REGIONAL EKOLOGIK MUAMMOLAR – CHO‘LLANISH MISOLIDA
Barqaror rivojlanishning asosiy poydevori bo‘lgan iqtisodiy salohiyat birinchi navbatda mamlakatimizning tabiiy resurslaridan, ayniqsa, yer-suv resurslaridan samarali foydalanishni taqozo qiladi. O‘zbekistonning yetmish foizdan ortiqroq maydoni qurg‘oqchil, ya’ni cho‘l va tog‘oldi, chalacho‘l – quruq dasht (adir) zonasiga kiradi. Mazkur zonada bunyod etilgan vohalar, iqtisodiy-ijtimoiy tizimlar va aholining suv ta’minoti o‘zga mamlakatlardan kirib kelayotgan suv manbalari hisobidan qondiriladi. Shu bois bugungi kunda respublikamizda ichimli va sug‘orma suv muammosi davlat siyosati darajasida turgan vazifalardan biridir. Ayniqsa bu muammo mamlakatimizning markaziy cho‘l zonasida joylashgan Buxoro viloyati uchun dolzarb masalasidir.
Cho‘llanish jarayoni XX asrning 50-yillaridan boshlab dunyo hamjamiyatini tashvishga sola boshladi. Natijada uni o‘rganish, bartaraf qilish masalalari olimlarning diqqat markazida bo‘ldi. Shular qatori mamlakatimizda ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Cho‘llanish global muammo bo‘lib, tabiat va inson munosabatlarining buzilishi oqibatida vujudga keladi. Uning har qanday ko‘rinishi tabiiy fanlarning tadqiqot obyekti va predmeti bo‘ladi. Mana shunday keng mushohadali tushuncha bo‘lgan cho‘llanishni bayon qilishda u bilan bog‘liq atamalar ko‘p qo‘llaniladi. Masalan, bunga dezertifikatsiya, dezertizatsiya, degradatsiya, deflyatsiya kabilar misol bo‘ladi. Cho‘llanish – bu atrof-muhitdagi hosildor yerlar hosilini kamayishi, iqlim quruqlashishi, cho‘l hududlarining kengayishi va ekosistemalar muvozanatining buzilishidir.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kuni kecha o‘tkazgan videoselektori yig‘ilishida Buxoro va Navoiy viloyatida 35 gektardagi qum va shamolni ushlab qoluvchi cho‘l o‘simliklari qoplamasi yo‘qolib ketganini, ushbu 2 ta viloyatning cho‘l va yarim cho‘l hududlarida “yashil” maydonlarni ko‘paytirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish lozimligini ta’kidladi. Shuningdek, so‘nggi vaqtlarda yurtimizda chang bo‘ronlari tez-tez sodir bo‘layotgani, bunga global iqlim o‘zgarishi bilan birga noqonuniy daraxt kesilishi, suvning kamayishi, tartibsiz chorva boqilishi oqibatida cho‘l yaylovlari degradatsiyaga uchrayotgani ham sabab bo‘lmoqda. Cho‘llardagi o‘simliklar turlari ham keskin kamayib cho‘llanish jarayonlari kuchaygan. Belgilangan vazifalardan biri sifatida Fanlar akademiyasi bilan birgalikda 20 gektarda tajriba-sinov maydonchasi qilib, degradatsiyaga uchragan yaylovlarni qayta tiklaydigan o‘simliklarni yetishtirishni tashkil qilish vazifasi qo‘yildi. “O‘zbekkosmos” agentligi bilan birgalikda cho‘llarda ekologik holatni monitoring qilish platformasi yaratilishi, agentlik cho‘llanishga qarshi kurashish bilan ham jiddiy shug‘ullanishi, hokimliklar qoshidagi “Yo‘l ko‘kalam” tashkilotlari agentlik tizimiga o‘tkazilishi natijasida viloyatimizda cho‘llanish jarayonining oldi olinishiga erishiladi. Kelgusi yilda bu maqsadlar uchun dastlab 50 million dollar grant mablag‘lari jalb etilishi belgilab berildi.
Ushbu vazifalarni bajarishda biz ziyolilar shu yo‘ldagi keng qamrovli faoliyatimizni yanada jonlantirishimiz, har jabhada namuna ko‘rsatib, Vatanimiz rivoji uchun birgalikda harakat qilishimiz lozim.
Buxoro davlat universiteti Ekologiya va geografiya kafedrasi