Faktcheking: Urush paytida feyk xabarlar qurboni bo'lma!
yoxud ijtimoiy tarmoqlardagi yangiliklarni qanday o'qish kerakligi haqida ma'lumotnoma
1. O'zingiz ishonadigan manbalarni aniqlang.
Yangiliklarni anchadan beri kuzatib boradigan odamda sifatli OAVlarning doimiy ro'yxati mavjud bo'ladi. Ammo mabodo siz yaqindan boshlab yangiliklarni o'qishni boshlagan bo'lsangiz, unda siz bu ishni noldan boshlashingizga to'g'ri keladi. Umuman olganda, bu maqola istalgan kishiga qanday qilib feykni haqiqatdan ajratib olishga yordam berishga mo'ljallangan.
Bunda quyidagi savollarga e'tibor berish kerak: Birinchidan, OAVga kim egalik qiladi? Blog yoki telegram kanallarni kim yuritadi? Anonim kanallarga ko'p ham ishonmang. Kontentni kim yaratayotganini bilmasak, uning motivatsiyasi, maqsadi va vazifalari nima ekanligini bila olmaymiz. Anonim bloglar mualliflari o'z so'zlari uchun javobgarlikni zimmasiga olmaydi va tez-tez feyk tarqatib turadi.
Ikkinchidan, siz qaysi tilda ma'lumot olasiz? Imkon qadar, xorijiy tillarda ham ma'lumot olishni o'rganing. Agar OAV o'zida nafratni targ'ib qilsa, bu ham yaxshi emas. Negaki professional jurnalistika axborotni neytral tarzda taqdim etishi lozim. "Fashist", "natsist", "xoxol" va shunga o'xshash so'zlar o'quvchini manipulyatsiya qilishga urinishdan dalolatdir. "Neonatsistlar tor-mor etildi!" kabi sarlavhali, zo'ravonlikka chaqiradigan postlarga ham ishonmang. Sababi, bunday chaqiriqlarda xolislik bo'lmaydi.
OAV muntazam sizning his-tuyg'ularingizga murojaat qilyaptimi? Faktsiz, faqatgina hissiyotga qaratilgan materiallarga shubha bilan munosabatda bo'lish kerak. Albatta, urush paytida hotirjam bo'lish qiyin, ammo haddan tashqari emotsionallik ham xabarni xolis yetib borishiga to'sqinlik qiladi.
2. Qaysi OAVlarni o'qish kerak: davlatniki yoki mustaqilmi?
Urush paytida siz urushayotgan davlat OAVlari tarqatayotgan ma'lumotlarga, ayniqsa, ehtiyot bo'lishingiz kerak. Masalan, RT saytida Rossiya tomoni urushda yutgani haqidagi xabarni o'qidingiz. Bilasiz, RT nashri bevosita Rossiya hukumati tomonidan nazorat qilinadi. Shuning uchun ushbu ma'lumotni tekshirishga harakat qiling: ma'lumotlarni internet qidiruv tarmog'iga bering va boshqa manbalar bu haqda nima yozganini ko'ring. Bitta va bir xil yangiliklar odatda turli OAVda yoritiladi. Agar ulardagi ma'lumotlar bir-biridan keskin farq qilsa, demak bu yangilikka tanqidiy yondoshish mumkin. Agar, masalan, faqat RT yoki boshqa davlat OAVlari biron bir voqea haqida yozsayu, boshqa nashrlar bu yangilikni umuman eslamasa, bunday ma'lumotlardan ham ehtiyot bo'lish kerak. Bu juda shubhali.
