July 27, 2025

Uyg`ongan ajdaho || Уйғонган аждаҳо

(hikoya|| ҳикоя)

Otalarcha qattiqqo`l va mehripinhon murabbiy Munis Muxtorovga bag`ishlanadi || Оталарча қаттиққўл ва меҳрипинҳон мураббий Мунис Мухторовга бағишланади

Кириллчаси бор 👇⏬

Biz to`rtovlon: men, Jasur, Shoxrux va Jahongir davra qurib o`tiribmiz. Yon-verimizda ham biz kabi guruhlar to`da-to`da bo`lib gurunglashyapti. O`zicha mashq qilayotganlar ham bor: biri tatamini larzaga solib kata ishlaydi, boshqasi jang usullarini erinmasdan takror-takror bajaradi. Ba`zi to`dalarda askiyachilik, latifago`ylik gurkirayapti. Kulgilarning portlashidan sport zali aks-sado beradi. Bu beboshchilikning bari senseyning birrovga xonasiga kirib ketganidan. Uning ketidan baqaloq, yaltir bosh bir kishi, o`ziga quyib qo`ygandek yigitchani (o`g`li bo`lsa kerak) sudrab kirib ketgani hamon chiqmayapti. Aftidan “S.K.F.2” jamoasi yana bir shovvozga ko`payadi…

Xayriyat, beboshchilikka chek qo`yildi, senseyning eshigi g`irchillab ochilgan zamon hamma joy-joyiga o`rnashib oldi. Tatamidoshlarim qatori kimanomning u yoq-bu yog`ini tartibga keltirib safga turdim. Sensey safning boshida lochindek bo`lib turgan qora belbog`li Nabining ro`parasiga keldi. Murabbiyning qiyofasidagi tundlikni ko`rib, bolalar daraxtdek tik qotishdi.

- Zalni boshiga ko`tarib kimlar kuldi? - so`radi sensey vajohat-la. Hech kimdan sado chiqmagach:

- Kim? - ovozi bir parda ko`tarildi uning. Endi jim turishning iloji yo`qligini bilib, ko`z urushtirib olgan bir guruh “askiyachilar” oldinga bir qadam tashlashdi.

-Shuni biling-ki, tartib-intizom karatedan ko’ra muhimdir!

Sensey shunday deb “askiyachilar”ga qo`lini bigiz qildi-da, zalning tomidan chakka tushadigan burchagini ko`rsatdi. “Jinoyatchilar” sensey imo qilgan yerga bordilar-da, qo`llarini musht tugib, polga tiralib olib jazo mashqi – “ajimani” qila boshladilar.

- Jamadonni ko`tar - dedi sensey ikki yildan beri “odam bo`lmayotgan” Rasulga. Rasulning pol tozalayotgan belbog`i uchlari xiyol ko`tarildi…

“Jazo” boshlanib, tatamiga chak-chak ter toma boshladi. Picha o`tib, mushtlari og`rigan aybdorlar senseydan kechirim so`rashdi. Sensey bu hol yana qaytarilsa mashg`ulotning boshidan oxiriga qadar shunday turasanlar, deb uqtirdi.

- Bugun mashg`ulot ancha shiddatli bo`lyapti- deb gap boshladi mashg`ulotdagi juftim, terga bo`kkan Jasur.

- Ha… meniyam o`pkam… og`zimga keldi - dedim hansirab.

-Og`zingni och-chi?

-Nimaga? - so`radim hayron bo`lib.

-O`pkangni bir ko`ray.

Kimdir miyig`ida kuldi, kimdir ichida. Ko`zim senseyga qadalib, sergak tordim.

-Mashg`ulotning shiddatli bo`lishiga sabab bor – dedi sensey.

Bolalar diqqatini senseyga qaratdi. Sensey karate tilida (bilayman, bu qanday til) zalni jaranglatib “safga turing!”, dedi.

-Yigitlar, yaqinda Respublika kubogi boshlanadi. Yaxshilab tayyorlanish kerak. Musobaqa xuddi shu yerda, terlaringiz tomgan mana shu tatamida bo`lib o`tadi. Yutqazganingiz –bu sharmisor bo`lganingiz…

Men shu ondan boshlab oromimni yuqotdim. To`lqinlanib-to`lqinlanib kun sanadim. Sensey musobaqaga qatnashadiganlar ro`yxatiga meni ham kiritgandilar.

Ertalab turib mashq qildim, kechqurun yotmay mashq qildim. Bo`ladi-ku, ba`zilar balandroq joyga bo`yinbog`ini qadab o`zini osishga ham tayyor bo’ladi, faqat mansab tegib, bo`yinboqqa ega bo`lsalar bas. Men ham shunday holga tushdim. Medalni shiftga qoqib o`zimni osishga ham tayyorman, faqat medal olsam bo`lgani.

Ertasiga mashg`ulotga borib musobaqada birinchi o`rinni olgan shovvoz jahon chempionatiga yo`llanma olarkan, degan gap eshitdim. Ana endi kun emas, soat sanadim. Goh eshiklarni, goh devorlarni baqirib musht uraman, chiroqlarni oyog`im bilan ochirib-yoqib ayamni jig`ibiyron qilaman. Goh Jasur biznikiga keladi, goh men ularnikiga boraman. Birgalikda ter to`kib ishladik. Oz fursatda bu champion do`stim menga ancha narsa o`rgatib qo`ydi.

Endilikda sensey “bo`ladigan” bolalar bilan alohida shug`ullandilar, ularning orasida men ham borman. Ana endi og`zim qulog`imgacha cho`zilib, burnim peshonamgacha ko`tarildi. Bir mashg`ulot so`ngida sensey meni chaqirtirib, “sening Nabi-yu Jasurdan nimang kam, bir o`zingni ko`rsatgin, shovvoz”, deb yelkamga qoqdilar. Shunday abjir bo`lgim keldiki, pashsha-yu chivindan tortib, osmon-u oftobgacha urib, qulatib tashlagim keldi. To`g`ri-da, mening Nabi-yu Jasurdan nimam kam… Mashg`ulot kundan-kun avj olib, za`l ta`mirlash ostida qolganda ham, charchoqdan mador qurib, “puf” desa yiqilayozganda ham tinmasdim.

