Buxoro davlat universiteti rektori Toshkent davlat yuridik universitetiga tashrif buyurdi
Bugungi kunda raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalari taraqqiyotga erishishning muhim shartlaridan biridir. Shu sabab ushbu sohada ishlaydigan mutaxassislarga kun sayin talab kuchaymoqda. Oliy ta’lim tizimida so`nggi yillarda raqamli universitet degan tushunchaning kirib kelishi quvonarli hol. Toshkent davlat yuridik universitetiga tashrif buyurgan Buxoro davlat universiteti rektori Obidjon Xamidov ushbu universitet tomonidan shu sohada amalga oshirilgan ishlar, yangiliklar, ta’lim sifati, o`quv jarayonlarining olib borilishi bilan yaqindan tanishdi.
Ikki universitet o`rtasida tajriba almashinish, aholining, jismoniy va yuridik shaxslarning oliy ma'lumotli, yuqori malakali yuridik kadrlarga ehtiyoji yil sayin ortib borayotgani sababli Buxoro davlat universitetida ham “Yurisprudensiya” ta'lim yo‘nalishini tashkil etish yuzasidan fikr almashildi. Suhbat mobaynida universitet rektori Obidjon Xamidovning buxorolik talabalarning ham ushbu sohadagi Xalqaro miqyosdagi anjumanlarda ishtirok etishini ta’minlash xususida bildirgan taklifi qo‘llab-quvvatlandi.
Tashrif davomida BuxDU rektori Obidjon Xamidov Toshkent davlat yuridik universitetining Axborot resurs markazida bo`lib o`tgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda bo`lib, iqtidorli talabalarni taqdirlashda ishtirok etdi.