October 25, 2024

Yashil makon-tabiatni asrashning bosh omili

Bugungi kunda  iqlim o‘zgarishi muammolaridan tuz va qum bo‘ronlari muhim o‘rin tutadi. Bu kabi salbiy holatlar  Buxoro va Navoiy viloyatlarida ham hududlarida kuzatiladi. Tuz va qum bo‘ronlarining kelib chiqishiga esa o‘simlik qoplamining qisqarishi hisoblanadi.

Tuz va qum bo‘ronlarini oldini olishning samarali usuli albatta yashil maydonlarni ko‘paytirishdir. 10–14 metr sekund tezlikdagi shamollar sabab yuzaga keladigan qum bo‘ronlari natijasida havo tarkibida chang miqdori me’yordan 5,9 barobar ko‘payishi aniqlangan.

Ushbu muammoni oldini olish uchun cho‘l sharoitiga moslashgan o‘simliklarni ekish muhim ahamiyat kasb etadi. Saksovul, cherkez kabi o‘simliklarni ko‘paytirish orqali ko‘chma qumlarni mustahkamlash mumkin. Shuningdek, bu usul yerning ustki qismida shamol tezligini kamaytirish imkonini ham beradi. Soha olimlarining ta’kidlashicha, 3 yillik saksovulzorda qum ko‘chishi 55 foizga, 5 yillikda esa 79,5 foizga kamayadi. Buni qarangki, mazkur buta 7 yoshda yanada o‘sib o‘sha hududda bu kabi salbiy holatlar butunlay to‘xtaydi. Uning ildizi baquvvat bo‘lib, bir tupi 10 tonnagacha qumni mustahkamlab, ko‘chkilarga yo‘l bermaydi. Ildizi tuproqqa chuqur kirib borib, gorizontal yo‘nalishda sakkiz metrgacha yetishidan ma’lumki, qumlarni mustahkamlashda katta ahamiyatga ega. Xuddi shuningdek, cherkezning ham ildizi tuproqqa chuqur kirib boradi.

Havo tarkibini yaxshilab, atrof muhitni ifloslanishiga chek qo‘yishda ham bu o‘simliklarning ahamiyati katta. Tadqiqotlarga ko‘ra, 1 gektar yerdagi saksovul va cherkez yil davomida 1135 kilogramm karbonat angidrid gazini yutib, 835 kilogramm kislorod ajratadi.

Ammo bugungi kunda ayrim hududlarda o‘simlik qoplami qisqarib bormoqda. Uzkosmos agentligi Buxoro va Navoiyda 35 gektardagi qum va shamolni ushlab qoluvchi cho‘l o‘simliklari qoplamasi yo‘qolib ketganini aniqladi.

Yuqoridagi ekologik muammolarni e’tiborga olgan holda prezidentimiz tomonidan "Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ishchi guruhi tuzib, ushbu 2 ta viloyatning cho‘l va yarim cho‘l hududlarida “yashil” maydonlarni ko‘paytirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi. “O‘zbekkosmos” agentligi bilan birgalikda cho‘llarda ekologik holatni monitoring qilish platformasi yaratilishi belgilab olindi. O‘rmon xo‘jaligi agentligining bu yo‘nalishdagi mas’uliyati oshiriladi. Agentlikka har bir hudud iqlimiga mos 100 milliondan ziyod nihol va ko‘chatlarni oddiy usulda mahalliylashtirish hamda yetishtirish xarajatini 20 foizgacha kamaytirish topshirildi.

Fanlar akademiyasi bilan birgalikda 20 gektarda tajriba-sinov maydonchasi qilib, degradatsiyaga uchragan yaylovlarni qayta tiklaydigan o‘simliklarni yetishtirishni tashkil qilish vazifasi qo‘yildi.

Ko‘rinib turibdiki, oldimizda turgan vazifalar nihoyatda zalvorli. Ularni muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirish har birimizdan bor bilim va mahoratimizni ishga solishni, yanayam aniqroq aytadigan bo‘lsak, Vatanimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash yo‘lida yonib yashashni talab etadi. Ana shundagina tabiiy ekosistemalarning yo‘qolib ketishi oldini olgan bo‘lar edik.

Ishonchim komilki, mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt ekish ishlarini amalga oshirish  yurtimiz iqlimini mo‘tadil saqlashga, pirovardida tabiatni asrash, aholi salomatligini yaxshilash, xalqimiz farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Z.A.Boltayeva