Jasur qadrdon do`stim edi. Menga ko`p sir-asrorlarni o`rgatardi, champion bo`lishimni chin dildan istardi. Xullas Jasur mening ikkinchi murabbiyim edi. Biroq men uning bu kuyunchakligini hazm qilolmasdim: axir ikkimiz ham bir yilda tug`ilganmiz, ustiga-ustak vaznimiz ham bir xil, kategoriyamiz ham bir…

Fursat suvdek yugurib chempionatni olib keldi. Zal ayvonida qor uchqunlay boshlaganda yetib keldim. Yerdagi qor dengiz sohillaridagi yoqimli o’yinqaroq ko’pik pufakchalarni eslatardi. Ichkariga kirib zalni tanimay qoldim. To`rt burchakda ham basavlat karnay qutilar turibdi, rang-barang pufaklarning sanog`i yo`q. Ayniqsa, zalning to`rida ko`zni quvnatib turgan medal-u diplomlarni aytmaysizmi. Bu medallardan biriga bugun erisha olarmikanman?...

Har doimgidek chempionat kichik yoshdagi karatechilarning jangi bilan boshlandi. Ilk jang surxondaryolik va farg`onalik jajji karatechilar o`rtasida kechdi. Chamamda, ular endi kumite maydoniga qadam bosishlari edi. Hali olti yoshga to`lmagan bu bolakaylar qo`l-oyoqchalarini turli tomonga nuqib baqirar, ko`zlarini hakamlarga, tomoshabinlarga, murabbiylarga qadab bir-birini shapatilardi. Shunda, to`satdan hakamning chap yonida turgan bolakay ho`ngillab yubordi, yuziga qattiqroq tarsaki urgani uchun raqibidan arazlab, tatamining chekkasiga borib o’tirib oldi… Keying jang tatamidoshim Aziz va toshkentlik bir bola o`rtasida bo`ldi. Aziz odatda har musobaqada raqiblarini muddatdan ilgari yer tishlatib, janglarni tugatardi. Hozir negadir uning jangi qovushmadi. Raqibini mag`lub qilgan esa-da, senseyning ko`ngli to`lmadi:

-Ha, Aziz, uyqusirayapsanmi?—dedilar Azizni oldilariga chaqirib.

-Yo`q sensey, bugun sakkiz yarimgacha uxladim.

Sensey miyig`ida kuldilar:

-Unda nega koptok qib tashlamading?

-Shoxanimi?

-Kim u, Shoxa?

-Hozir men bilan tushgan bola-chi?

-Haa, tanishib oldim, deigin.

-Hm, akasi cho`loq ekan…

-Nimaga yaxshilab solmading, garangvoy?

-Anavi… tishi qimirlab qolgan ekan, shunga seki-in…

Mazkur kategoriya tugab, Azizdan kattaroq bolalar kumitega tushishdi. Sportchilarning yoshi ko`tarilavergani sari, kumitening sifati oshib borardi. Jasur esa labi labiga tegmay gap uqtiradi. Men uning “falonchi to’rt karra mamlakat chempioni, juda tez, himiyoda hushyorroq bo`l”, “pismadonchi ikki karra Osiyo chempioni, chapaqay, ehtiyot bo`l” degan so`zlarini diqqatimni berib eshitardim. Eshitayotib, uning shashti boshqachaligini sezdim. Ko`zlarida ishonch o`ti yonib turgan bo`lsa-da, yuragi g`ashligi, nimadandir tajangligi sezilib turadi, ko`zlari kirtaygan, aftidan bu kecha tuzuk uxlamaganday…

Bizning kategoriyamizdagi jangchilar ro`yxatdan o`ta boshlaganda bir dilxiralik bo`ldi: Jasurning musobaqaga qatnashishga oid hujjatlari orasidan, shifokor ko`rigi bayonnomasi chiqmapti. Buning uchun Jasur senseydan xo`p gap eshitdi. Sensey asabiylashib, ro`yxatdan Jasurni o`chirmoqchi bo`lib turganda, ayni jo`ramning baxtiga shexan jahon chempionatiga yo`llanmani unga arziydigan shovvozlar olishi kerak, deb bunga yo`l qo`ymadi…

Jasur musobaqada qoldirilgan bo`lsa-da, baribir tajang ko`rinardi…

Musobaqaning birinchi kuni tugab, bizning janglarimiz ertaga o`tgazilishi ma`lum bo`ldi. Uy-uyimizga tarqaldik. Uyda mashq qilayotsam ayam chaqirib qoldi: “Tiling galstuk bo`ldi bo`lam, bo`ldi qil, ovqatlanamiz…”.

Uyg`onganimda tong yorishgan edi, apil-tapil nonushta qilib, zalga jo`nadim. Salqin tushib, mayda qor yerni qoplay boshlagan edi..

