SADRIDDIN AYNIY TAVALLUDINING 147 YILLIGI
Hech ikkilanmasdan aytish joizki, Ayniy ijodiyoti XX asr dunyo adabiyotining eng nodir, eng e’tiborli va eng mazmundor sahifalaridan hisoblanadi. Ayniy badiiy ijodining poydevori ilm, ma’rifat, tarix, hayot va haqiqatdir. Ayniy asarlarini bilish ko‘hna Sharq tarixi, madaniyati, mumtoz adabiyoti va milliy qadriyatlarini anglashga yo‘l ochadi. Zero, Ayniyni chetlab na Rudakiy va Firdavsiyning, na Sa’diy va Hofizning, na Jomiy va Navoiyning, na Bedil va Donishning ijod olamiga dadil kirib borish mumkin emas. Ayniyning ilmiy-adabiy merosi o‘tmish, bugun va kelajakni bir-biriga bog‘lovchi bir oltin halqadir.
Yozuvchi, olim va jamoat arbobi Sadriddin Saidmurodzoda Ayniy 1878-yilda Buxoro viloyati, Gʻijduvon tumanida tug‘ilgan. O‘zbek va tojik tilida yozgan. Tojikiston Fanlar Akademiyasi akademigi va birinchi prezidenti (1951-1954), O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi faxriy a’zosi (1943), Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1940), filologiya fanlari doktori (1948), professor (1950). Avval eski maktabda (1884–1887), keyin madrasalar: Mir Arab (1890–1891), Olimxon (1892–1893), Badalbek (1894–1896), Hoji Zohid (1896–1899), Ko‘kaldosh (1899–1900)da tahsil olgan. Ahmad Donish va ozarbayjon yozuvchisi Hoja Marog‘iyning hamda jadid ma’rifatparvarlarining asarlari uning dunyoqarashiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Ayniy Buxoroda yangi usuldagi maktablar ochadi, ular uchun o‘quv qo‘llanmalar, ommani ilm-ma’rifatga chaqiruvchi she’r va hikoyalardan iborat “Yoshlar tarbiyasi” (1909) darsligini tuzadi. “Yosh buxoroliklar” harakatida faol qatnashadi. 1918–1921 yillarda tojikcha, o‘zbekcha marsh, qo‘shiq va she’rlar yaratadi. “Buxoro jallodlari” (1922) qissasi, “Buxoro mang‘it amirligining tarixi” (1921) asarida Buxoroning ijtimoiy-siyosiy hayoti ifodalangan. “Odina”, “Qiz bola yoki Xolida” (1924), “Tojik adabiyotidan namunalar” (1926), “Qul bobo yoki ikki ozod” (1928) kabi qissa, hikoya, ocherklari muhim ahamiyatga ega. Ayniy tojik va o‘zbek adabiyotlarining ming yillik tarixiy taraqqiyotida yetishib chiqqan 200 dan ortiq shoir, tarixchi, olim, tazkiranavislar hayoti va ijodi haqida ma’lumot beradi. 1927-1929 yillarda yirik romani “Doxunda”ni tojik tilida nashr ettirdi. 1934 yilda esa o‘zbek tilida “Qullar” romanini yaratdi. Unda o‘zbek va tojik xalqining yuz yillik hayoti aks etadi. Ayniyning “Eski maktab” (1935) asarida eski maktabdagi o‘qish va o‘qitish haqida hikoya qilinadi. Yigirmanchi yillarda e’lon qilingan qator hajviy asarlari, “Yana bu qaysi go‘rdan chiqdi”, “Puling halol bo‘lsa, to‘y qil” (1924), “Mashrab bobo”, “Ye, to‘nim” (1925), “Bilganim yo‘q”, “Kengash” (1926) kabi o‘zbekcha felyetonlari, hajviy she’r va maqolalari, ayniqsa, “Sudxo‘rning o‘limi” (1939) hajviy qissasi yozuvchining mohir satirik ekanligini ko‘rsatdi. Muqanna va Temurmalik boshchiligidagi xalq qo‘zg‘olonini aks ettiruvchi adabiy-tarixiy ocherklar yozdi. U to‘rt qismdan iborat “Esdaliklar”ida (1949-1954) Buxoroning o‘tmish hayoti va o‘sha davr ijtimoiy-madaniy muhitini yoritadi. Ayniy adabiyotshunos, tilshunos, sharqshunos olim sifatida “Firdavsiy va uning “Shohnoma”si haqida” (1934), “Kamol Xo‘jandiy”, “Shayxurrais Abu Ali ibn Sino” (1939), “Ustod Rudakiy” (1940), “Shayx Muslihiddin Sa’diy Sheroziy” (1942), “Alisher