Review
May 23, 2020

"Buyuk Getsbi" filmiga review

"Getsbi yashil fonarga, har yili undan uzoqlashib boradigan baxtli kelajagiga ishonardi".

Flashback

Va'daga vafo, talablarga binoan, ushbu film haqida taqriz yozdim. Film biroz eski. (2013-yil) Motiv bo'lmish "Buyuk Getsbi" (F.S.Fitzjerald) kitobi esa undanam eski, 1925-yilda yozilgan.

Mazmuni

Film yoshlik payti go'zal va boy qizga oshiq bo'lgan kambag'al, ustiga ustak urushga ketayotgan oddiy yigit haqida. 5 yil o'tib urushdan qaytgan yigit qarasaki, qiz o'ziga o'xshash boy yigitga turmushga chiqqan. Klassik syujet. Ammo eng qizig'i shundan keyin boshlanadi.

Getsbi o'z hayotini san'atga, qayg'uli yakun topgan teatr tomoshasiga aylantirdi. U o'spirinlik chog'idagi hayotidan voz kechdi va yangi - Jey Getsbini o'ylab topdi. Deyzi (sevgan qizi), ehtimol u Deyziga oshiq bo'lgan bo'lsa ham, u hali ham o'zi yaratgan baxtli kelajak ramzi bo'lgan yashil chiroqni juda yaxshi ko'rar edi. U orzu qilgan hayot shunchalik romantik va mukammal ediki, har safar yaqin keldim deganda, bu kelajak yana oldinga qochardi. Biroq Getsbi hayotidagi bir achchiq haqiqat shunda ediki, Deyzi uning orzulariga hech qachon tushunmagan, chunki inson o'z tasavvurining tubida saqlagan go'zal narsalar doim ham real hayotga to'g'ri kelmaydi.

Getsbi timsoli

Getsbi hayotining ma'nosi menga umid, kutish timsolidek ko'rinadi. Filmni ko'rayotib ba'zan xayolan men Jeyning oldiga borib, uning qo'lini qattiq siqib qo'yishni istardim. U meni juda ajablantirardi, hamma narsaga o'zi erishgan favqulodda odam, yana qaysi odam ham "bir kun Deyzi kelib qolar" degan umidda atigi bir mehmon tashrifi uchun har yakshanba kuni uyida butun Nyu-York shahriga bazm uyushtirishi mumkin edi?! Getsbi - mo'jizalarga ishonadigan boladek yashardi, uning fikrlari johil jamiyat qutqusidan zaharlanmagandi.

Hayotda ba'zi davrlar borki, barcha o'sha davrlarni ortga qaytargisi keladi. Biroq buning iloji yo'q. Getsbi ham o'z sevgilisini ortga, o'sha shirin damlarga qaytarmoqchi bo'ladi. Buning esa imkoni yo'q, u zamonlar o'tib ketgandi. Qiz yangi, aniqrog'i o'zining eski kibor hayotidan hech qachon ayrilgisi kelmasdi. Getsbi asli ana shu uchun ham boy va qudratli bo'lishni xohlardi. Qing'ir yo'llar bilan bo'lsa ham.

Filmdagi asosiy nuqtalar

Kinoning kulminatsion nuqtasi - bu asli avtohalokat emas, undan sal oldinroq mehmonxonadagi suhbatdir. "Deyzi seni sevmaydi, u yaqingacha seni tirikligingni bilmasdi ham. U meni sevadi" deganda Tom Byukenen haq edi. "Sen Getsbi hech qachon bizlarga teng kelmaysan, sendagi bu ko'rinish faqat fasad" deganda ham u haq edi. Getsbi sevgisining ko'zi ko'r edi, bu kabi sevgini Deyzining dugonasi ta'biri bilan aytganda:

"Oshiq yigitning sevgilisiga bunday boqishini har qanday qiz orzu qilardi." Deyzi esa bunga arzimasdi... afsuski.

Getsbining o'ldirilish sahnasi aslida avfdir. O'rta asrlarda, odam qiynoqqa duchor bo'lganida, azob chekmaslik uchun uni o'ldirish rahm-shafqat deb hisoblangan. Getsbining hayotidagi eng katta umidsizlikdan bir necha soniya oldin otilgan o'q asrab qoldi. U hayotining oxirgi lahzasigacha, jiringlayotgan telefon qo'ng'irog'i Deyzidan kelyapti deb o'ylardi. Agar u emasligini bilib qolganida, unda uning hayoti va orzulari o'z ma'nosini yo'qotardi.

"Bu saroy va undagi hamma narsa dekoratsiya, Getsbi esa mavjud emas..." - bu fojeali, ammo go'zal haqiqat. U o'z orzularida yashagan buyuk xilqat, u Buyuk Getsbi...

@boredpandablog