Kategoriyalar navbati oltmish kololilarga yetganda atrofga shom sep yoygandi. Birinchi kumite men va xorazmlik yigit olishuvuda o`tdi. Men dastlab uning tajribasini sinash uchun o`zimni hujum uyushtirayotgandek qilib unga tez yaqinlashdim. Shunda u dovdirab qoldi. Men boshqatdan hujum uyushtirib chakkasiga uramavashi qo`ydim. Ochko olgandan keyin tag`in shu zarbani yo`lladim, raqibim zarbamga chap berib oyog’imdan ushlab oldi. Men esa chaqqonlik bilan bo`ynidan o’ng qo’lim bilan qisib oldim. Shunday qilmasam muvozanatimni yo`qotaman, yerga turgan oyog`imdan chalib yiqitadi… Hakam quchoqlashib olgan biz raqiblarni ajratdi. Senseyning ovozi qulog`imga chalinib, uni ko`zim bilan qidirib toqdim. Uni tomoshabinlar qiy-chuvi ostida eshitmagan bo`lsamda, imo-ishoralaridan ushbu gapni uqib oldim: “Uni bir zarba bilan aldab, chalg`itib, boshqa zarbani yo`llash kerak”. Hakam “hajime” deganda raqibim chap oyog`i bilan yuzimga zarba yo`lladi. Agar kaftim bilan qaytarmasam, nakaut bo`lishim aniq edi. Zarbani qaytarib, orqaga tisarildim va birdaniga raqibimning qorniga o`ng qo`lim bilan zarba yo`lladim. Raqibim buni qaytarishga chog`langanida zarbam “tegay-tegmay” degan edi. Shunda men zarbamni tezlik bilan qaytarib olib, chap oyog`im bilan aftiga urdim. Zalda ko`tarilgan shovqin bir necha soniya aks-sado berib turdi. Senseyning beixtiyor qarsak chalib yuborganlarini ko`rib, shiddatimga shiddat qo`shildi, “kimanoning ichida turgan menmi, yo Chak Norrismi?” dedim. Ruhlanib ketdim. “Hajime”ni eshitar-eshitmas qo`qqisdan chap qo`lim bilan yuziga, chap oyog`im bilan qorniga va oyog`imni tushirmagan holda yuziga zarba yo`lladim. Har bir zarbam mo`ljalga tegdi. Endi meni olqishlay boshlashdi: “Samarqand! Samarqand!”…

Galdagi hujumda raqibimning oyog`idan chalib, yiqitishni rejalashtirayotgandim, vaqt tugadi. Hakam men tomonga qo`lini baland ko`tarib, “nakachi” dedi. Yana ikki jang o`tgach, Jasurning gali keldi. U toshkentlik bir yigit bilan tushib, har galgidek muddatidan avval zafar quchdi. Jang g`ildiragi aylanib-aylanib, tag`in men tatamiga tushdim. Jasurning jangiga havasim kelib, qani men ham vaqtdan oldin yutsam, degandim. Baholi qudrat bu jangimda niyatimga yetdim. Jangdan keyin sensey aytdilar:

-Hozir Muhsinov bilan tushasan, yuzinga ehtiyot bo`l, qo`lingni tushirmasdan urush. Oyog`i bilan yaxshi ishlaydi. Uning beliga himoyasi bo`sh, beliga zarba ber.

Men tag`in tatamiga tushdim. Muhsinov deganlari o`ta olg`ir chiqdi, zarbalari yashin kabi, kutilmaganda kunfayakun qiladi. Haliyam sensey uqtirib qo`ygan ekan, yo`qsa raqibim meni allaqachon mag`lubiyat mamlakatiga qaratib kovushimni to`g`rilarkan.

Men sensey aytganday qilib, uning beliga ketma-ket zarbalar yo`lladim. Deyarli hammasi tegdi. O’z o’rnida men ham qorin va jag’imga zarbalar o’tkazib yubordim. Jang qizg`in ketayotgan pallada vaqt tugadi. Entikib-entikib nafas oldim. Hakam ikkimizning ochkomiz teng bo`lganini, bir ochkolik jang bo`lishini ma`lum qildi. Bu jangning qoidasi shunday: birinchi bo`lib zarbasi tekkan sportchi yutadi. Senseyning “yaxshilab kutib ol” degan gapi zo`rg`a qulog`imni qidirib topdi. Bu bilan sensey, u hujum qilganda zarbani qaytarib o`tirmasdan, o`zing tezlik bilan zarba ber, demoqchi. Bu usul birinchi bo`lib zarba berishning eng qulayi hisoblanib, yaxshilab amalga oshirilsa muvaffaqiyat keltirishi aniq edi. Men ortiqcha maqsad va harakatlarsiz hushyorlik bilan raqibimning hujumini kutdim. U men o`ylaganimdek qornimga qo`li bilan zarba yo`lladi va men uni chap qo`limni yuziga to`g`rilab kutib oldim. Birdaniga u zarbani qaytib olib, o`ng oyog`i bilan mavashi yo`lladi. Bu mening baxtimga edi. U boshqa zarba beraman deb meni chalg`itmoqchi bo`lgandi. Natijada, o`zi qazigan chohga o`zi tushib, aftiga ko`m-ko`k g`urracha orttirdi.

Jasur meni quchoqlab, tabrikladi, yelkamdan tog` ag`darilganini aytdi. Jang g`ildiragi men va Jasurni yana ikkitadan raqib bilan to`qnashtirib, hadyalar taqdim etdi. Senseyning boshi osmonda edi. Men va Jasur finalga yo`llanma olgan, “S.K.F.2” jamoasiga yana bir champion aniq edi.

-Kelishib olaylik, o`rtoq, jangda bir-birimizni ayash yo`q—Jasur jang boshlanmasdan oldin shunday dedi.

U hozir g`alati ahvolga tushgan nimalarnidir pichirlab aytar va negadir jang tezroq boshlansa edi, deb shoshilardi. Final boshlanib, va`damga muvofiq astoydil jang qilishga bel bog`ladim. Do`stim… yo`q, sensey aytgandek jangohda do`stlikka o`rin yo`q, raqibimning hujumini kutib o`tirmay, o`ng oyog`im bilan yuziga mavashi urdim. Uning yuzi qoqilgan kimanoday charsillab ketdi, yomon tegdi, miyasi chayqalib ketgani aniq. Hechqisi yo`q, keyin kechirim so`rayman, “boshing bilan oyog`imga yomon urding”, deb hazillashaman, hozir bir zarbasini o`tkazaman… yo`q! Va`dalashganmiz, ayamayman.

