamda siz o’z mo’jazgina, lekin sifatli kontentingiz bilan odamlar e’tiboriga tushishingiz ehtimoli kam. Tan olish kerak, biz bookblogerlar, boshqa media vakillari kabi tez fursatda katta auditoriya yig’a olmaymiz, bu aniq. Undan tashqari, hozir matn formatidagi uzun postlarni (longread) o’qiydiganlar qamrovi ham kichikroq. Ammo quvonarlisi, jamiyatimizda yoshlar yana kitoblarga qaytishmoqda. Omma e’tiboriga hozir yengil mavzular bilan darrov tusha olasiz. Bizning yo’l esa biroz mushkul, qiyin yo’l, ammo men bir kun kelib, bizda ham olim, ziyoli va kitobsevarlar jamiyatda “trend”da bo’lishiga ishonaman.
— Siz yozayotgan narsalar, ushbu soha jamiyat uchun qanchalik foyda, deb hisoblaysiz?
- Eng avvalo, men o’zimni butun jamiyat uchun foydali narsalar yozayapman deb ta’kidlay olmayman, zero menga haqqoniy bahoni faqat o’quvchi berishi mumkin. Lekin men shu jamiyatning bir ziyoli insoni sifatida, o’zim yaxshi bilgan sohada shaxsiy nuqtai nazarlarimni bildirishim lozim deb o’ylayman. Agar kimdir mening postlarim, tavsiya va taqrizlarimni o’qib, o’ziga motivatsiya olsa va kitoblarga bo’lgan qiziqishi uyg’onsa, shuning o’zi men uchun katta yutuqdir.
— Xorijdagi bookblogerlarni kuzatasizmi? Kimlarni? Ulardan nimalarni o’rganasiz?
- Bo’lmasamchi? Albatta, ularni kuzatish juda maroqli. Ulardagi rang-baranglik ko’zga yaqqol tashlanadi. Xorijiy bookblogerlar, asosan vizual kontent yaratishga intiladilar. Masalan, ularda BookTube rivojlangan. “Booktube” - bu YouTube videoplatformasidagi bookblogingning umumiy nomi. Bizda esa endi-endi YouTube platformasida kontent yaratishni boshlashyapti. Biz ulardan o’rganadigan eng katta narsamiz ham shu, ya’ni sifatli ijodimizni nafaqat matnli holatda, balki chiroyli video formatida ham obunachilarimizga taqdim etishimiz lozim.
Bundan tashqari, Instagram ijtimoiy tarmog’ida ham bir qator ajoyib bukblogerlar mavjud. Bular orasidan @james_trevino @be.botan ni ajratib ko’rsatishim mumkin. Telegramda esa asosan rus kitob blogerlarini kuzatib boraman (@knigsovet, @greenlampbooks, @stoner_watching_you shular jumlasidan). Lekin ochig’ini tan olishim lozimki, barchasini muntazam ravishda kuzatib borishga ko’p vaqt ajrata olmayman, bu borada endi bookblogerlikka kirib kelayotganlarga taklif berardimki, chet ellik taniqli bookblogerlarni kuzatib, ularning faoliyatini yoritib boradigan dayjest-kanal ochilsa, o’shanga jon deb a’zo bo’lardim.
— O’zbekistonda ushbu sohaning holati qanday?
- Hozirgi holati ancha barqaror. O’tgan yili katta “bum” qila olganmiz, bizni ko’pchilik taniy boshlagan, “Kunuz”da biz haqimizda maqola ham tayyorlashgandi. Bu yil esa biroz turg’unlashib qoldik. Bunga bir qancha sabablar keltirsa bo’ladi. Masalan, katta bookblogerlar ijodi biroz passivlashgani, ba’zilari esa sohalarini o’zgartirgani sababli. Shu bilan birga, oramizda bookblog yuritishga ishtiyoqmand kitobxonlar ham ko’pchilikni tashkil etadi. Ularda yaxshi salohiyat bor. Kun sayin yangi va kuchli bookblogerlar yetishib chiqyapti. Chunki talab anchayin ulkan.
