Kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda olganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilandi.
Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan qonun (O’RQ-899-son, 19.01.2024 y.) bilan bir qator kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Jumladan, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, quyidagilarga nisbatan javobgarlik belgilandi:
Mobil qurilmaning xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodini qonuniy ishlab chiqaruvchining ruxsatisiz o‘zgartirish, xuddi shuningdek, ushbu maqsadda maxsus dasturlarni ishlab chiqish, tarqatish yoki ulardan foydalanish BHMning 15 baravaridan 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Bunda huquqbuzarlik sodir etish quroli musodara qilinadi.
Abonent qurilmasining identifikatsiyalash modulini qonuniy ishlab chiqaruvchining yoki uning qonuniy egasining ruxsatisiz o‘zgartirish yoki uning nusxasini yaratish huquqbuzarlik sodir etish qurolini musodara qilib, BHMning 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda olish, o‘tkazish yoki ayirboshlash, litsenziya olmasdan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish 15 sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga yoki maʼmuriy qamoq qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Muallif: Termiz shahar adliya bo‘limi YXKM bosh yuriskonsulti B.Sharipov