IMHO
March 23, 2022

Mualliflik huquqi Islomda.

23.03.2022

Makkai Mukarramadagi Islom Fiqhi akademiyasi ulamolarining mualliflarning mualliflik huquqlariga oid bayonoti.

“Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Baʼzi paytlarda muallif oʻzining butun umrini bir foydali kitob taʼlif qilishga sarflaydi. Va undan foyda koʻrish uchun nashr qiladi. Shunda boshqa bir odam kelib, haligi kitobdan bir nusxani oladi-da, hozirgi zamonda chiqqan oson vositalar orqali yo chop qiladi, yo suratga oldirib, u ham sota boshlaydi.
Uning sotishi, albatta, muallifning yoʻlini toʻsadi, unga qarshi bir odamga aylantiradi, ana shuning oqibatida haligi odam hech qanday taʼlifga aralashmasdan, zahmatini chekmasdan, birovning mehnati samarasini koʻrishga oʻtadi. Baʼzi birovlar bu kitobni bepul tarqatishlari ham mumkin.

Lekin ana shu bepul tarqatishi bilan uning oʻzi shuhrat qozonadi, shuhrat qozonish yoʻlida esa muallif bechoraning charchagani, horigani, qilgan mehnati, xatti-harakatining hammasini zoyega chiqaradi. Mana shu fikrni ixtiro qiluvchilar haqida ham aytish mumkin. Bunday narsalar boʻlaverganidan keyin ilmli, zakovatli, kitob taʼlif qilishga, ixtiro qilishga qudrati yetadigan odamlarning himmatlari pasayadi.

Chunki ular oʻzlarining mehnatlari samarasini koʻrmaydilar, boshqalar uning mehnatini qoʻlidan yulib, tortib oladilar va oʻzlarining foydasiga ishlatadilar, tijorat qiladilar, muallifning yoʻlini toʻsadilar.

Holbuki, u “tijoratchilar” bu kitobning yoki ixtironing dunyoga kelishida hech narsa sarflaganlari yoʻq, buni xayollariga ham keltirmaganlar. Zamon oʻzgarishi bilan, vaziyatlar ham oʻzgardi, yangi-yangi narsalar chiqarildi, endilikda har kim oʻzining qilgan mehnatining samarasini koʻrishi kerak.

Muallif yoki ixtirochi ham oʻzi taʼlif qilgan asari yoki ixtiro qilgan narsasining haqdori boʻlishi vojibdir. Bu huquq ana shu muallifning sharʼiy mulki hisoblanadi, biror kishi unga tajovuz qilmasligi kerak, uning iznisiz koʻchirmasligi, chop qilmasligi, sotmasligi kerak.

Ana shu narsalarning hammasi – kitob boʻlsin, boshqa boʻlsin, asosan, shariatga toʻgʻri keladigan, zalolatga boshlamaydigan narsalar boʻlishi sharti bilan, albatta. Shuningdek, oʻsha yozilgan narsani nashr qilgan noshir ham muallifning sherigi boʻla olmaydi, u faqat muallif nimaga ahdlashgan boʻlsa, shu ahdga haqli xolos, boshqa narsaga haqqi yoʻq.

Muallifning iznisiz noshir kitobning mazmuniga oʻzgartirish kiritishi mumkin emas yoki biron yerini boshqacha qilishga haqqi yoʻq. Mualliflik huquqi meros boʻlib qoladi, yaʼni muallifning merosxoʻrlariga huquq ham meros boʻlib qoladi.

Ana shu narsalarning hammasi xalqaro shartnomalarda oʻz aksini topgan, mana shu narsalarning hammasini moʻmin-musulmonlar amalga oshirishlari kerak, shariatga xilof ishlarni qilmaslik lozim, bu narsalarning hammasini joyiga qoʻyish vojib hisoblanadi”.

Shayh Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining “Zikr ahlidan soʻrang» kitobidan.

@panda_books