"Guava oroli" filmiga review
Sevgi bu - musiqa, musiqa esa bu ozodlik!
Flashback
Hammamizga ma'lumki, bo'lib o'tayotgan kutilmagan pandemiya ishlarimizni chappasidan aylantirib yubordi. Ustiga-ustak, karantin rejimida ancha-muncha asabiylashdik. Biroz tushkunlikka ham tushib oldik. Bu narsadan qutulishga yaxshi bir musiqalari yaxshi bo'lgan kinofilm tomosha qilish davo bo'ladi degan qarorga keldim.
Nima ko'rsam ekan deb o'tirgandim, internetda "Guava oroli" degan film haqida va unda Rianna bilan Childish Gambino rol ijro etganini ko'rib qoldim. Qiziqib ko'raychi degan fikr bilan bir pasda tomosha qilib ham bo'ldim. Ochig'i yaqin orada ko'rgan eng yaxshi romantik filmim (myuziklga yaqin film) aynan mana shu bo'ldi.
Syujet
Film syujetiga ko'ra oddiy tuzilgan. Unda zolim podshoh, mazlum xalq, ikkita oddiy sevishgan aks ettirilgan. Bunday an'anaviy shakl-shamoyilga qaramasdan film bu sahnalar juda ishonarli chiqqan.
Menimcha, yaqin orada ko'rgan eng yaxshi romantik filmim aynan mana shu bo'ldi.
Xullas, Guava orolida Deni (Childish Gambino) ismli musiqachi yigit va Kofi (Rihanna) ismli ishchi-qiz yashashadi. Ular juda oddiy yashashadi, lekin birgalikda baxtli kelajakni orzular qilishadi.
Filmning asosiy mohiyati shundan iboratki, musiqachi Deni o'z tug'ilib o'sgan shahrida katta bir musiqiy festival tashkil qilishni, unda barcha hamshahararlari mazza qilib o'ynab-kulishini xohlaydi. Lekin bu g'oya shaharning xo'jayini, ayni paytda eng yirik sanoatchi Nonso Anosiga yoqmaydi, chunki u festival deb odamlarning qo'shimcha ish kunini o'tkazib yuborishlarini xohlamaydi.
Aftidan, syujetda biron bir to'qnashuv yoki biron bir keskinlik bo'lmaydi, oxiridagi otishmani hisobga olmaganda albatta, har bir qahramon o'z tanlagan yo'li qurboni bo'ladi.
Aktyorlar
Albatta bu yerda asosiy ikkita qahramon bor, bular Deni va Kofi. Deni obrazini aktyor va musiqachi Childish Gambino maromiga yetkazib ijro etib bergan. U gitarani qo'ltiqlagancha shahar bo'ylab yugurish sahnasi yoki dengiz bo'yida sevgilisi Kofi bilan raqsga tushgan joylarini qayta-qayta ko'rsa arziydi. Menimcha undagi xarizma va quvnoqlik filmni juda ochib bergan.
Kofi rolida namoyon bo'lgan Rianna esa aksincha, ko'pchilik kutgandek bu filmda katta hajmdagi ishni bajarmaydi. Bu, albatta, uni yerga urish deya hisoblanmasligi kerak, shunchaki undan ko'p narsa kutib yuborgandirman. Ammo uning filmda ayniqsa so'nggi sahnadagi uning obrazi juda ta'sirli chiqqan.
Mazmun-mohiyat
Filmda agar insonlar o'zlari birlashib ularga zulm qilayotgan zolim hukmdorga qarshi chiqishsa, ularni to'xtatib bo'lmasligini tushunishadi. Yaxshilik doimo yovuzlik ustidan g'olib chiqishi chiroyli bir ko'rinishini ushbu film orqali ko'rishimiz mumkin.
Guava orolida Deni (Childish Gambino) ismli musiqachi va Kofi (Rihanna) ismli ishchi-qiz yashashadi. Ular juda baxtli lekin katta orzularga ega.
Umuman olganda, 57 minut davom etgan filmda eng mazza qilgan joylarim - bu undagi ajoyib soundtreklar yangragan vaqtlar bo'ldi. Ular filmning boshidan oxirigacha ko'plab vaqtda davom etadi va odamni madaniy hordiq olishiga katta yordam beradi.
Xulosa
Men bu filmni tomosha qilib, aniqrog'i, tinglab zavq oldim. Rihanna va Childish Gambino esa odamni sira zeriktirmaydigan ajoyib tandemni yaratishganiga guvoh bo'ldim.
Taqriz film kabi qisqa bo'ldi, chunki bu yerda so'zlar emas, undagi musiqa orqali filmni mohiyatini to'liqroq ochib berilgan.
Ko'rishni qa'iy tavsiya qilaman!
@boredpandablog