Ulug`bek Hamdamning “OTA” romani asnosida
O’limki, hayotga teng, O’limki, umidga chulg`angan…
Bolaligimda g`alati bir qand bo`lardi. Har kuni bir dona sotib olib yeyishni xush ko`rardim. Og`zingga solarkansan, meva ta’mini his qilasan. Tugamasaydi, deysan. Sal o`tib qand ichidan achchiq qorishmasi tarqalib, butun sezgilaringni o`ynatadi. Shodon va xotirjam qiyofang norozi va behalovat tus oladi. Shunda ham shu shirinlikni tugatib qo`yish ishtiyoqida davom etasan…
Ulug`bek Hamdamning “Ota” romanini o`qib, ilk olgan taassurotim mana shu rangli qandning og`zimdan haliyam ketmagan mazasini eslatdi. Bolaligimga qaytdim. “Ota” bu shunday asarki, kitobni ochgan zahoting O`tkir Hoshimovni eslaysan. Chunki asarning ilk sahifasi “Barcha otalarga bag`ishlanadi”, degan izhor bilan boshlanadi. O`tkir aka dunyoning barcha onalariga atab yozgan qissa kabi sevikli. Bir necha sahifa qoralaganingdan so`ng ko`z oldingda “Kafansiz ko`milganlar” qismatiga sherik Shukrullo bobo shuuringda bo`y ko`rsatadi. Jangning adoqsiz dardlari, musibatlari Oybek domlaning “Quyosh qoraymas”idek, Hemenguey boboning “Alvido Qurol”idek o`qimishli. Nikita va P`olatning o`tda yonmas, suvda cho`kmas rishtasi esa fikringni uloqtirib uzoq Bobil afsonalariga olib boradi-da, butun Yer sayyorasiga bir-bir bo`ylashga majbur etadi. Beixtiyor ikki bahodir Gilgamish va Enkiduni, Bobotog`da singirlarini qisirlatib uchrashgan ikki alp Alpomish va Qorajonni, va nihoyat insonning ilohiy ishqiga guvoh mitti shahar Ko`nyoning ikki javhari Shams Tabriziy va Jaloliddin Rumiy siymosini his etasan. Asarni varaqlash asnosida mana shu hislar og`zimda erigan qand misol kechdi. Yozuvchi esa bu go`zal do`stlikka bir og`iz gap bilan izoh beradi: “Hatto kishining o`z soyasi ham uning o`zi bilan Nikita va Po`lat birga bo`lganchalik birga bo`lolmaydi…”
“O`tgan kunlar”ni har o`qiganimda yuragimda isyon his qilar edim, Otabekka nisbatan isyon, turmushga nisbatan isyon, Zaynabga nisbatan isyon. Holbuki ularning hech birida ayb yo`q, asl aybdor Kumushni qalamida o`ldirgan Qodiriyligini bilardim. Norozilik to`pponchasini kimga qaratmasam ham, qalbimda bir ovoz uning aybdor emasligini aytib turar edi. “Ota” romanini o`qib, mana shu kechinmalarni qayta kechirdim. Va eng muhimi yillar bo`yi meni qiynagan isyonga halovat topdim.
O`tkir aka – Ulug`bek Hamdam aytmoqchi, haqiqiy o`zbek otasi. O`rtadagi yillar farqini aytmasa, Yusufbek Hojining aynan o`zi. Oychechak opa – O`zbek oyimni shu qadar eslatdiki, ikki tanada bitta ruh yashayotgandek his qildim. Po`lat(boy) (boy alqov qo`shimchasini ishlatishni joiz topdim. Zero, hayotning bor muhabbati va azobini totgan insonga bundan ortiq ta’rif yo`q.) – dunyodagi nodir otalarning jamlanmasi. Yog`du – hayotning bebaho javhari. Alloh tomondan bir erkakka rahmat nazaridan berilishi mumkin bo`lgan mukammal omad timsoli. Sevinch… Real hayotda ham ko`plar intizor bo`lgan, necha yillar sajdaga bosh qo`yib Rabbimdan o`tinayotgan shirin ne’mat. Erboy – hayotning hayot ekanligini, unda hamisha to`qnashuvlar, og`riqlar, adolatsizliklar bo`lishini, qismat posangisini og`masligi uchun yaratilgan toshning ayni o`zidek qahramon.