Nega odamlar urush paytida feykni faolroq tarqata boshlaydilar? Chunki bunday davrda "Konkord effekti" (inson miyasida o'tmishdagi xatti-harakatlarga tayanadigan kognitiv buzilish) yanada sezilarliroq bo'ladi. Misol uchun, agar biror kishi ilgari "rus dunyosi", Donbassni qutqarish g'oyasini qo'llab-quvvatlagan, ruslarni Ukrainada xafa qilishayapti deb o'ylagan bo'lsa, u holda Rossiyaning Ukrainaga hujumidan keyin ham uning o'z fikridan voz kechishi qiyin bo'ladi. Va bu qanchalik uzoq davom etsa, u bu fikrni shunchalik tajovuzkorlik bilan himoya qilishga majbur bo'ladi.
(muallif. Konkord effekti - Angliya va Frantsiya tarafidan moliyalashtirilgan tovushdan tez uchuvchi samolyot Konkord sharafiga nomlangan. Investorlar moliyaviy nuqtai nazardan ularning investitsiyalari o'zini oqlamasligini anglaganlaridan keyin ham samolyotni ishlab chiqarishda davom etganlar, chunki allaqachon bu ishga ko'p sarmoya kiritib qo'yishgandi).
Insonning bahsda mavqei qanchalik zaif bo'lsa, u shunchalik ko'p bahona izlaydi. Agar biror kishi atrofdagilarning hammasi "Urushga yo'q" deyotganini ko'rsa, u tobora balandroq ovoz bilan "o'zingiz aybdorsiz!" deb baqiradi. Tanqidiy fikrlash ish bermasligi sababli, odam yolg'on xabarlarga moyilligi oshadi. Kishi qanchalik ko'proq burchakka tiqilib qolsa, u o'z fikrini oqlash uchun shunchalik ko'p bema'ni faktlarni tarqatishga tayyor bo'ladi.
Esda tutish kerak: ba'zi yangiliklar deyarli hamma joyda tarqatilgan bo'lsa ham, bu ma'lumotning ishonchliligini anglatmaydi. Agar sizning 150 ta do'stingiz biror xabarni o'z sahifasida qayta joylashtirgan bo'lsa, bu haqiqat degani emas. Siz avvalo yangilikning ilk manbasini aniqlab olishingiz shart, so'ngra undan mustaqil bo'lgan boshqa manbalarni topib, ular bu haqda nima yozganlarini taqqoslashingiz lozim.
3. Yangilik va da'volarni sog'lom fikr va ma'lumotlar bilan sinab ko'ring.
Yangiliklarni yolg'onligini bilish uchun ba'zan ularni shunchaki aql-idrok chig'iridan o'tkazish kifoya. Misol, 2014 yilning asosiy feyklaridan biri – “Birinchi kanal”ning "maydonda o'ldirilgan bola" haqidagi syujeti edi. Rostovlik jurnalist Yuliya Chumakova, o'shanda Slavyansk shahrini egallab olgan ukrainalik harbiylar tomonidan maydonda bitta bolakay qatl qilingani haqida yozadi. Ushbu material soxta ekanligini tushunish uchun mintaqa yoki siyosiy vaziyat haqida hech qanday maxsus bilim talab qilinmaydi. Negaki shaharning bosh maydonida olomon ko'z o'ngida bo'lib o'tgani iddao qilingan voqeani hech kim ko'rmagan, tasvirga olmagan yoki tasdiqlay olmaydi. Demak, material sog'lom fikr sinovidan o'ta olmadi. Odatda eng mashhur feyklar - bolalar, sog'liq, erkinlikka nisbatan tahdidlar bilan bog'liq bo'ladi va shuning uchun ham tezroq tarqaladi.
Faktlarni tekshirishning asosiy jarayonini qanday bo'ladi? Keling buni bilish uchun, quyidagi mashqni mustaqil bajarib ko'ramiz:
Biror yangilikni tanlab oling, uni diqqat bilan o'qib chiqing, undagi kalit so'zlarni tanlang va ularni internet qidiruv tarmog'iga joylashtiring. Keyin ularga "feyk (fake)" yoki "mish-mish (rumor)" so'zlarini qo'shing va natijani ko'ring. Agar bu rostanam soxta yoki mish-mish xabar bo'lsa, qoida tariqasida, bu ma'lumot boshqa nashrlar yoki faktlarni tekshiruvdan o'tkazadigan maxsus saytlar tomonidan rad etilgan bo'lib chiqadi. Agar siz ingliz tilini yaxshi bilsangiz, shu tilda ham xuddi shu amaliyotni bajaring va inglizcha OAV nima yozayotganini ko'zdan kechiring.