Hakam ochkoni menga berib “hajime” deganda Jasur jang holatida turmay qo`lini ko`tardi. Bu jahon urushlaridagi oq bayroq ko`tarishday bir gap edi. Men uning ko`ziga qarab angrayib qolgandim. “?”. Hakam g`alabani menga berib, birinchi o`rin sohibi ekanligimni ma`lum qildi. Jasur mard raqiblar qatori meni g`alaba bilan tabrikladi.

-Xudo xohlasa sen jahon chempioni bo`lasan, senseyning yuzini yorug` qilasan—dedi u zo`rg`a ovozi chiqib. Jasur meni qattiq quchib olib, hadeganda qo`yib yubormadi. Hakam bizga hayron bo`lib yaqinlashdi, rang-quti to`satdan o`zgarib qoldi. Jasur nafas olmayotgan ekan… Men badbaxt o`z do`stimni o`ldirgan ekanman…

O`zimni suv ostida sho`ng`igandek his qildim, quloq chingillaydi. Ko`zlarim tinib ketdi. Zal chayqalayotgandek, atrofimdagi odamlar qalqib ketayotgandek tuyuldi. Bir ahvolda zaldan sudralib chiqdim. Picha piyoda yurdim, chuqur-chuqur nafas olaman. Qor hali pag`alab yog`ib, zamin yoqimsiz bo`lib qolgan edi. Tarnovlarda ertaklarda bir vaqtlar o`qiganim, Hizr buvaning soqollaridek, uzun sumalaklar osilib turibdi, nazaramda qor yog`mayotgan, xuddi havoda muallaq turganday edi. Biroz o`zimga keldim, xarrakka borib o`tirdim.

Oldimdan ikki rus o`tayotib menga g`alati qarashdi, ular qaltirab, og’izlaridan par chiqib tez o’tib ketishdi. E`tibor bermadim. Sal o`tib tez yordam mashinasi zalimiz binosi tomonidan baland qichqirgan sirena bilan uchib o`tib ketdi: Jasurning jasadini olib ketishayotgan bolsalar kerak…

-Ana u! – deb qichqirdi kimdir.

Bu ovozdan sergak tortdim. Birpasda tatamidoshlarim girdimni o`rashdi. Bular ham boyagi rus qizlardek angrayib boqishdi. Sensey Jahongirga pichirlab bir nima degadi, u qayergadir g`oyib bo`lib, bir pasda kiyimlarimni olib keldi. Shu sovuqda oyoq yalang, bosh yalang, qurri kimanoda turgan ekanman. Sensay shosha-pisha paypog`imni oyog`imga ildirdi, shimimni qo`limga tutqazgalarida angrayaverganimdan, qo`limdan shartta olib, meni shu xarrakka yotqizdilar.

-Qaqqayib turmalaring!

Bolalar, tufligimni kiydirdi, ustimdagi qorni qoqishdi. Kurtkamni majburlab kiydirganlarida yechib otdim:

-Isib ketyapman, meni tinch qo’ylaring!

* * *

Kasalxonadamiz, tavba, qanday kasal ekanimni o`zim ham bilmayman. Oyim men bilan, zerikmayapman. Bir payt eshik tiqillab qoldi, oyim uni ochdilar: sensey kelibdilar. Qiziq, oyimga salom bermadilar, mening salomimga alik olmadilar. Kirib olib nuqul menga tikiladilar, ko`zlarida bir nima miltillayapti. Tavba, yiqilay-yiqilay deganimda ham orqamga Azizni opichtirib stadionni gir yugurtirgan, ko`z oldim qorong`ulashib yiqilganimda Azizdan-da barzangiroq bolani orttirgan bag`ritosh senseyning ko`zlarimi bu? Zarbam qopni yirtmaguncha uyimga jo`natmagan rahmsiz kishining kozlarimi bu? Ha, o`sha. Faqat bu ko`zlarda hozir qahr yo`q… nam.

-Tinchlikmi?—so`radilar ayam bir menga, bir senseyga qarab. Sensey tomoq qirdilar.

-Jasurni sen o`ldirmagansan. U tuzalmas kasal bo`lgan, boshida o’simta bo’lgan, o`limini bilgan. Shunga qaramay kumitega chiqqan. U o`ziga ishonardi, niyati finalgacha seni qo`llab, dalda bo`lib, sen bilan finalga chiqish bo`lgan, tushunayapsanmi? Yutqazmoqchi bo`lgan… sen uchun. Champion bo`lishingni istagan…

Ko`z oldimdan tibbiy ko`rik mashmashasi o`tdi…

Keyin musobaqadan bir kun oldin Jasurnikiga borganimni esladim.

--Bir savol bor jo`ra, lekin sal g`alati, oldindan uzr. Tasavvur qil: sen o`rmonda do`sting bilan ketyapsan. Kutilmaganda ilon hamla qilib qo`lingdan chaqib oldi. Do`sting qo`lingni so`rib, zaharni chiqarib, tuflab tashlaydi. Yana yo`llaringda davom etasizlar. Endi ilon do`stingning oyog`idan, terlagan, rasvo tovonidan chaqib oldi.

-Xo`sh, keyinchi?

-Sen… sen zaharni so`rib olarmiding?

Biroz o`ylab, “ha” dedim.

-Sendan shuni kutgan edim—dedi Jasur ko`zini bir nuqtadan uzmay…

Tishlarim g`ijirladi, qo`llarim musht bo`lib tugildi.

-Men jahon chempioni bo`laman!—deya hayqirdim. Bu kutilmagan hayqiriqdan ayam cho`chib tushdilar, senseyning esa xuddi cho`qqiga chiqib bo`lgan alpinistday chuqur va xotirjam nafas olganlarini eshitdim.

