Review
October 12, 2020

“Malena” filmiga review

“Eng go’zal ayolning mash’um taqdiri” yoxud “Malena” filmiga review

Malena – inson deya atalmish mavjudotning yaxshi va yomon xislatlariga qaratilgan ko’zgu misol bir kinofilm deb o’ylayman. Qachondir filmni tomosha qilib o’zingiz ham bu fikri ojizimga qo’shilasiz degan umiddaman.

Flashback

Men bu kinofilmni ko’rayotgan paytimda, Telegram messenjerimga bir necha kanallardan o’z ayoliga bolasining axlatini majburlab yedirgan erkak va yana bir nomusi toptalgan qiz haqidagi videolar yetib kelgandi. Shuningdek, hali ko’pchilik tomonidan muhokama qilinayotgan ba’zi mavzular, ya’ni ayollarimizni oqsochlikka va Koreyadagi turmushga tayyorlash markazlari haqidagi xabarlar trendda turgan edi. Shuning uchunmi bu filmni boshqacha ishtiyoq va qiziqish bilan tomosha qildim.

Bu film erkaklarning jirkanch shahvoniy xirslari va odamiylikning eng tuban illatlari haqida so’z yuritishini bilgach esa, bira to’la asarni ko’rib bo’lgach, unga kichik bir taqriz yozishga jazm qildim.

U haqida har xil bo’hton, uydirma va behayo g’iybatlar tarqatilishi to’xtamagani sababli hech bir oila bu beva ayolni o’ziga kelin qilishni istamasdi. Xullas, u o’z chiroyi qurboniga aylanadi, undan hamma yuz o’giradi, uning na dugonasi, na yaqinlari bor edi.

Shuni alohida ta’kidlab o’tishni maqsadga muvofiq deb hisoblardimki, ushbu tilga olingan kinoasarni tomosha qilish 18 yoshga to’lmaganlarga va ma’naviyatmenlarga qat’iy ravishda tavsiya etilmaydi.

Syujet haqida qisqacha

Film kichik bir shaharda yashaydigan sohibjamol juvonning achchiq taqdiri haqida hikoya qiladi. Bosh qahramon – Malena, juda go’zal ayol, unga shaharchadagi barcha erkaklar oshiq desa ham bo’ladi, u ko’chadan o’tganda barchaning nigohi unga qaratilardi. Xullas, hammaning orzusidagi ayol edi u. Boshqa ayollar esa undan ochiqchasiga nafratlanishardi. Buning bariga albatta, uning sohibjamolligi sabab edi. Shunga qaramasdan bu ko’hlik ayol erga tekkan, tartibli va sipo kiyinadigan oddiygina ayol bo’lib, filmda u 13 yoshli Renato ismli o’smir nigohlari orqali bizga namoyish etiladi.

sevgi – bu bizga berilgan juda muqaddas va sof tuyg’u, uni saqlab qolish, bu demakki, buyuk va kuchli inson bo’lmoq deganidir.

Film voqealari 1941- yillarda Italiyada ayni Ikkinchi jahon urushi arafasida bo’lib o’tadi. Boshqa erkaklar kabi uning eri ham urushga jo’naydi va undan biroz o’tib uning jangda vafot etgani haqida xabar keladi. Shaharcha bombardimoni paytida esa ayolning otasi ham vafot etgach, Malena birdaniga uysiz, ishsiz, umuman bir so’m pulsiz qoladi. Shu yerda yashovchi erkaklar unga biror ish taklif etishdan hayiqishardi, chunki ularning xotinlari Malenaning o’z turmush o’rtog’i bilan bir joyda ishlashini umuman xohlashmasdi. U haqida har xil bo’hton, uydirma va behayo g’iybatlar tarqatilishi to’xtamagani sababli hech bir oila bu beva ayolni o’ziga kelin qilishni istamasdi. Xullas, u o’z chiroyi qurboniga aylanadi, undan hamma yuz o’giradi, uning na dugonasi, na yaqinlari bor edi. U odamlarga yordam so’rab murojaat qilganida jamiyat unga ko’mak berishdan bosh tortadi. Uning aybi onasi uni chiroyli tuqqani edi, xolos.