Navoiy” (1948), “Zayniddin Vosifiy”, “Mirzo Abdulqodir Bedil”, Muqimiy, Gʻafur Gʻulom va Said Nazar haqidagi asarlari o‘zbek va tojik adabiyotshunosligi va tanqidchiligida, “Fors va tojik tillari haqida”, “Tojik tili” kabi ilmiy ishlari tojik tilshunosligida muhim voqea bo‘ldi. Ayniyning “Doxunda”, “Qullar”, “Sudxo‘rning o‘limi” va “Esdaliklar” asarlari xorijiy tillarga tarjima qilingan. O‘zbekiston va Tojikiston Respublikalaridagi bir qator shahar, tumanlar, qishloqlar, ko‘chalar, maktablar, kutubxonalar, san’at va madaniyat muassasalari Ayniy nomiga qo‘yilgan. Samarqandda Ayniy yodgorlik uy-muzeyi ochilgan (1967). Gʻijduvon tumanida ham adib uy-muzeyi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Bugun 15-aprel adib Sadriddin Ayniy tavalludining 147-yilligi munosabati bilan, Ayniy tug‘ilib voyaga yetgan tabarruk Gʻijduvon tumanidagi Soktare qishlog‘ida joylashgan Ayniy muzeyida ham katta tabir bo‘lib o‘tdi. Tadbirni shaxsan Gʻijduvon tuman hokimi Ashurov Sherzod Raximovich kirish so‘zi bilan ochib, tabriklab, alloma yozuvchi, adabiyotshunos olim Ayniy haqida sermazmun fikr-mulohazalar, adibning o‘zbek va tojik xalqlari oldidagi buyuk xizmatlari, adabiyot, tarix, san’at va madaniyatimiz ravnaqiga qo‘shgan ulkan hissasi bo‘yicha muhim ma’lumotlar berib o‘tdi. Tadbirda tuman hokimligi vakillari, Ayniyning Gʻijduvon va Shofirkondagi yaqin qarindoshlari, shuningdek, Buxoro davlat universiteti jamoasi, Arxeologiya va Buxoro tarixi kafedrasi mudiri, dotsent, t.f.f.d (PhD) Farrux Temirov, BuxDUning Gʻijduvon tumani Soktare MFYda joylashgan sirtqi ta’lim bo‘limi rahbari Gaybullayev Shonazar Mirboboyevich, Arxeologiya va Buxoro tarixi kafedrasi dotsenti, A.H.Boltayev, katta o‘qituvchi O.Rajabov, o‘qituvchi M.Beshimovlar ham ishtirok etishdi. Tadbir davomida Ayniy muzeyi bilan ham tanishilib, muzeyda yozuvchi hayoti va faoliyati bilan bog‘liq ko‘rgazmalar, rasmlar va kitoblar bilan yaqindan tanishib chiqildi.
Ayniy tavalludining 147-yilligiga bag‘ishlangan tadbirning ikkinchi qismi BuxDUning Gʻijduvon tumani Soktare MFYda joylashgan sirtqi ta’limi o‘quv binosida davom ettirildi. Tadbirda sirtqi ta’lim yo‘nalishi talabalari, Soktare MFY faollari, mehmonlar va ustoz-o‘qituvchilar qatnashdi. Tadbirni sirtqi ta’limi bo‘lmi rahbari Shonazar Mirboboyevich kirish so‘zi bilan ochib berib, Ayniy haqida ma’lumotlar berdi. Shu bilan birga tarixchi olim F.Temirov adib Ayniyning ilmiy merosi, hayoti va ijodi, yosh avlodni ilm-ma’rifat yo‘lida tarbiyalash, bilimli va yetuk kadrlar yetishtirib chikarish yshlidagi samarali xizmatlari va boshqa kerakli malumotlarni kelgan mehmonlarga, tadbir ishtirokchilariga yetkazdi.
Darhaqiqat, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining faxriy akademigi, Tojikiston Fanlar akademiyasining akademigi va birinchi prezidenti, O‘zbekiston va Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, Davlat mukofoti sovrindori, Vatanimizning ulkan mukofoti – “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi, Tojikiston Qahramoni, filologiya fanlari doktori, professor S.Ayniyning o‘zbek va tojik tillarida yaratgan boy ilmiy-adabiy, ma’naviy va tarixiy merosi shu tillarda so‘zlashuvchi xalqlarning mushtarak boyligi sifatida yangicha metodologiya asosida o‘rganishga tamomila haqlidir.
Farrux Temirov
Arxeologiya va Buxoro tarixi kafedrasi mudiri
t.f.f.d (PhD)dotsent