"Parazitlar" filmiga review
"Sinflar urushi: Eski konfliktning yangicha talqini" yoxud "Parazitlar" filmi haqida
год 2019
страна Корея Южная
слоган «Найди злоумышленника»
режиссер Пон Джун-хо
рейтинг 8.6
Oskar-2020 g'olibi bo'lgach, menda bu filmga bo'lgan qiziqish ortdi. Chunki men ham ko'pchilik kabi bu filmni ikki karra sovrindor bo'lishini kutmagan edim. Tan olish kerakki, filmni ko'rmasdan oldin yozgan postim to'la obektiv emasdi. Kecha filmni tomosha qildim va unga bo'lgan fikrlarim shakllandi.
Film nima haqida?
Sinflar tengsizligi insoniyatning abadiy muammosi bo'lib qolishi aniq. Film shu haqida. Boylar va kambag'allar o'rtasidagi bunday qarama-qarshilik barcha davr va makonlarda bir xildir. Rejissor Pong Jun Xo filmni "masxarabozsiz komediya" va "yovuzlarsiz tragediya" deb atadi. Filmning asosiy g'oyasi - aldov va zo'ravonlik orqali birovning hisobiga yashash hech qachon baxt keltirmasligini ochib berishdir.
Tasmada ikkita: ota, ona, og'il va qizdan iborat boy va hamma a'zosi ishsiz kambag'al oilalar tasvirlanadi. Bu ikki oila bir-biridan ularning yashash joyi, muhiti, o'zini tutishi, xullas barchasi orqali tubdan farq qiladi. Kambag'al oila "podval"da yashasa, narigi oila ulkan hovlida umr kechiradi. G'arib oila farzandi Kim Vu o'rtog'i yordami va ozroq yolg'on bilan o'sha boy xonadoniga kirib boradi. O'zini ingliz tili repetitori deb tanishtirgan Kim Vu boy xonadon erka qiziga dars bera boshlaydi. Qiz uni sevib qoladi, u esa qizga mos emasligini ich-ichidan sezib turadi. O'zi ishga kirar-kirmas, kenja boyvachcha o'g'ilga rassomchilikdan ustoz kerakligini eshitib, o'z singlisini tiqishtiradi. Tabiiyki, yana aldov bilan uni mohir rassom deb ta'riflaydi. Singlisi ishga kirar-kirmas esa, boyning haydovchisi bo'lgan yigit o'rniga otasini olib kelish rejasini tuzadi. Bir qarashda bu yengil komediyadek ko'rinadi. Ammo nafsi xatalak otgan Kimlar boylarning almashmay qolgan yagona xizmatchisi - "ekonomka"ni ham yo'qotib o'rniga onasini tiqishga urinishadi. Maqsadlariga qabih yo'l bilan erishishadi ham.
Kim Parazit?
Ammo qattiq yopishib olgan va bir umrlik "sog'in sigir"ni topgan bu uyning o'z sirlari bor edi. Boy oila ta'tilga ketganidan foydalanib, Kimlar uyda bazm qilishadi. To'satdan ishdan quvilgan "ekonomka" kelib qolmaguncha. Ayon bo'lishicha, u ham Kimlar kabi "parazit" bo'lib. o'z erini uy podvali tagidagi bunkerda saqlayotgan bo'lib chiqadi. Endi ikkita oila o'z sirlarini saqlab qolish maqsadida o'zaro qirpichoq bo'lishadi. Film so'ngida kichik bir triller sahna bo'lib ham o'tadi. Birdaniga 3 ta , jumladan Kim Vuning singlisi, Boy xonadon egasining o'lim kishini daxshatga soladi.
Ha, Kim Txening kambag'al oilasi bir muncha vaqt boylarning hayotiga kirib borishga qodir bo'lishadi, ammo qanday haq evaziga? Aslingizdan boshqacha kabi ko'rinishga harakat qilganingiz uchun taqdirning to'lovi juda yuqori. Ki Vu avval do'stining beminnat qilgan yordamini moliyaviy ahvolni yaxshilash imkoniyati ilinjida suiste'mol qiladi, unga sovg'a qilingan boylik keltiruvchi tosh esa o'z ma'nosida boshiga kelib tushadi. Epizodlarning birida "bu juda - Metaforik holat" deb aytganda, Kim Vu hali oddiy metafora butun oila uchun nimani anglatishini bilmasdi.
