KURSANTLARNING TALABALARGA VA OʻQITUVCHILARGA OCHIQ AMALIY DARSI SAMARALI TASHKIL ETILDI
Joriy yilning aprel oyi birinchi dekadasida Akademiya Tillar kafedrasi boshligʻi lmvb., podpolkovnik M.Badalbayeva rahbarligida Akademiya kursantlari tomonidan Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti Ingliz filologiyasi fakulteti professor-oʻqituvchilari va talabalariga rejalashtirilgan “Emergency Situations Prevention and Public Safety” mavzusida ingliz tilida ochiq amaliy dars oʻtkazildi.
Ochiq darsda fakultet dekani, dekan oʻrinbosarlari, professor-oʻqituvchilari, tyutorlar, talabalar va FVV Akademiyasi kursantlaridan iborat jami 80 nafarga yaqin ishtirokchilar qatnashdilar.
Dars mashgʻuloti fakultetning katta ma’ruza xonalaridan birida tashkil etilib, kursantlar tomonidan dars rejasi asosida dastlab nazariy qismida video lavhalar, listening (tinglab tushunish) uchun tayyorlangan audio matnlar, doskada mavzuga doir atamalar va iboralar asosida mavzu yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.
Darsning ikkinchi amaliy qismida dars oʻtishning samarali usullari, interfaol, intensiv, accuracy kabi uslublardan keng foydalanilgan holda, asosiy e’tibor oʻqituvchilar va talabalarning ikki va undan ortiq qavatli bino-inshootlarda zilzila roʻy berganida, yongʻin chiqqan paytda, shuningdek ustki kiyim-bosh yonganida, xona va korridorlar tutun bilan toʻlganida qanday harakatlanish lozimligini, binoning evakuatsiya rejasida koʻrsatilgan qavatlar boʻylab, zinalar boʻylab harakatlanish tartibini, eng yaqin chiqish yoʻllarini tushuntirib berishga, talafotlar koʻlamini kamaytirishga, insonning ruhiy tushkunlikka tushib qolmasligi, oʻz vaqtida toʻgʻri va ishonchli harakat qilishda amaliy koʻnikmalar hosil qilishga qaratildi.
Bunda kursantlar talabalar va oʻqituvchilarga savollar berish orqali mavzu boʻyicha ularning bilimlarini oldindan aniqlab oldilar. Soʻng kursantlar auditoriya tinglovchilariga amalda toʻgʻri harakatlanish tartibi boʻyicha tushunchalar berib, oʻzlari hamrohliklarida talabalarni doska oldiga chiqarib, buni amalda koʻrsatib berdilar. Xona va bino qavatlariga tutun to’lganida, yana ustki kiyim-bosh yonganida harakatlanish tartibi yuzasidan kursantlar ishtirokida oʻzlari tomonidan oldindan tayyorlanib, montaj qilingan video lavhalarni namoyish etdilar.
Dars yakunida kursantlar professor-oʻqituvchilar, tyutorlar va talabalarni mavzu yuzasidan qiziqtirgan barcha savollariga batafsil javob berdilar.
Ochiq dars mezbonlar uchun hayotiy dolzarb mavzu ekanligi bilan juda qiziqarli va mazmundor dars boʻldi. Kursantlar ham mavzuga ijodiy yondashib, darsda ustozlar va talabalarni faol ishtirok ettirib, muvaffaqiyat garovini ta’minlashdi. Fakultet dekani filologiya fanlari falsafa doktori, dotsent Zafar Abdusamadov dars yakuni boʻyicha oʻz fikr-mulohazalarini bildirib, ochiq dars ishtirokcilariga qarata shunday dedi: “Bizning Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi bilan hamkorlikda ishlarimiz koʻpdan samarali yoʻlga qoʻyilgan. Meni hayratga solgani kursantlar belgilangan qat’iy kun tartibiga ega boʻlishlari, kazarma holatida harbiy jangovar mashgʻulotlarini olib borishlari bilan bir qatorda ingliz tilini oʻrganishga ham alohida vaqt ajrata olganliklari, oʻz ustilarida tinimsiz ishlashga intilishlari. Kun tartibini oʻzlari belgilaydigan talabalarga ularni bugun ham, umuman har doim oʻrnak qilib koʻrsatishni istardim. Bugungi ochiq dars ham ancha mazmunli va maqsadli amalga oshirildi. Bu uchun Akademiyadan doimiy hamkorimiz podpolkovnik Malohat Badalbayevaga, ishtirokchi kursantlarning barchasiga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman”.
Zamin va hayotiy faoliyat bilan bogʻliq bunday ochiq darslarni kelgusida hamkorlikda oʻtkazilishini tizimli yoʻlga qoʻyilishi, kursantlarimizning kasbiy mahoratlarini oshirishda, xorijlik va mahalliy aholi bilan ishlashlarida ularni amaliyotga tayyorlashda muhim ahamiyatga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi FVV Akademiyasi Matbuot xizmati