Yashar ekansan, qisqa umring davomida barcha tuyg`ularni boshdan kechirasan. Adolat va nohaqlik, muhabbat va nafrat, isyon va itoat, vasl va hajr, do`stlik va dushmanlik, topish va yo`qotish, xushnudlik va qayg`u… Bular Allohning sinov nomli lashkarlari bo`lsa ne ajab?! “Ota” romani ham umr bo`yi uchratganing mana shu yaratiqlar tizmasidan iborat. Inson dunyoga kelar ekan, o`zi qo`ygan maqsad sari intiladi. Maqsadingizda xatolik bo`lsa, topganingiz yo`qotganingizdan-da og`irroq bo`ladi. Bu hayotning eng sodda qonuni. Asar qahramoni Po`lat ham maqsadini noto`g`ri qo`yish asnosida ko`p balolarga giriftor bo`lgan, ammo har qanday vaziyatda Alloh yuqtirgan vijdoni, mardligi, pokligi sabab umrning beayov jodisidan boshini omon saqlay olgan betakror obraz. Mashaqqat tegirmonidan ilma-teshik bo`lgan qalbini hovuchlab, omon chiqar ekan, xatolar natijasida anglagan hayotning oliy haqiqatini o`ylay boshlaydi: “Bir kelish-u, bir ketishda! Shu kelib ketishda ortingdan qoladigani faqat bola! Bola – o`limning yuziga inson tushirgan tarsaki. Ortidan farzand qoldiribgina “Dunyoda men ham borman”, deya oladi erkak kishi. Yo`qsa umr hovuchingga olgan suvdek oqadi-ketadi. Farzand, faqat farzand. Qolgani bekor…”
Lekin insonning haqiqatlari Allohning adolati, haqiqatlari oldida jo`n bir chiranish, ehtimollar nazariyasi xolos. Chunki bugun bizga oliy haqiqat bo`lib ko`ringan hodisot, ertaga ulkan xato bo`lishi mumkin. Bandamiz, taqdirning, qismatning yozig`iga bandi. Isyon qilgan onimiz tartibga chaqiriladigan imtihon topshiruvchi toliblar. Eng muhimi, olamdagi insonlik vazifang ado bo`lmas ekan, nasibang uzilmaydi. Dunyoga keldingmi, missiyangni ado etishing shart. Undan kam ham, ortiq ham bo`lmaydi, Po`lat ota bir inson hayoti bilan shu qonunni isbotlagan, dunyodagi barcha mehribon, or-nomusli, isyonkor bo`lish barobarida Allohning irodasi oldida taslim, butun umri sevinch-u armon orasida o`tgan otalarning ramzidir.
Roman poyoniga yetar ekan, ko`zimdagi yoshni sidirib shivirlayman. Yaxshiki, “Yolg`izlikning yuz yili” singari nasl davomchisi qurib, qovjirab bitmadi. Yaxshiki, Yodgor bor. U insonlar o`ylagandek valadi zino emas. U Allohning tuhfasi, Po`lat otaning orzulari ijobati. Butun niyatlarini naslim davom etsin, degan pok orzuga tikkan otaning muhabbati tajassumi. Shukurki, asar nihoyasida Sevinchning ikki yuzidek ham ayanchli, ham go`zal umrning zalvoridan tolgan Po`lat ota oliy haqiqatni anglab yetadi. Barcha kitobxon qatori men ham o`z haqiqatlarimni kundalikka chizaman: “Hayot senga qanchalar katta shlagbaum qo`ymasin, yaxshilikdan umidingni uzma. Alloh hammaga ham Sevinch misoli umringni nurga, muhabbatga to`liq, yashash uchun arziydigan yaratiqlarni tuhfa etadi. Faqat bir qoidani bilsang bo`ldi. Har qanday vaziyatda ham vijdon amriga quloq sol. Isyon qilma.”
Sitora Shamsiddinova,
Jurnalist