4. Ma'lumotlarni fikrdan, shaxsiy fikrni esa ekspert xulosasidan farqlash.
Urush davrida ko'proq publitsistlar kolonkasini emas, balki voqea joyidagi muxbirlar nimani yetkazayotganini tomosha qilishga va o'qishga harakat qiling. Qandaydir "insayder ma'lumotlariga" ishonmang. Har xil vahimali ogohlantirishlar, “ertaga mutlaqo hamma narsa bloklanishi” to'g'risidagi pochta xabarlari yoki "8 yil oldin qayerda edingiz?" nomli sarlavha bilan Donbassda o'ldirilgan bolalar ro'yxati berilgan maqolalar oldingizdan chiqsa, bilingki, bu odatda feyk yoki manipulyatsion xabarlar sanaladi. Birinchi navbatda o'zingiz tajribasi va bilimi uchun hurmat qiladigan odamlarni o'qing yoki tinglang. Shou-biznes yulduzlarining ijtimoiy tarmoqdagi postlarini analitik prognoz va ishonchli ma'lumot sifatida emas, balki shunchaki oddiy insonning shaxsiy pozitsiyasi sifatida qabul qiling.
5. Mantiqiy xatolar va kognitiv buzilishlarni sezishni o'rganing.
Keling, targ'ibot (agitatsiya va propaganda)ning asosiy mexanizmlarini tavsiflab o'tsak:
- "Biz" - "Ular"
Dushman obrazini yaratish tashviqotda eng ko'p qo'llaniladigan manipulyatsion metodlardan biridir. Shu bilan birga, "biz" ko'pincha noaniq bo'lib qolsa, "Ular" esa bizga eng salbiy nuqtadan taqdim etiladi va hamisha "ular" barcha muammolar uchun aybdor hisoblanishadi.
- “Ideallashtirish”
Mamlakatning o'ziga xosligi, o'ziga xos yo'li va tarixdagi beqiyos o'rni haqida gapirish orqali har qanday jinoyatni oqlash mumkin. Vatanni sevish yaxshi, lekin idealizatsiya ko'pincha jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qilish uchun ishlatiladi. Ba'zida, tanqidga duch kelgan odam, boshqalar salbiy baxolagan narsalarni ham ijobiy deb hisoblay boshlaydi. Misol uchun, XIX asrda Rossiya sanoat inqilobi jihatidan G'arbiy Yevropaga nisbatan qoloq edi. Lekin bunda ham turli xil afzalliklarni topish mumkin ekan – “to'g'ri, inqilob yo'q edi, lekin hamma Xudoga ishonardi, ruslarning milliy ruhi bor edi” qabilida.
- “Umumlashtirish”
"Hamma" so'zi bilan boshlanadigan har qanday bayonotlar aslida normal insonni tashvishga solishi kerak. Hech kim hamma nomidan gapira olmaydi, shuning uchun "butun o'zbek xalqi / haqiqiy vatanparvarlar shunday qilishi kerak..." iboralari maqsadli manipulyatsiya hisoblanadi.
- “Nashrning hissiy elementlariga, masalan, tasvirlariga e'tibor bering”
Agar siz o'qiyotgan maqola yoki xabarga ilova qilingan fotodagi qahramon karikatura qilingan bo'lsa, bundan ham ko'zlangan maqsad bor. Aksariyat hollarda shundayin demotivatsiya chindan ham, o'sha insonning ahmoq ekani va noto'g'ri qarorlar qabul qilganini anglatmaydi. Shuning uchun faqat faktlarga tayanishga o'rganing.