November 7, 2024

M.V.LOMONOSOV NOMIDAGI MOSKVA DAVLAT UNIVERSITETI BILAN ILMIY HAMKORLIK

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Ayni vaqtda biz ta’lim-tarbiya muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, muallimlar, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, xorijdagi yetakchi ta’lim markazlari bilan ilmiy-pedagogik hamkorlikni kuchaytirish, o‘quv –tarbiya jarayonlariga zamonaviy ta’lim va axborot texnologiyalarini, yangi o‘quv metodikalarini joriy etish bo‘yicha hali oldimizda ko‘plab dolzarb vazifalar turganini yaxshi anglaymiz va ularning yechimi ustida doimiy ish olib boramiz”. Shu ma’noda Buxoro davlat universiteti professor-o‘qituvchilari xorijdagi o‘z sheriklari, jumladan, fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlari, ilmiy markazlar, oliy ta’lim muassasalari bilan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama ilmiy hamkorlik olib bormoqdalar.
Ayni damda Buxoro davlat universitetining o‘zbek tilshunosligi va jurnalistika kafedrasi professorlari f.f.d. (DSc) B.S.Jamilova hamda f.f.d.(DSc) G.I.Toirova xalqaro munosabatlarning zamonaviy tizimini shakllantirish, ilmiy-tadqiqot sohasida hamkorlik ishlari, yangi o‘quv metodikalarini o‘rganish va joriy etish maqsadida Rossiya Fanlar Akademiyasining V.V.Vinogradov nomidagi rus tili instituti professor Margarita Ivanovna Chernisheva hamda M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari kafedrasi mudiri, professor Aleksey Vladimirovich Muravyov va dotsent Korayev Timur Kazbekovich bilan hamkorlik o‘rnatish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Shu bilan birga sohada hali bajarilishi lozim bo‘lgan muammolar, jumladan: - o‘zaro ilmiy aloqalar bo‘yicha yangicha tizim yaratish; - xorijiy davlatlar ilmiy muassasalari bilan mustaqil ravishda, teng sheriklik asosida ishlash tajribasi o‘rganish; - yaratiladigan ilmiy ishlanma va ilmiy maqolalarni hammualliflikda nashr etish, hamrahbarlikda ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirish, tilshunoslik va mediakommunikatsiya yo‘nalishida professor-o‘qituvchilar uchun malaka oshirish, talabalar ishtirokida yozgi maktab loyihasini rivojlantirish borasidagi aniq dasturiy rejalar tuzildi. Bunday hamkorlik o‘zbek olimlarining xorijiy davlatlardagi yirik nufuzli ilmiy anjumanlaridagi ishtiroki, ilmiy salohiyatining ortishi, xorijiy grantlar bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlar olib borishga, pirovard natijada QS jahon universitetlari reytingida Buxoro davlat universitetining akademik obro‘sini oshirishga shart- sharoit yaratadi.