November 19, 2024

SHARIF SHAHARGA MEHMON BOʻLGAN USTOZ

Buxoro davlat universiteti Tarix va yuridik fakulteti Tarix ta’lim yo‘nalishi 5-4 TAR 21 guruh talabalari bilan Namangan Impuls tibbiyot instituti professori, tarix fanlari nomzodi Qozoqov Tohirjon hamda Turizm bo’yicha xalqaro toifadagi mutaxassis Rustamov Abdurashidlar bilan Manbashunoslik va tarixshunoslik fani doirasida Jahongir Ergashev ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” o’tkazildi.

Uchrashuv davomida so‘z olgan Tohirjon Qozoqov Farg‘ona vodiysining qadimgi poytaxti bo‘lgan Axsikent shahrining qisqacha tarixi haqida to‘xtalib o‘tdi.

“……Keyingi vaqtlarda Vatanimiz tarixini xolisona o‘rganish, targ‘ib qilish borasida soha olimlarimiz tomonidan talay yangiliklar ilmiy jamoatchilikka havola etildi. Tarixiy jarayonlar, qator shaxslar hayoti yangidan o‘rganilib, betaraf baho berilgan holda taqdim etilmoqda. Hali oldinda ancha ishlar kutmoqda. Bu avvalo allomalarimiz qoldirib ketgan birlamchi manbalarga tayangan holda o‘tmishimizni sinchiklab o‘rganib, hech qanday bo‘yoq va soxtalashtirishlarsiz xalqimizga yetkazishdan iboratdir. Kimlardir bayon etgan yo ularning g‘oyaviy ta’sirlari ostida taxminlarga tayanib yozilgan “tarix”lardan voz kechish payti allaqachon keldi. Bu bevosita Farg‘ona vodiysining ko‘hna poytaxti Axsikent tarixi bilan ham bog‘liqdir. Ya’ni, XX asrning 60-yillarida biron bir ilmiy asosga ega emas sun’iy, yasama “Yangi Axsikent” tushunchasi paydo bo‘ldi. Bugun ham ayrim ilm ahli, ziyolilar va din ulamolari sobiq sovet davridagi bu kabi quruq puch g‘oya va nazariyalardan voz kecha olmay, ommaviy axborot vositalari orqali safsata chiqishlar qilmoqdalar. 2017 yil 16 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida “Axsikent” arxeologiya merosi ob’yektini muhofaza qilish va tadqiq etish yodgorlik majmuasini tashkil etish to‘g‘risida” Qarori chiqdi. Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019 yilning 28 fevralida Axsikent yodgorligiga tashrif buyurganida bu yerni Umarshayx Mirzo o‘z davlatining poytaxtiga aylantirganligini, mazkur shahar va ul zot tarixini birlamchi manbalarga tayangan holda xolis o‘rganib, haqqoniy yoritish lozimligini ta’kidladilar”.

Savol-javob tarzida o’tgan uchrashuvda iqtidorli talabalarga muallif o’zining “Axsikentning muxtasar tarixi” nomli ilmiy asarini sovg’a qildi.

Ma’lumot uchun: Qozoqov Tohirjon Qodiraliyevich 2001 yil “XX asr boshlarida Farg‘ona vodiysidagi ijtimoiy - siyosiy ahvol va jadidchilik harakati” mavzuidagi tarix fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyasini himoya qildi. Hozirda “Qoraxoniylarning o‘zbek davlatchiligi tarixida tutgan o‘rni” nomli doktorlik dissertatsiyasi ustida ish olib bormoqda. Respublika va xorij nashrlarida 150 dan ortiq maqolalari e’lon qilingan. “Farg‘ona vodiysida jadidchilik harakati” va “Yangi Axsikent: tarixshunoslik tahlili” nomli monografiyalari, “Axsikent – turist va ziyoratchilar uchun yo‘lko‘rsatkich”, “Axsi – Farg‘ona shaharlarining onasi”, “Ibrat nigohidagi Axsikent”, “Buyuklarga beshik bo‘lgan Axsikent yoxud Farg‘ona allomalari”, “Axsikent afsonalari”, “Xonzodabegim Umarshayx Mirzo qizi”, “Axsikentning muxtasar tarixi” nomli ilmiy asarlari chop etilgan. Markaziy Osiyo tarixchilari xalqaro uyushmasi a’zosi. Xalqaro “Turon birligi” va “Berdaq” medallari sohibi. Axsikent xalqaro ilmiy tadqiqot jamoat birlashmasi rais o‘rinbosari.