February 1

UNIVERSITETDA VILOYAT PROKURATURASI HAMDA BUXORO TUMANI HOKIMLIGI BILAN HAMKORLIKDA "DEHQON XO‘JALIKLARI VA TOMORQA YER UCHASTKALARIDAN YUQORI VA SIFATLI HOSIL OLISH ORQALI KAMBAG‘ALCHILIKDAN CHIQISH" MAVZUSIDA LOYIHALAR TAQDIMOTI O'TKAZILDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 30-yanvar kuni tomorqada va ijaraga berilgan ekin yerlarida daromadli mahsulot yetishtirishning yangi tizimi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aholi tomorqa va dehqonchilik yerlarida yuqori daromadli va eksportbop ekinlar ekish ishlarini tashkil qilish bo‘yicha hudud rahbarlariga aniq vazifa va topshiriqlar berildi.

Ushbu videoselektorda berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida bugun BuxDU Tabiiy fanlar va agrobiotexnologiya fakultetida seminar tashkil etildi. Seminarda Buxoro viloyati prokurori Ulug‘bek Hamdamov, Buxoro tuman hokimi Anvar Ochilov hamda tumandagi sektor rahbarlari, universitet rektori O.X.Xamidov ishtirok etdilar. Dastlab viloyat prokurori boshchiligidagi guruh universitet rektori Obidjon Xamidov hamrohligida fakultetda amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari bilan yaqindan tanishdilar, shundan so'ng olimlar bilan uchrashuv bo'lib o'zaro fikr almashinildi. Ushbu tashrifdan ko'zlangan asosiy maqsad Buxoro tumani aholisini kambag'alchilikdan chiqarish maqsadida aholi xonadonlariga qishloq xo'jalik ekinlarini ekishni ilmiy asosda yo'lga qo'yishni keng joriy qilishda olimlarning ilmiy loyihalarini taqdimoti ham bo'lib o'tdi.

Uchrashuv davomida Buxoro tumani hokimligi hamda Buxoro davlat universiteti o’rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu memorandum asosida endilikda Buxoro tuman tuproqlarining meliorativ holati va agrokimyoviy ko‘rsatkichlarini tahlildan o‘tkazish (pullik xizmat asosida, transport va boshqa xarajatlar uchun); Tavsiyalar ishlab chiqish; Buxoro tuman hududida uchraydigan zararkunandalarga qarshi biologik kurashish tizimini joriy etib takomillashtirish(pullik xizmat asosida, transport va boshqa xarajatlar uchun); Mevali va manzarali ko‘chat yetishtirish bo‘yicha ilmiy va amaliy tavsiyalar berish; Ko‘kalamzorlashtirish va gulchilik yo‘nalishida ilmiy va amaliy tavsiyalar berish; Baliqchilik sohasini rivojlantirish bo‘yicha ilmiy va amaliy tavsiyalar berish; Mikologiya (zamburug‘) sohasini rivojlantirish va yetishtirish bo‘yicha ilmiy va amaliy tavsiyalar berish; Limonchilik va uzumchilik yo‘nalishida ilmiy va amaliy tavsiyalar berish; Ochiq dalada an’anaviy va cherri pomidor navlarini yetishtirish bo‘yicha ilmiy va amaliy tavsiyalar berish; Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qadoqlab sotish bo‘yicha ilmiy va amaliy tavsiyalar berish kabi masalalarda ishlar amalga oshiriladi.

Tadbir yakunida Buxoro viloyati prokuraturasiga atrof-muhitni muhofaza qilishda, yashil maydonlarni kengaytirishda yaqindan ko'maklashgan va hamkorlik qilib kelayotganligi uchun Biologiya kafedrasi mudiri N.A.Shamsiyev, ushbu kafedraning dotsenti Sh.S.Pardayev, Biotexnologiya va oziq-ovqat xavfsizligi kafedrasi mudiri L.T.Yuldashov hamda Agronomiya va tuproqshunoslik kafedrasi mudiri O.R.Umarovlar tashakkkurnoma bilan taqdirlandilar.

BuxDU Axborot xizmati