Review
August 17, 2020

"O’zgalar hayoti" filmiga review

Hayotda haqiqat qanchalik yashirin bo’lmasin, bir kun kelib u baribir oshkor bo’ladi

Flashback
Sezgir o'quvchlarim mening anti-utopik janridagi filmlar, kitoblarning katta muxlisi ekanligimni bilasizlar degan umiddaman. Bu film esa o’sha Oruell asarlarida tasvirlangan antiutopiyaning real hayotdagi prototipi, ya'ni ulkan kuzatish va nazorat qilish apparati mavjud bo’lgan bir mash'um (hozirda mavjud bo'lmagan) davlatdagi hayot haqida hikoya qiladi.

U davlat hozir dunyo xaritasidan o’chib ketgan, uning ideyalogiyasi esa allaqachon unutilgan. Topdingiz, gap o'sha mash'um GDR (Germaniya Demokratik Respublikasi) davlati haqida ketmoqda. U yerda soatdek aniq ishlaydigan maxfiy xizmat ishlardi – Shtazi desangiz, ko’plab katta yoshdagi insonlarimiz yaxshi bilishadi. Bu filmni ancha vaqt mening Listimda turdi. Bugun esa nihoyat ko'rishga imkon tug'ildi va astoydil uni tomosha qildim.

Qo'rquvlar mamlakati

“Mutlaq hamma narsani bilib turish!”. Mana shunday qo'rqinchli devizi bor edi ularda. Butun mamlakat bo'ylab 100 mingta hodim va 200 mingta informator! Tasavvur qilaypsizmi?! Ularga umuman farqi yo’q, kimsiz, qayerda yashaysiz, ular hamma-hamma narsadan boxabar bo'lishadi, protokollashtirishadi va o'zlarining papkasiga tikib qo’yishadi. Agar sizning qilmish-harakatlaringizda sal shubha sezilsa, tamom, uyingizga har xil ovoz yozadigan va kuzatadigan mikrofonlarni qo’yish ular uchun umuman muammo emas.

Shu jumladan, Shtazi o'zida juda katta qudrat va yetuk kadrlarga ega tarkibni mujassam qilgan. Ular tiliga o’ta mahkam, hatto ba'zilar faqat ish bilangina band bo'lish maqsadida shaxsiy hayotidan ham voz kechishgan. Ular boshqalarning hayotini kuzatib yashashadi. Butun umr...

Syujet

Shunday kuchli agentlardan biri, shartli nomi H/GW bo'lgan agent, yuqoridan juda maxfiy topshiriq oladi. Unga bitta mashhur aktrisa bilan yashaydigan ssenariynavis dramaturgni kuzatish buyuriladi. Ayniqsa, oddiy teatr sahnalari uchun pyesa yozadigan bu ijodkorning hayotida “antisotsialistik” nimadir topish vazifasi qo’yiladi. Missiyani odatdagidek jiddiy qabul qilgan agent H/GW tezda ishga kirishadi.

“Hamma narsani bilish!”. Mana shunday qo'rqinchli deviz bor edi ularda. 100 mingta hodim va 200 mingta informator! Farqi yo’q, kimsiz qayerda yashaysiz, ular hamma-hamma narsani bilishadi, protokollashtirishadi va papkaga tikib qo’yishadi.

Ammo ish kutilganidan biroz murakkab chiqib qoladi. Ushbu dramaturg og’ziga mahkam, ishlari esa joyida edi. Tez orada bu “missiya” aslida qandaydir bir minstrning o'sha aktrisa bilan qilib yurgan ishqiy romani uchungina kerak ekanligi oshkor bo’lib qoladi. Hozircha beayb bo’lgan bechora dramaturgni “ilintirish” asnosida berilayotgan topshiriqlar asnosida agentning vijdoni uyg’onadi. Nima qilish kerak? Natijada voqealarda keskin burilish yuz beradi.

Filmning asosiy mazmuni

Men filmni ko'rib o'tirarkanman, uning so'ngida bosh qahramon Shtazi agentiga rahmim keldi. Chunki film davomida uning qanday o'zgarib borayotganini his qilib turdim. U men o'ylaganimday ich-ichidan, aslida yaxshi odam ekanligini namoyon eta oldi. U o’zi yashayotgan dunyoda sevgi, haq so’z va haqiqat borligini tushunib yetmoqda edi.

Dramaturg esa darhaqiqat bir qator tahsinga sazovor bo'lgan ishlarni amalga oshirdi. Haqiqat uchun kujrashishda, bu uning ijodi va hatto hayotiga nuqta qo’yilish bilan tugashini bilar esa-da, o’zida jasorat topa oldi. Uning hayoti qil ustida tursa-da, barchasini mardona yengib o’tdi.

U aslida yaxshi odam ekanligini namoyon etdi. U o’zi yashayotgan dunyoda sevgi, haq so’z va haqiqat borligini tushunib yetmoqda edi.

Aktrisa esa o’z karyerasi uchun boshida barcha narsaga tayyor edi. Biroq keyinchalik sadoqat va sevgi uning uchun yolg’on va’dalardan ustunroq ekanligini tushunib yetdi. Kech bo’lsa-da, o’z xatolarini tuzatishga muvaffaq bo’ldi. Uning kechmishi odamni juda ta’sirlantirib yuboradi. Ba'zi sahnalarda ko'zga yosh olish ehtimoli yuqori.

Xulosa

Filmdan 2 ta xulosa kelib chiqadi:

  1. Shtazi kabi qudratli tashkilot umri oxirida (80-yillar oxiri) qandaydir chinovniklarning o’z kayfi-safosi uchun qurolga aylanib qolgani. Agent aslida “buyuk partiya uchun” emas, allaqaysi partistning to’shagini obod qilish uchun umrini sarf etayotganidan hamiyatiga katta putur yetadi. U ataylab o’z ishini paysalga soladi va hatto dramaturgga yordam bera boshlaydi.
  2. Hayotda haqiqat qanchalik yashirin bo’lmasin, bir kun kelib u baribir oshkor bo’ladi degan g'oya ilgari surilgan. Ayniqsa, masala inson hayotiga borib taqalsa. Chunki inson shaxsiy hayoti va uning o’zi muqaddasdir! Haqiqat albatta yuzaga chiqadi. Buni istamaydiganlar juda ko’p bo’lishi mumkin, lekin bir kun yolg’onlar uchun ham tovon to’lamoq aniq.

Film haqiqatda juda ta’sirli chiqqan. Agar siz antiutopik va qo’rquvga to’la davlatga virtual sayohat qilib, unda insonlar qanday yashaganlarini bilmoqchi bo’lsangiz, unda ushbu filmni qat’iy tavsiya qilaman.

P/s: Ha, aytgancha, mening Shtazi haqida sizga aytgan gaplarimni unuting! Har ehtimolga qarshida)

@boredpandablog