Книги, которые я тавсую
June 25, 2021

Geopolitika va siyosatshunoslik bo'yicha eng sara 10 ta kitob

25.06.2021

Xalqaro munosabatlar, jahon siyosati sohasiga qiziquvchilar uchun yaxshi qo'llanma bo'ladigan kitoblar topish doimo muammo bo'lib kelgan. Shu sababdan men bugun har qanday diplomat va siyosatshunos uchun stoli ustida doimo turishi kerak bo'lgan 10 ta sara asar ro'yxatini tuzib chiqishga qaror qildim.

Shuni ta'kidlashni istardimki, ushbu ro'yxat mutlaqo mening qarashlarim asosida tuzilgan. Unga kirmay qolgan asarlar aslo quyidagilardan yomonroq ekanligini anglatmaydi. Zero xalqaro munosabatlar bo'yicha eng yaxshi 10 ta kitobni tanlash nihoyatda mushkul vazifa.

1. Zbignev Bjezinskiy — "Buyuk shaxmat doskasi"


AQSh Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi Yevroosiyoning boy manbalarga ega hududlarini buyuk shaxmat taxtasi deb ataydi va XXI asrda kurash aynan ular uchun sodir bo'lishini tahmin qiladi. U AQShning global hukmronligi va uning har bir geosiyosiy raqibiga e'tibor berib, uning geostrategik manfaatlari haqida so'zlaydi. Bjezinskiyning ko'pgina bashoratlari dahshatli darajada aniqlik bilan amalga oshganligini kitobni o'qib e'tirof etish mumkin.

2. Nikolo Makiavelli — "Hukmdor"


Florensiya Uyg'onish davri davlat arbobi Nikolo Makiavellining eng muhim va munozarali asari. Ko'p yillar davomida ushbu kitobni zahar va xanjar siyosati bilan bog'lab kelishardi. Zamonaviy o'quvchiga ushbu esse unchalik shov-shuvli ko'rinmasligi mumkin. Muallifning ko'plab pozitsiyalari o'z-o'zidan tabiiy ravishda qabul qilingandek ko'rinar balki, ammo undagi fikrlar XXI asrda ham o'z dolzarbligini yo'qotmagan.

3. Max Weber — "Политика как призвание и профессия"

Taniqli nemis sotsiologlaridan biri, siyosiy sotsiologiyaning asoschisi Maks Veber dokladi ilk bor 1919-yil yanvarida "Erkin talabalar uyushmasi" a'zolariga o'qib eshittiriladi. Ushbu hisobotda Veber, zamonamizning dolzarb muammolarini haqida obektiv yondoshgan holda, siyosiy faoliyatni tahlil qilishga harakat qiladi. Sotsiolog nafaqat odamlarning siyosatga qatnashish va u bilan shug'ullanishga bo'lgan turli xil yondashuvlarining farqi haqida fikr yuritadi, balki siyosiy boshqaruvning turli xil modellarini shakllantirish, hukmronlik turlari to'g'risida ham ma'lumotlar beradi.

4. Frensis Fukuyama — "Kuchli davlat: XXI asrda boshqaruv va dunyo tartibi"

Mashhur amerikalik faylasuf, sotsiolog va futurist, "Tarixning intihosi va so'nggi odam" nomli bestseller muallifi F.Fukuyama ushbu asarida davlat muammosini ko'rib chiqadi. Kuchli davlat nima? Uning afzalliklari va kamchiliklari nimada? XXI asrda nima uchun kuchli davlat qurish masalasi tobora dolzarb bo'lib qolmoqda? Kitobda shu kabi savollarga javob axtariladi.