Kamchiliklari
- Shartli ravishda film uch xil bo'lakka: qora komediya, drama, tragediyaga bo'lingan. Ammo - ularning hech biri to'liq emas, ularni boshidan oxirigacha bog'lab turadigan biron bir uslub yo'q.
- Film shunchaki voqeani hikoya qiladi. Xulosa chiqarmaydi, axloq yo'q va rahm-shafqat uyg'otmaydi. Aksincha, u shunchaki tomoshabin uchun bir qator savollarni qo'yadi: ehtiyoj, ijtimoiy mas'uliyat va oilaga g'amxo'rlik, o'zingiz va dunyo haqida yolg'on e'tiqodlar...
- Kutilmaganda kambag'al oila farzandlari geniy bo'lib chiqishi unchalik ham haqiqatga to'g'ri kelmaydi, ota esa umrida mashina tuzuk haydamagan bo'lsa-da, mohir shofyorga aylanadi, ona esa pazandaga. Yana ular o'ta ma'lumotli ziyoli bo'lib bir - biri bilan Morze alifbosida suhbatlashishadi. Uncha-muncha olim tushunmaydigan narsalarga aqli yetadigan geniy kambag'allar shuncha haqiqatdan biroz yiroq.
- Yana bir tomoni filmda boylar juda laqma etib tasvirlanadi. Hech bir boy oila birdaniga 4 ta yangi notanish ishchini bu sur'atda tez ishga olmaydi. Boyning qizi film boshida Kim Vuning do'stini sevadigan qilib tasvirlangandek edi go'yo, ammo film o'rtasida nimagadir Kim Vuni sevib qoladi??? Sababi esa noma'lum qolgan.
- Film oxirida juda ham ko'p qon to'kiladi. Aslida esa bu filmni sal buzib yuborgan menimcha. Rejissor sabr-kosasi tugagan jinni olomonning boylarga qarshi "bunt"ini tasvrilaydi. Xuddi o'sha mashhur "Joker"dagi singari.
- Ko'pchili film ssenariysi jumboqli deb atagandi. Aslida esa film yarmidayoq oxirida nima bo'lishi deyarli ayon bo'ldi. "Ekonomka"ning eri haqiqiy syurpriz bo'lgan esa-da, uning taqdiri ma'lum edi.
Yutuqlari
- kuchli aktyorlik sostav
- chiroyli operatorlik ishi
- o'ziga xos syujet liniyasi
- soundtreklar juda yoqimli
"Parazitlar" nomi savolni tug'diradi: bu kimga tegishli?
Dastlab, bu kambag'al oila deb o'ylaysiz, ularning kambag'alligidan charchaganligi aniq ko'rinadi. Ammo film oxirida bu kambag'al odamlarning "raqiblariga" qanday qarashlarini ko'rish mumkin va boylar ham "farishta" emasligini ko'rib turasiz. Ularning nuqtai nazarlari boshqalar tashvishiga tupurish, faqat o'zlarini o'ylash, kambag'alni odam o'rnida ko'rmaslik va jirkanish holatlari ularning "parazit" jihatlari ekanligi haqiqatga yaqinroq.
Xulosa
Umuman kino o'ziga xos, ish bor joyda kamchilik bo'ladi, kinoda yashirin belgilar, ramzlar juda ko'p qo'llangan. Ammo bitta gapni tan olishim kerakki, aktyorlar guruhi juda kuchli ijro etishgan. Albatta, men Oskarga loyiq emas degan gaplarni qaytarib olaman deb aytmayman. Bundan endi foyda yo'q.
Film haqiqatda kuchli - bu o'tkir ijtimoiy-siyosiy pamflet. Bir bora bo'lsa ham tomosha qilishingizga arziydi. Koreyaliklar shu darajaga chiqqanidan albatta, xursandman. Ularga omad!
@boredpandablog