Temirov Botir, 2007, Aprel.

P.S ushbu hikoya 2007 yil 12-Mayda “Bekajon” gazetasining 40- sonida va shu nomli kichik hikoyalar to’plamida e’lon qilingan.


Кириллчаси:

Биз тўртовлон: мен, Жасур, Шохрух ва Жаҳонгир давра қуриб ўтирибмиз. Ён-веримизда ҳам биз каби гуруҳлар тўда-тўда бўлиб гурунглашяпти. Ўзича машқ қилаётганлар ҳам бор: бири татамини ларзага солиб ката ишлайди, бошқаси жанг усулларини эринмасдан такрор-такрор бажаради. Баъзи тўдаларда аскиячилик, латифагўйлик гуркираяпти. Кулгиларнинг портлашидан спорт зали акс-садо беради. Бу бебошчиликнинг бари сенсейнинг бирровга хонасига кириб кетганидан. Унинг кетидан бақалоқ, ялтир бош бир киши, ўзига қуйиб қўйгандек йигитчани (ўғли бўлса керак) судраб кириб кетгани ҳамон чиқмаяпти. Афтидан “С.К.Ф.2” жамоаси яна бир шоввозга кўпаяди…

Хайрият, бебошчиликка чек қўйилди, сенсейнинг эшиги ғирчиллаб очилган замон ҳамма жой-жойига ўрнашиб олди. Татамидошларим қатори киманомнинг у ёқ-бу ёғини тартибга келтириб сафга турдим. Сенсей сафнинг бошида лочиндек бўлиб турган қора белбоғли Набининг рўпарасига келди. Мураббийнинг қиёфасидаги тундликни кўриб, болалар дарахтдек тик қотишди.

- Зални бошига кўтариб кимлар кулди? - сўради сенсей важоҳат-ла. Ҳеч кимдан садо чиқмагач:

- Ким? - овози бир парда кўтарилди унинг. Энди жим туришнинг иложи йўқлигини билиб, кўз уруштириб олган бир гуруҳ “аскиячилар” олдинга бир қадам ташлашди.

-Шуни билинг-ки, тартиб-интизом каратедан кўра муҳимдир!

Сенсей шундай деб “аскиячилар”га қўлини бигиз қилди-да, залнинг томидан чакка тушадиган бурчагини кўрсатди. “Жиноятчилар” сенсей имо қилган ерга бордилар-да, қўлларини мушт тугиб, полга тиралиб олиб жазо машқи – “ажимани” қила бошладилар.

- Жамадонни кўтар - деди сенсей икки йилдан бери “одам бўлмаётган” Расулга. Расулнинг пол тозалаётган белбоғи учлари хиёл кўтарилди…

“Жазо” бошланиб, татамига чак-чак тер тома бошлади. Пича ўтиб, муштлари оғриган айбдорлар сенсейдан кечирим сўрашди. Сенсей бу ҳол яна қайтарилса машғулотнинг бошидан охирига қадар шундай турасанлар, деб уқтирди.

- Бугун машғулот анча шиддатли бўляпти- деб гап бошлади машғулотдаги жуфтим, терга бўккан Жасур.

- Ҳа… мениям ўпкам… оғзимга келди - дедим ҳансираб.

-Оғзингни оч-чи?

-Нимага? - сўрадим ҳайрон бўлиб.

-Ўпкангни бир кўрай.

Кимдир мийиғида кулди, кимдир ичида. Кўзим сенсейга қадалиб, сергак тордим.

-Машғулотнинг шиддатли бўлишига сабаб бор – деди сенсей.

Болалар диққатини сенсейга қаратди. Сенсей карате тилида (билайман, бу қандай тил) зални жаранглатиб “сафга туринг!”, деди.

-Йигитлар, яқинда Республика кубоги бошланади. Яхшилаб тайёрланиш керак. Мусобақа худди шу ерда, терларингиз томган мана шу татамида бўлиб оътади. Ютқазганингиз –бу шармисор бўлганингиз…

Мен шу ондан бошлаб оромимни юқотдим. Тўлқинланиб-тўлқинланиб кун санадим. Сенсей мусобақага қатнашадиганлар рўйхатига мени ҳам киритгандилар.

Эрталаб туриб машқ қилдим, кечқурун ётмай машқ қилдим. Бўлади-ку, баъзилар баландроқ жойга бўйинбоғини қадаб ўзини осишга ҳам тайёр бўлади, фақат мансаб тегиб, бўйинбоққа эга бўлсалар бас. Мен ҳам шундай ҳолга тушдим. Медални шифтга қоқиб ўзимни осишга ҳам тайёрман, фақат медал олсам бўлгани.

Эртасига машғулотга бориб мусобақада биринчи ўринни олган шоввоз жаҳон чемпионатига йўлланма оларкан, деган гап эшитдим. Ана энди кун эмас, соат санадим. Гоҳ эшикларни, гоҳ деворларни бақириб мушт ураман, чироқларни оёғим билан очириб-ёқиб аямни жиғибийрон қиламан. Гоҳ Жасур бизникига келади, гоҳ мен уларникига бораман. Биргаликда тер тўкиб ишладик. Оз фурсатда бу чампион дўстим менга анча нарса ўргатиб қўйди.

Эндиликда сенсей “бўладиган” болалар билан алоҳида шуғулландилар, уларнинг орасида мен ҳам борман. Ана энди оғзим қулоғимгача чўзилиб, бурним пешонамгача кўтарилди. Бир машғулот сўнгида сенсей мени чақиртириб, “сенинг Наби-ю Жасурдан ниманг кам, бир ўзингни кўрсатгин, шоввоз”, деб елкамга қоқдилар. Шундай абжир бўлгим келдики, пашша-ю чивиндан тортиб, осмон-у офтобгача уриб, қулатиб ташлагим келди. Тўғри-да, менинг Наби-ю Жасурдан нимам кам… Машғулот кундан-кун авж олиб, зал тамирлаш остида қолганда ҳам, чарчоқдан мадор қуриб, “пуф” деса йиқилаёзганда ҳам тинмасдим.