5. Aristotel — "Siyosat"

Davlat — Arastu ta'limotiga ko'ra, odamlar o'rtasidagi ittifoqning eng yuqori shakli. Bu etikaning, insonning axloqiy faoliyatining eng yuqori maqsadidir. Faqat jamoat hayotidagina inson o'z maqsadlarini bajarish uchun imkoniyat topadi. Uning fikricha, davlatning asosini oila tashkil etadi. Oilaviy hayot odamlarning tabiatiga ko'ra o'rnatilgan turlariga: misol uchun, er-xotin, ota-ona— farzandlar, xo'jayin — qullar o'rtasida bo'lgan munosabatlariga asoslanadi. Aristotel ushbu va qolgan barcha davlat asoslari haqida o'zining "Siyosat" risolasida batafsil bayon etadi.

6. Xelford Makinder - "Geographical pivot of history"

Ko'pchilik olimlar tomonidan aynan ushbu shaxs tomonidan geosiyosat alohida ilm bo'lib kiritilgani ta'kidlanadi. Ushbu asar 1904-yilda nashr etildi, unda Makinder fanga ilk marotaba "Heartland" tushunchasini kiritdi. Ushbu konsepsiya G'arbiy klassik geosiyosat va geostrategiya rivojlanishining boshlang'ich nuqtasi bo'ldi.

7. Samuel Hantington - "Clash of Civilizations and the Remaking of World Order" (1996)

Sovuq Urushdan keyingi dunyoga bag'ishlangan S.Xantingtonning tarixiy va falsafiy traktati. U sivilizatsiyani odamlarni birlashtiradigan va ularga ma'lum darajada o'ziga xoslikni beradigan eng yuqori madaniy birlik sifatida qaraydi. Muallif fikriga ko'ra, sivilizatsiyaning o'ziga xosligi siyosatda tobora muhim rol o'ynaydi va kelajak dunyo asosan bir necha yirik sivilizatsiyalarning o'zaro ta'siri ostida shakllanadi va shu bilan ular orasidagi farqlarni chuqurlashtiradi.

8. Genri Kissinjer - "Diplomatiya"

Avtor ushbu kitobida 1648-yildagi Vestfaliya shartnomasidan XX asrning oxirigacha bo'lgan davrda davlatlar o'rtasidagi diplomatik munosabatlar tarixini tahlil qilishga intilgan. O'quvchiga "barcha zamon va xalqlarning" bir qator siyosiy arboblari - Rishelyedan tortib bizning zamondoshlarimizgacha taqdim etiladi. Ammo muallif o'zi ishtirok etgan hozirgi zamon voqealariga ko'proq e'tibor qaratishni ham unutmaydi.

9. Barbara Tuckman - "Gun of August"

Bu XX asrning eng muhim tarixiy asarlaridan biri. Pulitser mukofotiga sazovor bo'lgan, qayta-qayta nashr etilgan, dunyoning ko'plab tillariga tarjima qilingan asar. Hatto AQSH prezident Jon F. Kennedi uni Karib inqirozi paytida o'z atrofidagilarga o'qilishi shart bo'lgan asar sifatida tavsiya qilgan. U Barbara kitobida yechimni ko'rgan. Takman o'tkir xalqaro inqiroz sharoitida ko'chkiga o'xshab urush tomon siljib borayotgan siyosiy jarayonlarni aniq tasvirlab beradi.

10. Xans Morgenthau - "Politics Among Nations" (1948)


Ushbu asar xalqaro munosabatlarda umumiy nazariy asosga bo'lgan ehtiyojni qondirishga yordam beradi. Bu nafaqat Qo'shma Shtatlar va Buyuk Britaniyada eng ko'p qo'llaniladigan darsliklardan biriga aylandi - balki keyingi yarim asrda ham katta tirajda qayta nashr etilishda davom etmoqda. Shu tariqa Morgentau xalqaro munosabatlar realistik nazariyasining muhim ekspozitsiyasiga aylandi.

Epilog: Ushbu ro'yxatni ko'p davom ettirish mumkin. Bu asarlar bilan tanishishda menga universitetdagi ta'lim bergan ustozlar yordami ulkan rol o'ynagan. Ulardan hamisha minnatdor bo'lib qolaman.


@panda_books Telegram kanali uchun maxsus