Review
May 23, 2020

"Olg'a" animatsiyasiga review

Sizlarni bilmadimu, men haftaoxiridagi dam olishlarni boshlab yubordim. Yangi film qidira turib mening ikkinchi eng suyukli studiyam (Ghibli dan keyin) Pixar yangi multfilm chiqaribdi. Treylerini ko'rib qiziqib qoldim. Mana bugun sevimli Pixar va Disney kinostudiyalarining yangi mahsuloti bo'lmish "Onward" (Olg'a) multfilmini tomosha qildim.

Rostini aytsam, Pixar doim meni ajablantirgan. Bu safar ham shunday bo'ldi. Shuncha ideyani qayerdan olisharkin)))

Film haqida qisqacha.

Elflar mamlakatida ajoyib va g'aroyib qadimgi sehrgarlik davri tugab, endi ular qulay zamonaviy texnologiyalardan foydalana boshlashgan. Filmda kichik Lightfootlar oilasi haqida hikoya qilinadi. Otasidan erta ayrilgan ikki o'g'il Barli va Ien otadan qolgan sehrli aso yordamida otasini bir kunga hayotga qaytarishga harakat qilishadi. Qadimgi sehr-joduga astoydil ishonadigan Barli va otasini ko'rishga qattiq oshiqqan yosh Ienning sarguzashtlari shu tariqa boshlanadi. Quvnoq va ta'sirli sayohatdan so'ng, Ien tushunib yetadiki, u "omadsiz, noshud" deb o'ylaydigan akasi Barli, aslida uning hayotida ota o'rnida ota bo'lgan ekan. Barli esa o'z navbatida yoshlikda xayrlasha olmay qolgan otasi bilan vidolashib rizolik qilib oladi. Film aka-ukaning o'zaro qardoshligi haqida.

Mazmuni

Multfilm umuman aka-ukachilik va oilaviy rishtalar haqida. Hozirgi zamonda aka-ukalar bir birlaridan uzoqlashib, nizolashib borishadi. Bu esa yaxshi emas. Chunki bir qorindan yumalab tushgan qondoshlar bir-biriga g'amxo'rlim qilmasa, boshqa kim ham qilardi.

Multfilmdan ko'p narsa olsa bo'ladi. Farzandlar tarbiyasida aka-uka bir-birlariga naqadar mehribon bo'lishi kerakligi tasvirlangan.

Xulosa o'rnida film dinamik, quvnoq va oxiri juda ta'sirli, shu bilan birga katta ma'noga ega. Karantin paytida bu multfilmni albatta, tomosha qiling. Umuman aka-uka, opa-singillar bir-birlaringizga mehribonroq bo'ling!
Shuning o'zi katta sehr-jodu!

@boredpandablog