December 17, 2024

MAMLAKATIMIZDA NOGIRON BOLALAR UCHUN TA'LIM VA PARVARISH IMKONIYATLARI KENGAYMOQDA

Kundan kunga O‘zbekistonda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha islohotlar takomillashtirilmoqda. Shu maqsadda 13-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida  ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar  va 2025 yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilab qo‘yilganidek, O‘zbekiston ijtimoiy davlatdir, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar ham ancha salmoqli. Yurtimizning barcha hududlarida “Inson” markazlari ochilishi hamda 102 ta ijtimoiy xizmat mahallalarda joriy etilishi fikrimizning yorqin dalilidir.

Uch oy oldin viloyat va tumandagi bir qator rahbarlar hududlaridagi kambag‘al oilaga biriktirilib, ular bilan individual ishlashi yo‘lga qo‘yildi. Buning natijasida ushbu oilalardagi ko‘plab odamlar doimiy ish joyiga ega bo‘ldilar, tadbirkorlik va tomorqadan olinadigan daromadlar hamda ushbu sohada mehnat qiluvchi oilalar soni oshirildi. Ayniqsa, yoshlarga alohida e’tibor qaratilib, bog‘cha, to‘garak va kasbga o‘qitishga yo‘naltirildi. Tibbiyot sohasida ham samarali natijaga erishildi, jumladan, 45 ming muhtoj aholiga tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Yig‘ilish davomida ushbu sohada tegishli talablar asosida ishlar tashkil etilmaganligi holatlari ham muhokama ostiga olindi hamda maxsus chora-tadbirlar ko‘rildi.

Kelgusida rejalashtirilgan ishlar qatoriga 1 million 200 ming aholini ta’lim, to‘garak, kasb-hunar, tibbiyotga yo‘naltirish asosida kambag‘allikdan chiqarish  masalalarini hal qilish va yashash sharoitini yaxshilash lozimligi ta’kidlandi.

Bu sohadagi ijobiy tajribalar tahlil qilindi hamda amaliyotga keng tadbiq etish rejalashtirildi. Toyloq va Kosonsoy tumanlarida “Ilk rivojlanish markazlari” ochilganligi bunga bir misol.

Fuqarolarning bir qator hujjatlarni o‘zlari bilan olib yurishlarini cheklash, ularga qulaylik yaratish maqsadida– “ijtimoiy karta” joriy etiladi. U bilan bilan jamoat transportida bepul yurish, elektr, gaz va o‘qish xarajatiga kompensatsiya olish mumkin bo‘ladi. Nafaqa va yordam pullari ham ushbu kartaga tushadi.

Reabilitatsiya xizmatlarini yaxshilash borasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Har bir viloyat va tuman shifoxonasida reabilitatsiya xizmatlari yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirildi. Professor-o‘qituvchilar Koreya tajribasi asosida qayta o‘qitiladi. Respublika reabilitatsiya markaziga Koreya va Yaponiyadan ekspertlar olib kelinib, mutaxassislar malakasi oshiriladi.

Nogironlikning ba’zi turlarida uy sharoitida bajariladigan mashqlarni o‘rgatish orqali bemor sog‘lig‘ini tiklashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ularga maxsus mashqlar dasturi va sog‘lom ovqatlanish menyusi tarqatilishi belgilab qo‘yildi.

Yaratilgan imkoniyatlar natijasida joriy yil tadbirkorlar nogironligi bor 40 ming fuqaroni ishga qabul qilgan. Buni yanada takomillashtirish maqsadida 1-yanvardan nogironligi bo‘lgan ishchilar uchun ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilandi.

Imkoniyati cheklanganlarga tavsiya etiladigan sport turlari kengaytiriladi. Bu yo‘nalishdagi sport murabbiylari oyligi 1-yanvardan 1,5 barobar oshirilishi esa ushbu sohadagi  ishlar yanada rivoj topishiga asos bo‘ladi.

Nogironligi mavjud bolalarni ta’lim bilan qamrab olish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, har bir tumanda bittadan bog‘chada inklyuziv ta’lim guruhi ochilishi belgilandi.

Buxoro davlat universitetida ham bu borada bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, universitetda  sportning bir qator turlari (masalan, stol tennisi, shaxmat, shashka, arm wrestling) bo‘yicha musobaqalar, “Zakovat” intellektual o‘yinlari tashkil etiladi. Ayniqsa, har yili 3-dekabr  “Xalqaro nogironlarni himoya qilish kuni” munosabati bilan “Matonatli yoshlar forumi” tashkil etiladi. Joriy yilda o‘tkazilgan “Matonatli yoshlar forumi” esa “Yangi O‘zbekiston yoshlari birlashaylik” shiori ostida bo‘lib o‘tishi universitetdagi imkoniyati cheklangan talaba-yoshlarning ko‘ksini g‘ururga to‘ldirdi.

Yuqorida amalga oshirilgan ishlar va belgilangan maqsadlar mamlakatimizda ushbu sohadagi ishlarning natijasi hisoblanadi.

Otabek Jalolov,

BuxDU Axborot xizmati bo‘limi boshlig‘i