Книги, которые я тавсую
December 1, 2020

"Usta va Margarita" Mixail Bulgakov

Asar: "Usta va Margarita"
Muallif: Mixail BULGAKOV
Yozilgan yili: 1928—1940
Epigrafi: - "Sen kimsan?
- Men hamisha yomonlik tilab, yaxshilik qiluvchi kuchning bir qismi." (Faustdan)

Qadrli do'stlar, talab va takliflardan kelib chiqqan holda, blogda har hafta (va'da berolmayman: juda dangasaman) o'qish uchun bitta kitobni (eng zo'rini!) tavsiya qilib borishga qaror qildim. O'sha kitob faylini kanalga ham tashlab qo'yaman (shu post pastida bo'ladi) Demak, dunyo va o'zbek yozuvchilarining eng nodir asarlarini ulashishni boshlaymiz. Go!

Bu kitobni Ikki marotaba o'qib chiqqanman. Biri yoshligimda, keyingisi esa yaqinda. Bu rus klassikasining eng maftunkor asarlaridan biri, shundanmi Bulgakovga mehrim o'zgacha. Qayta o'qib chiqishimga sabablardan biri, undagi teran ma'no, yetkizlishi kerak bo'lgan fikrlarni birdaniga anglab yetish mushkul. Ba'zilari yosh o'tishi bilan keladigan tajribaga bog'liqdir.

Bunda haqiqiy sevgi va nafrat, yaxshilik va yomonlik o'rtasidagi kurash haqida hikoya qilinadi. Tom ma'noda, g'oyaviy asar. Undagi barcha mayda-chuyda tafsilotlar ham odamni hayratda qoldiradi: Bulgakovning uslubi, yumor tuyg'usi, qahramonlarning ta'rifi, ular so'zlaydigan hikoyalari, boshidan kechirgan taqdirlari, din va Xudoga bo'lgan munosabat - bularning barchasi ajoyib tasvirlangan.

Eng diqqatga sazovor jihati shundaki, Ieshua Ha-Nozri, Pontiy Pilat tasvirlari, Iyerusalimdek ajoyib shahar tasviri va yahudiy aholisining yashash davri bilan Moskvaliklar yashash tarziga telepatik ko'chishlar asnosida kitobxon go'yo nima sodir bo'layotganini muallifning o'zi bilan birga ularga qo'shilib, kuzatayotganga o'xshab ketadi.

"Usta va Margarita" bosh qahramoni Margaritaning fe'l-atvori va xatti-harakatlari o'quvchini haqiqiy va abadiy sevgiga ishontiradi.

Men uchun Usta (asarda Ustaga ism berilmagan)ning qiyofasi - bu sadoqat, mag'rurlik va jasoratning timsolidir. Qandaydir ma'noda Usta men uchun ideal erkak timsoliga aylangan. Hatto kitobni o'qib chiqqanimdan so'ng, men ko'risnishimda ancha vaqt Ustaga o'xshab o'zimni tutishga harakat qilayotganimni payqab qolganman.

Voland va uning mulozimlari - shayton va jinlar ham o'z navbatida juda yaxshi tasvirlangan. Ehtimol, bal tasviri keltirilgan bob - men uchun Iblisning mehmonlarining baldagi dahshatli xatti-harakatlariga qaramay, (kitobni kim o'qisa tushunadi) kitobdagi eng sevimli va kerak bo'lsa, eng muhim qismidir desam adashmagan bo'laman.

Odamlar yaxshilik va yomonlik o'rtasida abadiy kurash borligiga ishonishadi, lekin aslida bu unchalik ham to'g'ri emas: Yaxshilik va Yomonlik - bu o'z navbatida simbioz, chunki ular bir-birisiz mavjud bo'la olmaydi, ya'ni aslida kurash Yaxshilik va Yovuzlik tarafdorlari o'rtasida kechadi. Bulgakov buni juda aniq payqaydi, buning isboti sifatida men romandan parcha keltiraman:

"... Yomonlik bo'lmaganda Yaxshilik bu dunyoda nima qilar edi? Agar soyalar yo'qolsa, Yer qanday ko'rinishga ega bo'lardi? Axir, soyalar narsa va odamlardan paydo bo'ladi..."

Xulosa qilib aytadigan bo'lsak, Bulgakovning "Usta va Margarita"si men uchun aslo qiyosi yo'q roman, men bu shedevr to'g'risida ko'proq yozishim ham mumkin edi, lekin men ushbu romanni o'qiyotganda olgan his-tuyg'ularni sizlarga so'zlar orqali to'liq tasvirlab berolmayman. Buni boshdan kechirishingiz uchun, o'zingiz romanni qo'lga olib mutolaa qilishingizga to'g'ri keladi.

Umuman olganda, mutolaa qiling! ishoning bu shunga arziydi.

@panda_books