April 14, 2023

JONDORLIK YOSHLAR BILAN JONLI MULOQOT 

Mamlakatimiz aholisining kelajagini va istiqbolini avvalo bugungi yoshlar belgilaydi. Shu sababli yangilanayotgan Konstitutsiyamizda ham bolalar va yoshlar masalasiga bag`ishlangan alohida bob mavjud. Zotan, yoshlar huquqlari qamrab olingan moddaga ko`ra, davlatimiz ularning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, yoshlarning to`laqonli ta’lim olishga, sog`lig`ini saqlashga, shuningdek, alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo`lgan bolalar uchun ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim va tarbiyaning ta’minlanishini muhim yangiliklar qatorida sanash mumkin.

Shu ma’noda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish hamda ular bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Buxoro davlat universiteti rektori Obidjon Xafizovich Xamidov, BuxDU Yoshlar yetakchisi hamda bir guruh psixolog o`qituvchilarining Jondor tumaniga tashrifi muhim amaliy ahamiyat kasb etdi. Yoshlar yetakchilari, hokim yordamchilari bilan birgalikda hokimlik binosida yoshlar hamda ularning oila a’zolari bilan o`zaro muloqot o`tkazdilar. Unda yoshlar yetakchilarining ishtirok etgan yoshlarning muammo va takliflari tinglanilib, tegishli mutasaddi tashkilot rahbarlariga takliflar kiritildi.

Buxoro davlat universiteti rahbariyati va psixologlari hamkorligida tumandagi 51 nafar yoshlarning davolanishga yo`llanma berish, ishsiz yoshlarni ish bilan ta’minlash hamda kasbga yo`naltirish, shuningdek, imtiyozli kredit, uy-joy bilan bog‘liq masalalar joyida muhokama qilindi.

Bundan tashqari, yoshlarning ijtimoiy psixologik holatini yaxshilash maqsadida universitet psixologlari tomonidan psixologik xizmat ishlarini muntazam olib borish bo`yicha manzilli dastur tuzilib, tegishli vazifalar belgilab olindi.

-Kuni kecha Rossiya federatsiyasining Moskva shahridan ishlab qaytib keldim, oilam bagriga qaytar ekanman endilikda o'zimizning qishloqda, oilamga yaqin bo'lib faoliyat yuritmoqchiman, shu maqsadda universitet rektori Obidjon Xamidov boshchiligidagi ishchi guruhga murojaat qildim, ular meni tinglashdi va hovlimizda issiqxona xo’jaligini tashkil etish tavsiyasini berishdi, shuningdek mendek bir yoshlardan biri bo’lgan Rasuljonning xonadonidagi issiqxonani borib ko’rdim, u yerdagi issiqxonada tashkil etilgan shart sharoitlar bilan tanishib menda o’z hovlimizda issiqxona tashkil etish ishtiyoqi uyg`ondi- deydi Jondor tumani Qovchin qishlog`idada istiqomat qiluvchi Tolib Yarashev

Ta’kidlash joizki, bugungi yoshlar o`z haq-huquqlarini yaxshi biladigan, mamlakat hayoti va kelajagi uchun o`z hissalarini qo`sha oladigan olovqalb avlod sifatida bo`y ko`rsatmoqdalar. Bu yangilanayotgan konstitutsiyamizga ular taqdim etgan loyihalarda ham o`z aksini topmoqda. Shu ma’noda “Inson qadri uchun!” degan g`oya ustuvorligi jamiyatning barcha bo`g`ini, a’zolari qatorida yoshlarning ham o`z huquq va erkinliklari kafolatli bo`ladigan, barchaga birdek daxldor me’yorlarni jamlagan huquqiy hujjat yoshlar uchun katta motivatsiyadir. Binobarin, keng jamoatchilik tomonidan qo`llab-quvvatlanayotgan yangi tahrirdagi Konstitutsiya bo`yicha referendum mohiyati baayni ana shunday uchrashuvlardagi amaliy natijalar, hamkorlik faoliyatlarda yorqin aks etadi.

BuxDU Matbuot xizmati