Uni ayblamayman ham, oqlamayman ham. Bu ishni filmni tomosha qilgan har bir muxlisning o’ziga qoldirishni ma’qul ko’raman. Chunki hamisha ham bizda tanlov uchun yetarlicha vaqt va imkon bo’lavermaydi.

Ha, u bir bo’lak nonga zor qolganida, unga yordam qo’lini cho’zishga tayyor erkaklar ham topilardi. Bu “beminnat” ishlar ortida boshqa narsa yotardi. Ular bu yordam evaziga o’z jirkanch shahvoniy nafsini qondirishni maqsad qilishgandi. Chorasiz, o’ta yolg’iz va och ayolda, buning ustiga urush vaqtida Malenada boshqa iloj ham qolmagandi. Bu menga yaqinda biz tomosha qilgan “Ilhaq” filmidagi rais berayotgan oziq-ovqatdan yordami evaziga unga o’ynash bo’lgan ayol qismatini eslatib yubordi. Malenaning holati u bilan teng va hatto undanda yomon desam hech bir mubolag’a bo’lmaydi.

U odamlarga yordam so’rab murojaat qilganida jamiyat unga ko’mak berishdan bosh tortadi. Uning aybi onasi uni chiroyli tuqqani edi, xolos.

Filmdagi eng kulminatison vaziyatlari haqida

Vaqt o’tib, urush tugashi bilan shahar ayollari bu fohishani badarg’a qilishga va undan qasos olishga qaror qilishadi. Menga, ayniqsa, Malenaning shaharcha o’rtasidagi maydonga olib chiqilib, ayollar tomonidan ayovsiz tepkilanishi va sochlari kesilib, unga bo’lgan odamlar nafrati namoyon bo’lgan sahnasi qattiq ta’sir qildi. Ha, u ham aybsiz farishta emas, lekin aynan mana shu odamlar uning shu holatga tushishini kutib turishmaganmidi? Birorta erkak, Malena ko’chada o’tganda so’laklarini oqizib qarab turgan o’sha erkaklardan birortasi borib, bechora bevani bir guruh telbanamo ayollar “samosud”idan ajratib olishga harakat qilmadi, hatto. Chunki ular bu ayolni chindan sevishmasdi, ular shunchaki unga shahvoniy xirslarini qondiruvchi buyumdek qarashardi. Malenaning oxirida qilgan hayqirig’i ham buni tasdiqlagandek edi go’yo. Tuhmat va la’natga qolib ketgan boyaqishning baqirib yig'lashdan boshqa chorasi qolmagan desak, ayni haq gapni aytgan bo’lardik.

Shu voqeadan ozgina vaqtdan so’ng, Malena bu la’nati shaharni tark etadi, biroz o’tib esa hamma o’lgan deb yurgan Malenaning eri shaharga kirib keladi. Ayoli shaharni tark etganini eshitib, uning izidan rafiqasini topishga jo’naydi. Film so’ngida Malena shaharga o’z eri bilan qaytib keladi. Shaharda yashovchi olomon er-xotinning shahar markazidan o’tib asta uyi tomon o’tib ketishlarini nafaslarini yutgancha nigohlari bilan kuzatgancha qoladilar.

Film orqali rejissor bizga nima demoqchi bo’lgan edi?