Bilasizmi, bookblogerlar tashqaridan katta qo’llovni kutishmaydi. Misol, o’tgan yili tiktokerlar uchun maxsus Award uyushtirildi, ularga katta pul mukofoti va sovg’alar topshirilib, e’tibor ko’rsatildi. Bookblogerlar bo’yicha esa hali bunday deya olmaymiz. Albatta, biz qandaydir moddiy manfaat uchun ijod qilmayapmiz. Lekin sifatli kontent yaratish, yosh ziyoli qatlamni uyushtirish yoki kitobxonlikni ommalashtirishga biz kutgandan ko’ra kattaroq platforma va mablag’ talab etiladi. Ruhiyatni ko’tarish, tushkunlikka tushmaslik uchun ham bunday ishlar qilinishi kerak deb hisoblayman. Moddiy tomondan ham bookbloging talabgor soha emas, chunki bizda reklama deyarli yo’q. Shunga qaramasdan, ayni kunlarda boshqa media soha vakillariga imkonni boy bermaslik va bookblogingni professional darajaga olib chiqish uchun yaxshi fondlar ko’magida bir qator loyihalar boshlaganmiz.
— Mamlakatdagi kitobxonlik holati haqida aytib bering.
- So’nggi yillarda boshqa sohalar kabi kitobxonlik darajasi ham bizda sezilarli ravishda o’sdi, nafaqat shaharlarda, balki joylarda ham ko’plab yangi kitob do’konlari ochilib, faoliyat ko’rsata boshladi. Shuningdek, yangi tarjima kitoblar soni oshdi, kitobga bo’lgan talab va marketing sifati ham yaxshilanib bormoqda. Yoshlarning kitobga qiziqishi oshayotgani kishini xursand qiladi.
Muhimi, yoshlar faqat telefonda qolib ketmasdan, qo’llariga kitob ola boshlashgan. To’g’ri, dunyodagi eng kitobxon millatmiz deyishdan yiroqman, lekin bizda mutolaa madaniyati va an’analari shakllanib ulgurgan. Buni bookbloglar auditoriyasi soni muttasil oshib borayotganidan ham ko’rishingiz mumkin.
— Nima sizni tushkunlikka solib qo’yadi (o’z sohangizdan kelib chiqib)?
- Men o’zim hayotda doim qanday qiyinchilik bo’lishiga qaramasdan, aslo tushkunlikka tushmaslikka harakat qilaman. Bunday paytlari odatda kitob o’qiyman. Yaxshi kitob insonni depressiyadan olib chiqishiga ishonchim komil.
Lekin ba’zan jamiyatimizda yoshlarni kitobga qiziqtirish yo’lidagi ishlarimiz oqsashi odamni xafa qiladi. Ayniqsa, oilalarda shaxsiy kutubxonalar yo’qligi, bolaga kitob o’qishda o’rnak bo’lmaydigan kattalarimiz ko’pligi ham achchiq haqiqat. Bola kitob o’qishni uyida ko’rib o’rganadi. Bunda oilaning, ayniqsa, ota-onaning roli nihoyatda katta. Ulg’ayib kelayotgan yosh avlodni turli xil “ko’cha tushunchalari” bilan emas, balki haqiqiy ilm bilan ozuqlantirish lozim. O’ylaymanki, bundan keyin ota-onalar farzandlariga ko’proq kitob olib beradilar va ular bilan ko’proq vaqt o’tkazadilar.
— 5 yildan keyin O’zbekistonda bookbloging qanday darajada bo’ladi?
- Oldindan bir narsa deyish mushkul, lekin bu borada hamisha optimist bo’lishga intilaman. Umid qilamanki, 5 yildan keyin O’zbekistonda bookbloging yanada professional ko’rinish oladi, mamlakatimizda bookblogerlar jamiyati to’laqonli tarzda tashkil topadi. Hozirda biz bu yo’lda jiddiy loyihalar boshlaganmiz. Shuningdek, kelgusida nashriyotlar, kitob do’konlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorligimiz yanada kuchayadi, nihoyat bizda ham haqiqiy katta kitob festivallari o’tkaziladi. Nafaqat mamlakat miqyosida, balki global darajaga chiqish imkoniyatiga ega bo’lamiz degan umiddaman.
Bookbloging hozir umumiy xususiyat kasb etadi, o’ylaymanki besh yildan so’ng, bizda ma’lum bir janrlarga ixtisoslashgan bookblogerlar guruhi paydo bo’ladi. Xulosa qilib aytganda, bu sohaning kelajagi bor, bookblogerlar esa siz, aziz kitobxonlar, uchun sifatli va foydali kontentlar yaratishda davom etaveradilar.
