Review
August 17, 2020

"Mo'jiza" filmiga review

Umid bitgan joyda mo'jiza boshlanajak...

"Mo'jiza" filmidan olgan taassurotlarim

Bugun oyim tavsiyasi bilan turklar tomonidan 2014-yilda suratga olingan "Mo'jiza" deb atalmish bir ajoyib filmni zo'r zavq-shavq bilan tomosha qildim. Shu haqida ikki og'iz so'zlasam degan qarorga keldim.

Janriga ko'ra, real voqealar asosida tasvirga olingan komedi-drama bo'lgan bu turk filmi juda kulgili voqealarga boy. Lekin ayni paytda filmda rejissor juda og'riqli mavzuni ko'tarib chiqadi. Buni ko'rib ko'zingizda yoshingizni ushlab turolmaysiz.

Syujet

Hikoya 60-yillarda dunyodan uzilgan uzoq tog'lardagi qishloqqa xizmat safariga yuborilgan muallimning qishloqqa kelishidan boshlanadi. Muallim sivilizatsiyadan tog'lar sabab uzilib qolgan bu qishloqqa kelganida, shunchaki dahshatga tushadi. Qish qishloqda naq 8 oy davom etardi! Qishloqda hatto oddiy maktab ham, bolalar o'qib ta'lim olishiga yaxshi sharoit ham yo'q edi! Ammo shunchaki jamadonini yig'ishtirib ortga qaytib ketish o'rniga, muallim qolib bolalarga dars berishga, bu gadoytopmas qishloqda bolalar uchun bir chiroyli maktab qurishga qaror qiladi.

O'qituvchining vazifasi - bu qishloq bolalarini yozishga va o'qishga o'rgatish. Ammo filmning tub ma'nosi mening nazarimda umuman muallim yoki maktab haqida emas. Gap shundaki, qishloqlarda oddiy, sodda odamlar yashaydi, muallif bu odamlar haqida alohida-alohida hikoya qilib beradi.

7 ta o'g'lini birin-ketin uylantirishga ahd qilgan Rais buva to'ng'ich o'g'ilalaridan biri Azizdan juda bezovta edi: chunki u nuqsonli bo'lib, birovning yordamisiz na ovqatlana, na cho'mila olardi. Natijada yoshi 30 ga yetgan bo'lsa-da, uni uylantirishga ahd qilishmaydi.

Qolgan o'g'illari bilan voqealar biroz kulgili kechadi. Onasi har safar sovchilikka ketayotganida, ular: "oyijon, menga qo'ng'iroq sochli, moviy ko'zli, go'zal rafiqa olib keling" deyishardi. Onasi esa har safar o'ziga mos qizlarni tanlaydi. Tanlov jarayoni ham juda oddiy: kelin bo'lmish qiz Qur'oni Karimni yoddan bilishi, ovqat qilishni yaxshi egallaganligi va polga tortilgan ip ustidan ravon yurib o'tishi lozim. O'g'illar esa har safar o'z onasining tanloviga ko'nib, taqdirga tan berib yashay boshlardilar.

Kulminatsion nuqta

Bir safar Rais buva yo'lda nogahon bir notanish kishini o'limdan qutqarib qoladi. Hayoti evaziga u kishi Raisga o'z qizini berishga qaror qiladi. Raisning bo'ydoq bo'lgan faqat o'sha nuqsonli Aziz ismli farzandi qolgandi. Rais o'g'lini nuqsonli ekanini qayta-qayta takrorlasa-da, u odam o'z ahdida qat'iy turib oladi. Xullas, Azizga kelin olish uchun uydagilar sovchilikka borishadi.

Sovchilar oldiga chiqqan qiz esa barchani hayratga soladi. U shunchalik go'zal va aqlli ediki, Azizning oyisi nogahon ko'ziga yosh oladi. Bechora va nogiron o'g'liga shunday qiz uchrashidan bir vaqtda o'zida ham xursand, ham xafa bo'lar edi. Lekin bu go'zal kelin hali kuyov bo'lmishning qanday ekanligini to'liq anglab yetmagandi.

Tabiiyki, sohibjamol va nuqsonli inson turmushini ko'pchilik mazax qila boshlaydi, qizni esa o'z qadrini bilmaslikda ayblashadi. Biroq Aziz asta-sekin o'qish va yozishni o'rgana boshlaydi. Undagi yaxshi tomonga o'zgarishlar muallimda umid uyg'ota boshlaydi.

Xulosa

Filmdagi hazillardan zavqlanib, chin yurakdan kulishingiz mumkin, lekin butun kino davomida bir bora bo'lsin ko'zga yosh olasiz. Turklar bizga qardosh xalq bo'lgani uchunmi, ularning taqdiri va kechmishini tushunish osonroq. Og'ir va kuchli film!

Xulosa shuki, hayotda barcha sinovlar uchun beriladigan mukofot o'sha sinovdan matonat ila o'ta olganlargagina atalgandir. Hayotda barchamiz nuqsonlimiz. Mukammal emasmiz. Biroq eng muhimi, qalbimiz nuqsonli bo'lmasin. Har bir ishning o'z hikmati borligini unutmasak bo'ldi.

P/s: Filmni internetda bemalol o'zbek tilida ham topishingiz mumkin.


@boredpandablog