Juzeppe Tornatore “Malena” kartinasida erkakning shakllanishidagi eng samimiy lahza – qarama-qarshi jins vakiliga nisbatan ilk hissiyot uyg‘onishi orqali erkakning shahvoniy muammosini yechishga muvaffaq bo‘ldi degan fikrlar eng ko’p ta’kidlangan fikrlardan biri. Biroq men bunga alohida to’xtalishni lozim topmadim. Aksariyat erkaklar bolalik xotiralariga chuqur kirib qolsalar, o‘zining erkaklik mohiyatiga taʼsir etgan birinchi ayol obrazini xotiradan bemalol chiqarib olishlari mumkin. “Malena”da voqelik va xayolot o‘rtasidagi muvozanat texnikasidan foydalanib, Malena yosh bolaning psixologiyasiga kirib boradi.

Lekin film voqealari so’ngida ayol o’z go’zalligi qurboniga aylanib qoladi. Agar bunday sohibjamolning eri urushda halok bo’lsa va moliyaviy qashshoqlikka uchrasa yon-atrofidagi erkaklar unga nisbatan fohishaga qaragandek qaray boshlashlari haqida rejissor bizni ogoh etadi.

Monika Beluchchi – Malena obrazida

Juzeppe Tornatore “Malena” kartinasida erkakning shakllanishidagi eng samimiy lahza – qarama-qarshi jins vakiliga nisbatan ilk hissiyot uyg‘onishi orqali erkakning shahvoniy muammosini yechishga muvaffaq bo‘ldi

Filmning o’ziga xos bir fishkasini siz, tomoshabin, ilk daqiqalardanoq payqaysiz. Bu ham bo’lsa, mashhur aktrisa Monika Beluchchi (Malena rolida) ning shahar ko’chalaridan sekin-sekin qadam bosib o’tish sahnalari. Rejissor bu metoddan film davomida, shunchaki juda ko’p marotaba foydalanadi. Shu orqali rejissor Malenaga nisbatan insonlardagi munosabatni ko’rsatib bergan desak bo’ladi. Albatta, bu filmda Monika Beluchchi o’zining o’tkir monologlari bilan sizni xursand qilolmasligi mumkin, ammo o’ziga xos ko’zqarashlari va mimikasi bilan bemalol maftun qila oladi.

Qolgan aktyor va aktrisalar ham filmga o’ta mos tanlangan deyishim - bu ular uchun berilgan eng katta maqtov bo’ladi deb hisoblayman.

Xulosa

Film bir qarashda o’ziga xosdek ko’rinmasligi mumkin, bunga o’zim ham qo’shilaman. Ammo unda ko’tarilgan bosh va dolzarb mavzular: ayollar qismati, erkaklarning jirkanch ehtiroslari (shahardagi o’sha advokat va nemis ofitserlari) shu bilan birga buyuk muhabbati (Malenaning eri) ni ko’rishimiz va ular haqida fikr yuritishimiz mumkin.

Men Malenani qilgan hatti-harakatlari ustidan hech qanday hukm chiqarmoqchi emasman. Uni ayblamayman ham, oqlamayman ham. Bu ishni filmni tomosha qilgan har bir muxlisning o’ziga qoldirishni ma’qul ko’raman. Chunki hamisha ham bizda tanlov uchun yetarlicha vaqt va imkon bo’lavermaydi.

Shunga qaramasdan bir narsani to’liq ishonch bilan aytishim mumkinki, sevgi – bu bizga berilgan juda muqaddas va sof tuyg’u, uni saqlab qolish, bu demakki, buyuk va kuchli inson bo’lmoq deganidir.

Birovni ko’ra olmaslik, undan yaxshiroq bo’lgani uchun boshqa odamdan nafratlanish, unga yomonlik tilash esa dunyodagi eng katta gunohlardan biridir. Birovni qiyin ahvolidan foydalanib, undan o’z ehtiyojlarini qondirish bo’lsa, juda jirkanch qilmish deya hisoblayman.

Malena – inson deya atalmish mavjudotning yaxshi va yomon xislatlariga qaratilgan ko’zgu misol bir kinofilm deb o’ylayman. Qachondir filmni tomosha qilib o’zingiz ham bu fikri ojizimga qo’shilasiz degan umiddaman.

@boredpandablog