Жасур қадрдон дўстим эди. Менга кўп сир-асрорларни ўргатарди, чампион бўлишимни чин дилдан истарди. Хуллас Жасур менинг иккинчи мураббийим эди. Бироқ мен унинг бу куюнчаклигини ҳазм қилолмасдим: ахир иккимиз ҳам бир йилда туғилганмиз, устига-устак вазнимиз ҳам бир хил, категориямиз ҳам бир…

Фурсат сувдек югуриб чемпионатни олиб келди. Зал айвонида қор учқунлай бошлаганда етиб келдим. Ердаги қор денгиз соҳилларидаги ёқимли ўйинқароқ кўпик пуфакчаларни эслатарди. Ичкарига кириб зални танимай қолдим. Тўрт бурчакда ҳам басавлат карнай қутилар турибди, ранг-баранг пуфакларнинг саноғи ёъқ. Айниқса, залнинг тўрида кўзни қувнатиб турган медал-у дипломларни айтмайсизми. Бу медаллардан бирига бугун эриша олармиканман?...

Ҳар доимгидек чемпионат кичик ёшдаги каратечиларнинг жанги билан бошланди. Илк жанг сурхондарёлик ва фарғоналик жажжи каратечилар ўртасида кечди. Чамамда, улар энди кумите майдонига қадам босишлари эди. Ҳали олти ёшга тўлмаган бу болакайлар қўл-оёқчаларини турли томонга нуқиб бақирар, кўзларини ҳакамларга, томошабинларга, мураббийларга қадаб бир-бирини шапатиларди. Шунда, тўсатдан ҳакамнинг чап ёнида турган болакай ҳўнгиллаб юборди, юзига қаттиқроқ тарсаки ургани учун рақибидан аразлаб, татамининг чеккасига бориб ўтириб олди… Кейинг жанг татамидошим Азиз ва тошкентлик бир бола ўртасида бўлди. Азиз одатда ҳар мусобақада рақибларини муддатдан илгари ер тишлатиб, жангларни тугатарди. Ҳозир негадир унинг жанги қовушмади. Рақибини мағлуб қилган эса-да, сенсейнинг кўнгли тўлмади:

-Ҳа, Азиз, уйқусираяпсанми?—дедилар Азизни олдиларига чақириб.

-Йўқ сенсей, бугун саккиз яримгача ухладим.

Сенсей мийиғида кулдилар:

-Унда нега копток қиб ташламадинг?

-Шоханими?

-Ким у, Шоха?

-Ҳозир мен билан тушган бола-чи?

-Ҳаа, танишиб олдим, деигин.

-Ҳм, акаси чўлоқ экан…

-Нимага яхшилаб солмадинг, гарангвой?

-Анави… тиши қимирлаб қолган экан, шунга секи-ин…

Мазкур категория тугаб, Азиздан каттароқ болалар кумитега тушишди. Спортчиларнинг ёши кўтарилавергани сари, кумитенинг сифати ошиб борарди. Жасур эса лаби лабига тегмай гап уқтиради. Мен унинг “фалончи тўрт карра мамлакат чемпиони, жуда тез, ҳимиёда ҳушёрроқ бўл”, “писмадончи икки карра Осиё чемпиони, чапақай, эҳтиёт бўл” деган сўзларини диққатимни бериб эшитардим. Эшитаётиб, унинг шашти бошқачалигини сездим. Кўзларида ишонч ўти ёниб турган бўлса-да, юраги ғашлиги, нимадандир тажанглиги сезилиб туради, кўзлари киртайган, афтидан бу кеча тузук ухламагандай…

Бизнинг категориямиздаги жангчилар рўйхатдан ўта бошлаганда бир дилхиралик бўлди: Жасурнинг мусобақага қатнашишга оид ҳужжатлари орасидан, шифокор кўриги баённомаси чиқмапти. Бунинг учун Жасур сенсейдан хўп гап эшитди. Сенсей асабийлашиб, рўйхатдан Жасурни ўчирмоқчи бўлиб турганда, айни жўрамнинг бахтига шехан жаҳон чемпионатига йўлланмани унга арзийдиган шоввозлар олиши керак, деб бунга йўл қўймади…

Жасур мусобақада қолдирилган бўлса-да, барибир тажанг кўринарди…

Мусобақанинг биринчи куни тугаб, бизнинг жангларимиз эртага ўтгазилиши маълум бўлди. Уй-уйимизга тарқалдик. Уйда машқ қилаёцам аям чақириб қолди: “Тилинг галстук бўлди бўлам, бўлди қил, овқатланамиз…”.

Уйғонганимда тонг ёришган эди, апил-тапил нонушта қилиб, залга жўнадим. Салқин тушиб, майда қор ерни қоплай бошлаган эди..

