O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etishiga munosabat
Hurmatli Prezidentimiz Bishkek shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi va nutq so‘zladi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida Ostona va Shusha shaharlaridagi uchrashuvlardan keyingi vaqt mobaynida global geosiyosiy jarayonlar tobora murakkab tus olganini alohida ta’kidladi. Yetakchi davlatlar o‘rtasidagi raqobat va ishonchsizlik muhiti keskin kuchayotganligini, ziddiyat va urush o‘choqlari ko‘payib, turli xavf-xatarlar yanada ortayotganligiga alohida urg‘u berdi.
Haqiqatdan ham ushbu muammolar savdo, investitsiya, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalardagi qo‘shma reja va katta loyihalarga jiddiy to‘siq bo‘lyapti. Ayniqsa Yaqin Sharqda davom etayotgan adolatsiz urush va kuzatilayotgan ikki yoqlama standartlar, G‘azo sektori va Livandagi misli ko‘rilmagan gumanitar fojia, tinch aholiga qarshi vayronkor hujumlar, ayniqsa, begunoh bolalar, keksalar va ayollar qurbon bo‘layotgani bugunning eng katta fojealaridan biri hisoblanadi.
Prezidentimiz mazkur sammitda yon qo‘shnimiz Afg‘onistondagi vaziyatga alohida e’tibor qaratdi. Bu borada vazirlar va ekspertlar darajasidagi muntazam muloqot mexanizmini yo‘lga qo‘yish muhimligini alohida qayd etdi. Chunki Afg‘onistondagi o‘tkir muammolarni hal etishda amaldagi hukumatga yordam ko‘rsatish, bu davlatni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga keng jalb etish, ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini ro‘yobga chiqarish masalalari albatta ko‘rib chiqilishi lozimdir.
Prezidentimizning mazkur Sammitda ilgari surgan takliflari ham o‘ta ahamiyatli hisoblanadi, bunda avvalo tashkilotning shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish va mustahkamlash muhimligini ilgari surdilar. Bunda Turkiy davlatlarning strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnomani qabul qilish taklif etdilar. Bu taklif o‘zining dolzarbligi va ahamiyati nuqtayi nazardan bugun juda katta ehtiyoj bor edi, bu narsa mazkur Sammitda uddalandi albatta. Shuningdek, tashkilot doirasida yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini yaratish maqsadida tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish, savdo-bojxona tartib-qoidalarini yengillashtirish, elektron tijorat platformalarini rivojlantirish bo‘yicha aniq bitim va kelishuvlarni ishlab chiqish tashabbusi ham ilgari surildi. Shu munosabat bilan savdo sohasidagi salohiyatni kengaytirishga qaratilgan chuqur tadqiqotlar olib borish uchun yaqin istiqbolda Toshkentda yetakchi tahlil markazlarining anjumanini o‘tkazish taklif qilindi.
Prezidentimiz, Jahon moliya bozorida kapitalga bo‘lgan talab va uning qiymati ortib borayotganligi, rivojlanayotgan davlatlarga uzoq muddatli va "yashil" kreditlar ajratish shartlari murakkablashayotganligi tufayli moliyaviy instrumentlarni joriy etish, Turkiy investitsiya fondi faoliyatini faollashtirish va Turkiy taraqqiyot bankini tashkil etish zarurligini ham taklif etdilar.
Yana shuni alohida qayd etish kerakki, qardosh xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish, yoshlarni ajdodlarimizga munosib ruhda tarbiyalash maqsadida tashkilotga a’zo mamlakatlar tillarida turkiy xalqlar og‘zaki ijodining ko‘p jildlik to‘plamini nashr etish, birgalikda fundamental tadqiqotlar olib borish, maktablarda turkiy xalqlar va ularning tarixi, etnografiyasi, madaniyati va san’ati bo‘yicha fakultativ darslarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha taklifni ham ilgari surdilar. Bu ham qardosh xalqlarni yanada jipslashtirish uchun o‘ta muhim element hisoblanadi.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, hurmatli Prezidentimizning turkiy dunyo, ya’ni qardoshlarimiz bilan bir oila bo‘lib yashash, bir birimizni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borayotgan qat’iy siyosatlari kelajakda mamlakatimiz nufuzi va salohiyatining yanada yuksalishiga olib keladi.