— Xalqaro bukblogerlarda hozir holat qanday? ular pul topyaptimi? misollar keltira olasizmi? linklari bilan iloji bo’lsa
- Afsuski, xorijda ham, bizda ham kitob bloggerlari reklama beruvchilar orasida unchalik talabgir emas. Xorijda ko’p takliflar endigina ijod olamiga kirib kelgan va debyut asarlarini keng targ'ib qilishni xohlaydigan yosh mualliflardan keladi. Biroq bu kabi takliflarni yoppasiga qabul qilish ham mantiqdan emas, chunki bunday reklama uchun taklif qilinajak gonorar odatda kichik bo’ladi. Bundan tashqari, blogingiz auditoriyasi pullik va zaif adiblar kitoblarini ko'rib, obunani bekor qilishlari ham mumkin. Mabodo, masalan muallif adabiy davralarda nom qozongan va uning kitoblariga bookblogerlar orqali dastxat olish singari imkoniyatlar tug’ilsa, u holda bu bir qadar yoqimli, hatto foydali jarayonga aylanishi mumkin.
Shuningdek, YouTube videoxostingi va Tik-tok kabi video platformalarda kanalingizni ma’lum bir darajaga yetkazganingizdan so’ng, monetizatsiya xizmatini yoqish imkoniga ega bo’lasiz. Xalqaro bukblogerlar, asosan, shunday foyda oladilar deb o’ylayman. Ammo o’z navbatida video olish uchun zarur texnikalar va kontent uchun muntazam kitob xarid qilish ham katta xarajat talab qiladi, natijada bu sohada katta foyda ko’rish deyarli imkonsiz ishga aylanib qoladi.
— O’zbekistonlik bookblogerlar uchun blog yuritish quruq hobbimi yoki bundan pul topish niyat ham bormi?
- Boya ta’kidlaganimdek, bookblogerlar asosan yaxshi va sifatli kontentni iloji boricha eng minimal xarajat hisobiga yaratadilar. Bizda chet eldagi kabi ko’mak berib turadigan turli xil fondlar va xayriya jamg’armalari ko’p emas. Shu sababdan, bookblogerlarning asosiy qismi uchun bu shunchaki yaxshi bir xobbi hisoblanadi. Mashhur bookblogerlarda pul topish imkoniyatlari ham bor, lekin bu ham ancha chegaralangan.
Misol uchun, o’zim shu paytga qadar kanal yuritish orqali bir so’m ham ishlamaganman. Pullik reklama ham qo’ymaganman. Lekin hamkorlikka tayyor kitob nashriyotlari tez-tez kitoblar sovg’a qilib turishadi yoki uchrashuvlarga taklif qilishadi. Bu ham bir tomondan bookblogerlikning ijobiy tarafi.
Qani edi kim xohlamaydi deysiz, kishi o’zi sevgan mashg’ulotini qilsa va bu orqali pul ishlasa? Lekin baxtga qarshi, bugungi kunda O’zbekiston sharoitida Youtube yoki Tik-tokda bookblog yuritish orqali monetizatsiyaga erishish fantastik orzudan boshqa narsa emas deb o’ylayman. Afsuski, sizning kitoblar haqidagi videoyizdan ko’ra, be’mani va bachkana videolar yuz barobar ko’proq auditoriya to’playdi.
— Bukblogerlar qanaqa loyihalar qilishyapti, sir emasdir, nega nashriyotlar bilan hamkorlik qilishmayapti, nega nashriyotlarga chiqishmayaptimi (yo chiqishyaptimi?)
- Sir emas, dekabr oyida bir necha loyihalar, uchrashuvlar tashkillashtirishni reja qilganmiz. Bookblogerlar o’ziga xos do’stona jamiyatini qurish ustida ishlayapmiz. Ochig’i. shaxsan o’zim bookbloger boshqa media sohasi vakillaridan sira qolishmaydigan yuqori darajaga chiqishini istayman. Boshqa platformalarda ham faol bo’lishga va yangi chaqiriqlarni qabul qilishga tayyormiz deb hisoblayman.
Biz, bookblogerlar hamkorlikka doimo tayyormiz, albatta. Nashriyotlar bilan ham munosabatlar yaxshi. Bir qator yetakchi nashriyotlar allaqachon zamon nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda, bookblogerlarni yaqin hamkorlikka chaqirib keladi. Ular muntazam aloqaga chiqishadi, yangi kitoblardan sovg’a qilishadi. Bu tarafidan shaxsan o’zim mamnunman. Kelajakda bu munosabatlar yanada rivojlanishiga umid qilaman.