Категориялар навбати олтмиш кололиларга етганда атрофга шом сеп ёйганди. Биринчи кумите мен ва хоразмлик йигит олишувуда ўтди. Мен дастлаб унинг тажрибасини синаш учун ўзимни ҳужум уюштираётгандек қилиб унга тез яқинлашдим. Шунда у довдираб қолди. Мен бошқатдан ҳужум уюштириб чаккасига урамаваши қўйдим. Очко олгандан кейин тағин шу зарбани йўлладим, рақибим зарбамга чап бериб оёғимдан ушлаб олди. Мен эса чаққонлик билан бўйнидан ўнг қўлим билан қисиб олдим. Шундай қилмасам мувозанатимни йўқотаман, ерга турган оёғимдан чалиб йиқитади… Ҳакам қучоқлашиб олган биз рақибларни ажратди. Сенсейнинг овози қулоғимга чалиниб, уни кўзим билан қидириб тоқдим. Уни томошабинлар қий-чуви остида эшитмаган бўлсамда, имо-ишораларидан ушбу гапни уқиб олдим: “Уни бир зарба билан алдаб, чалғитиб, бошқа зарбани йўллаш керак”. Ҳакам “ҳажиме”  деганда рақибим чап оёғи билан юзимга зарба йўллади. Агар кафтим билан қайтармасам, накаут бўлишим аниқ эди. Зарбани қайтариб, орқага тисарилдим ва бирданига рақибимнинг қорнига ўнг қўлим билан зарба йўлладим. Рақибим буни қайтаришга чоғланганида зарбам “тегай-тегмай” деган эди. Шунда мен зарбамни тезлик билан қайтариб олиб, чап оёғим билан афтига урдим. Залда кўтарилган шовқин бир неча сония акс-садо бериб турди. Сенсейнинг беихтиёр қарсак чалиб юборганларини кўриб, шиддатимга шиддат қўшилди, “киманонинг ичида турган менми, ё Чак Норрисми?” дедим. Руҳланиб кетдим. “Ҳажиме”ни эшитар-ешитмас қўққисдан чап қўлим билан юзига, чап оёғим билан қорнига ва оёғимни туширмаган ҳолда юзига зарба йўлладим. Ҳар бир зарбам мўлжалга тегди. Энди мени олқишлай бошлашди: “Самарқанд! Самарқанд!”…

Галдаги ҳужумда рақибимнинг оёғидан чалиб, йиқитишни режалаштираётгандим, вақт тугади. Ҳакам мен томонга қўлини баланд кўтариб, “накачи” деди. Яна икки жанг ўтгач, Жасурнинг гали келди. У тошкентлик бир йигит билан тушиб, ҳар галгидек муддатидан аввал зафар қучди. Жанг ғилдираги айланиб-айланиб, тағин мен татамига тушдим. Жасурнинг жангига ҳавасим келиб, қани мен ҳам вақтдан олдин юцам, дегандим. Баҳоли қудрат бу жангимда ниятимга етдим. Жангдан кейин сенсей айтдилар:

-Ҳозир Муҳсинов билан тушасан, юзинга эҳтиёт бўл, қўлингни туширмасдан уруш. Оёғи билан яхши ишлайди. Унинг белига ҳимояси бўш, белига зарба бер.

Мен тағин татамига тушдим. Муҳсинов деганлари ўта олғир чиқди, зарбалари яшин каби, кутилмаганда кунфаякун қилади. Ҳалиям сенсей уқтириб қўйган экан, йўқса рақибим мени аллақачон мағлубият мамлакатига қаратиб ковушимни тўғриларкан.

Мен сенсей айтгандай қилиб, унинг белига кетма-кет зарбалар йўлладим. Деярли ҳаммаси тегди. Ўз ўрнида мен ҳам қорин ва жағимга зарбалар ўтказиб юбордим. Жанг қизғин кетаётган паллада вақт тугади. Энтикиб-ентикиб нафас олдим. Ҳакам иккимизнинг очкомиз тенг бўлганини, бир очколик жанг бўлишини маълум қилди. Бу жангнинг қоидаси шундай: биринчи бўлиб зарбаси теккан спортчи ютади. Сенсейнинг “яхшилаб кутиб ол” деган гапи зўрға қулоғимни қидириб топди. Бу билан сенсей, у ҳужум қилганда зарбани қайтариб ўтирмасдан, ўзинг тезлик билан зарба бер, демоқчи. Бу усул биринчи бўлиб зарба беришнинг энг қулайи ҳисобланиб, яхшилаб амалга оширилса муваффақият келтириши аниқ эди. Мен ортиқча мақсад ва ҳаракатларсиз ҳушёрлик билан рақибимнинг ҳужумини кутдим. У мен ўйлаганимдек қорнимга қўли билан зарба йўллади ва мен уни чап қўлимни юзига тўғрилаб кутиб олдим. Бирданига у зарбани қайтиб олиб, ўнг оёғи билан маваши йўллади. Бу менинг бахтимга эди. У бошқа зарба бераман деб мени чалғитмоқчи бўлганди. Натижада, ўзи қазиган чоҳга ўзи тушиб, афтига кўм-кўк ғуррача орттирди.

Жасур мени қучоқлаб, табриклади, елкамдан тоғ ағдарилганини айтди. Жанг ғилдираги мен ва Жасурни яна иккитадан рақиб билан тўқнаштириб, ҳадялар тақдим этди. Сенсейнинг боши осмонда эди. Мен ва Жасур финалга йўлланма олган, “С.К.Ф.2” жамоасига яна бир чампион аниқ эди.

-Келишиб олайлик, ўртоқ, жангда бир-биримизни аяш йўқ—Жасур жанг бошланмасдан олдин шундай деди.

У ҳозир ғалати аҳволга тушган нималарнидир пичирлаб айтар ва негадир жанг тезроқ бошланса эди, деб шошиларди. Финал бошланиб, ваъдамга мувофиқ астойдил жанг қилишга бел боғладим. Дўстим… йўқ, сенсей айтгандек жангоҳда дўстликка ўрин йўқ, рақибимнинг ҳужумини кутиб ўтирмай, ўнг оёғим билан юзига маваши урдим. Унинг юзи қоқилган киманодай чарсиллаб кетди, ёмон тегди, мияси чайқалиб кетгани аниқ. Ҳечқиси йўқ, кейин кечирим сўрайман, “бошинг билан оёғимга ёмон урдинг”, деб ҳазиллашаман, ҳозир бир зарбасини ўтказаман… йўқ! Ваъдалашганмиз, аямайман.

