Review
May 23, 2020

"Ilhaq" filmiga review

Jahon urushidagi kichik taqdirlar qismati haqida film

"ILHAQ"
Jahon urushidagi kichik taqdirlar qismati haqida film

Rejissor: Jahongir Ahmedov
Yili: 2020

Flashback
Odatda o'zbek filmlari haqida review yozmayman. Biroq bu safar istisno qilaman. Chunki film urush haqida va juda katta reklama kampaniyasiga ega bo'ldi. Bayram arafasida efirga berilgan bu film menga ba'zi narsalarni eslatdi.

Syujet
Garchi film 5 ta o'g'lini urushga jo'natgan Zulfi ena va uning oilasi atrofida aylansa ham bu filmda Vatanimizdagi barcha oilalar tasvirlangan. Urush oldidan juda baxtli va tinch yashayotgan bu oila urush vaqtida birin ketin aka-ukalar urushga jo'nashadi. Va ularning barchasi urushda fojeali tarzda halok bo'ladilar. Bu orada qishloqda ham vaziyat yomonlashib, kun ko'rish qiyinlashib boradi.
Filmda beva xotinlarning o'z erlarini vafo bilan kutishgani yorqin tasvirlangan. Zulfi ona esa o'z o'gillarini ilhaqlik ila kutishda davom etadi. Kenja o'g'lining qabridan olib kelingan tuproqni qo'liga olganda esa o'z jonini topshiradi.

Mazmuni
Urush bizdan uzoqda kechgan bo'lsa-da bu jahon urushi edi va undan chetda tura olmasdik. Bu yerda farzandlarini mard qilib tarbiya etgan Zulfi onalar o'z jigarporalarini jangga jo'natishdan boshqa choralari bo'lmagan. Urushga ketgan erlarini sodiq kutgan xotinlar ular o'rnida dalada mehant qilganlar. Biz mehr va razolat, ezgulik va yovuzlik, yaxshilik va yomonlik, jasurlik va qo'rqoqlik to'qnashuviga guvoh bo'lamiz. Afsuski, hamma ham bu sinovdan amrdlarcha o'ta olmaydi.

Ramzlar
Zulfi ona β€” filmning birlashtiruvchi qismi, o'g'illarini intizor kutuvchi onalar timsoli.
Chori β€” qora xat tashuvchi bu kar soqov yigit oqko'ngillik timsoli.

Yutuqlari
Operatorlik ishi β€” bir kadrda (uzmasdan) olingan sahnalar o'zbek filmi uchun yangilik. Urush sahnalari uchun juda mos biz buni "1917" filmida ko'rgandik. Ba'zi sahnalarda 5 o'g'il va ona birgalikda yirik planda chiroyli ko'ringan.
Aktyorlik ishi β€” Zulfi ona rolini ijro etgan aktrisa juda ishonarli rol ijro etgan. Umuman asarda yangi aktyorlar jamoasi bo'lsa ham, ular o'z ishlarini yaxshi bajarishgan.
Originallik β€” avval men bu oila haqida hech qayerda eshitmagan edim, Ularning jasoratlari haqida kitoblarda ham yozilmagan edi. Bu esa haqiqiy kashfiyot bo'ldi men uchun.

Kamchiliklari
Syujet liniyalari β€” asarda ular 2 ta: urush va uy. Afsuski, biz uzoq vaqt uydagi voqealarni kuzata turib, keyongina urush sahnalariga o'tamiz. Ayniqsa, film boshidi bu juda seziladi.
Bek obrazi β€” men uni ko'rib Said Ahmadning "Ufq" trilogiyasidagi Tursunboyni esladim. Prototip aniq o'sha, ammo bitta savol: nega unda boshida dadasiga urushga borishini aytib turib olgandi? Keyin birdan dezertirga aylandi? Menimcha asar boshida u va Yusuf o'rtasidagi munosabat aniq ochib berilishi kerak edi.

Menga yoqqan sahnalari
Nemis ofitserlarini "Marg'ilonning yo'liga" qo'shig'i bilan kutib olgan Vahobjon sahnasi juda ta'sirli chiqqan. Yaqinda bildikki, aslida bu ashula g'amgin ma'noda yozilgan bo'lib qatag'on qilinganlarga bag'ishlangan ekan. Shuning uchun qo'shiq ohangi sahnaga mos tushadi.
Zulfi onaning yig'lagan sahnalari odamni to'lqinlantiradi.

Yakun
Asarning o'z tempi bor. juda sekin ham juda tez ham emas. Bir vaqtning o'zida qayg'uga soladi va o'ylantiradi. Asardagi qahramonlar o'z jasoratlari va matonati bilan cheksiz hurmat - ehtiromga arziydi.

O'ylaymanki, yoshlarimiz o'zlarining yana bitta buyuk tarixiy ajdodlari taqdiri haqida yaxshi bilib olishdi. Buni hamisha yodda tutish kerak. Film qayta-qayta ko'rsa bo'ladigan o'zbek klassikasiga aylanadi degan umiddaman.

@boredpandablog