O'tmishga xat
Sokin mavjlanib turgan dengiz qirg'og'ida yolg'iz turgan holda, lablarim bilan senga shu nomani yozmoqdaman.
Salom azizim, begona qadrdonim! Yo'q, men bo'lib o'tganlardan afsusda emasman. Bular bari shunday tugashi kerak edi. Chunki, men o'ziga bino qo'ygan, dimog'dor oliftadan boshqa hech kim emasdim. Senga muhabbatimni shunchalar past baholagandimki, ishq bozori paydo bo'lib, bunday arzon narxni ko'rmagandi. Bir tajribasiz zargar singari olmosdek yarqirab turgan qora ko'zlaringning asl bahosini bilolmadim. Oy yuzing silsilasida aks yetgan umid va hijron siymolarini roʻyodan ajrata olmadim. Men butkul tentaklik qilgandimki, dunyodagi barcha tentaklar mening oldimda dunyoning eng ziyoli insonlari singari ko'ringan bo'lur edi.
Men xozir armon sohilida turib o'tmish dengiziga nazarimni tashlarkanman, bir narsani tushundim.
Sevgi mening oromimga shunchalik erta kirib kelgandiki, men buni ushlab qolish haqida hatto o'ylamagandim. Bu ilk sevgi g'unchalari mening bog'im sarvlariga va asl gullariga aylanmadi.. aylana olmadi...
Armonlar girdobida sen uzoqdan qordek oppoq yelkanli kema singari ko'rinding. Senga yetolmayman, bilaman, sen ham kelmaysan. Endi oramizda begumon o'tib bo'lmas to'siq borki, buni yengib o'tish imkonsiz.
Bilaman, mensiz ham o'tadi kuning, bo'lasan albat baxtli! Kulasan eslab o'tkan kunlarni, menga oshiq onlaringni. Balki eslammas ham bola-chaqadan orttirib vaqt. Shu menimcha eng to'gri yo'l.
Kech kirdi, havo salqinlashdi.
Mavjlanib turgan dengizga oxirgi bor nazar tashlayman. Endi uyga qaytmoq fursati keldi. Hammasini kelgan joyidan davom ettirmok vaqti. Ammo endi xulosa qilgan holda qaytyapman. Qo'rqma, endi unday bo'lmaydi. Boshqa meni bu dengiz oldida yolg'iz ko'rmaysan.
Chunki hayot bitta saboqni o'rganib olmaguningcha uni qaytaraverguvchidir. Men esa... men esa endi qo'rqmayapman.