Ҳакам очкони менга бериб “ҳажиме” деганда Жасур жанг ҳолатида турмай қўлини кўтарди. Бу жаҳон урушларидаги оқ байроқ кўтаришдай бир гап эди. Мен унинг кўзига қараб анграйиб қолгандим. “?”. Ҳакам ғалабани менга бериб, биринчи ўрин соҳиби эканлигимни маълум қилди. Жасур мард рақиблар қатори мени ғалаба билан табриклади.

-Худо хоҳласа сен жаҳон чемпиони бўласан, сенсейнинг юзини ёруғ қиласан—деди у зўрға овози чиқиб. Жасур мени қаттиқ қучиб олиб, ҳадеганда қўйиб юбормади. Ҳакам бизга ҳайрон бўлиб яқинлашди, ранг-қути тўсатдан ўзгариб қолди. Жасур нафас олмаётган экан… Мен бадбахт ўз дўстимни ўлдирган эканман…

Ўзимни сув остида шўнғигандек ҳис қилдим, қулоқ чингиллайди. Кўзларим тиниб кетди. Зал чайқалаётгандек, атрофимдаги одамлар қалқиб кетаётгандек туюлди. Бир аҳволда залдан судралиб чиқдим. Пича пиёда юрдим, чуқур-чуқур нафас оламан. Қор ҳали пағалаб ёғиб, замин ёқимсиз бўлиб қолган эди. Тарновларда эртакларда бир вақтлар ўқиганим, Ҳизр буванинг соқолларидек, узун сумалаклар осилиб турибди, назарамда қор ёғмаётган, худди ҳавода муаллақ тургандай эди. Бироз ўзимга келдим, харракка бориб ўтирдим.

Олдимдан икки рус ўтаётиб менга ғалати қарашди, улар қалтираб, оғизларидан пар чиқиб тез ўтиб кетишди. Эътибор бермадим. Сал ўтиб тез ёрдам машинаси залимиз биноси томонидан баланд қичқирган сирена билан учиб ўтиб кетди: Жасурнинг жасадини олиб кетишаётган болсалар керак…

-Ана у! – деб қичқирди кимдир.

Бу овоздан сергак тортдим. Бирпасда татамидошларим гирдимни ўрашди. Булар ҳам бояги рус қизлардек анграйиб боқишди. Сенсей Жаҳонгирга пичирлаб бир нима дегади, у қаергадир ғойиб бўлиб, бир пасда кийимларимни олиб келди. Шу совуқда оёқ яланг, бош яланг, қурри киманода турган эканман. Сенсай шоша-пиша пайпоғимни оёғимга илдирди, шимимни қўлимга тутқазгаларида анграяверганимдан, қўлимдан шартта олиб, мени шу харракка ётқиздилар.

-Қаққайиб турмаларинг!

Болалар, туфлигимни кийдирди, устимдаги қорни қоқишди. Курткамни мажбурлаб кийдирганларида ечиб отдим:

-Исиб кетяпман, мени тинч қўйларинг!

* * *

Касалхонадамиз, тавба, қандай касал эканимни ўзим ҳам билмайман. Ойим мен билан, зерикмаяпман. Бир пайт эшик тиқиллаб қолди, ойим уни очдилар: сенсей келибдилар. Қизиқ, ойимга салом бермадилар, менинг саломимга алик олмадилар. Кириб олиб нуқул менга тикиладилар, кўзларида бир нима милтиллаяпти. Тавба, йиқилай-йиқилай деганимда ҳам орқамга Азизни опичтириб стадионни гир югуртирган, кўз олдим қоронғулашиб йиқилганимда Азиздан-да барзангироқ болани орттирган бағритош сенсейнинг кўзларими бу? Зарбам қопни йиртмагунча уйимга жўнатмаган раҳмсиз кишининг козларими бу? Ҳа, ўша. Фақат бу кўзларда ҳозир қаҳр йўқ… нам.

-Тинчликми?—сўрадилар аям бир менга, бир сенсейга қараб. Сенсей томоқ қирдилар.

-Жасурни сен ўлдирмагансан. У тузалмас касал бўлган, бошида ўсимта бўлган, ўлимини билган. Шунга қарамай кумитега чиққан. У ўзига ишонарди, нияти финалгача сени қўллаб, далда бўлиб, сен билан финалга чиқиш бўлган, тушунаяпсанми? Ютқазмоқчи боълган… сен учун. Чампион бўлишингни истаган…

Кўз олдимдан тиббий кўрик машмашаси ўтди…

Кейин мусобақадан бир кун олдин Жасурникига борганимни эсладим.

-Бир савол бор жўра, лекин сал ғалати, олдиндан узр. Тасаввур қил: сен ўрмонда дўстинг билан кетяпсан. Кутилмаганда илон ҳамла қилиб қўлингдан чақиб олди. Дўстинг қўлингни сўриб, заҳарни чиқариб, туфлаб ташлайди. Яна йўлларингда давом этасизлар. Энди илон дўстингнинг оёғидан, терлаган, расво товонидан чақиб олди.

-Хўш, кейинчи?

-Сен… сен заҳарни сўриб олармидинг?

Бироз ўйлаб, “ҳа” дедим.

-Сендан шуни кутган эдим—деди Жасур кўзини бир нуқтадан узмай…

Тишларим ғижирлади, қўлларим мушт бўлиб тугилди.

-Мен жаҳон чемпиони бўламан!— дея ҳайқирдим. Бу кутилмаган ҳайқириқдан аям чўчиб тушдилар, сенсейнинг эса худди чўққига чиқиб бўлган алпинистдай чуқур ва хотиржам нафас олганларини эшитдим.

Темиров Ботир, 2007, Апрел.

П.С ушбу ҳикоя 2007 йил 12-Майда “Бекажон” газетасининг 40- сонида ва шу номли кичик ҳикоялар тўпламида эълон қилинган.