July 1, 2025

“DOLZARB 90 KUN”NI ANGLASH yoxud yoshlar — Yangi O‘zbekistonning bunyodkoridir!

Bugungi globallashgan dunyoda yon-atrofimizda bir qancha davlatlarda qurolli to‘qnashuvlar, g‘oyaviy, mafkuraviy, iqtisodiy, geosiyosiy urushlar, axborot xurujlari, kiber xavflar avj olib borayotgani aslo sir emas. O‘z navbatida bunday insoniyat buguni va kelajagiga katta tahdid solayotgan vayronkor vaziyatlarning qurboni ming afsuski aksariyat hollarda oddiy fuqarolar ayniqsa, aqli va zehni o‘tkir, bilagida kuch-g‘ayrati bor, navqiron yoshlardir. Buni anglagan davlatlargina har qanday xavfni oldini olish, mamlakat farovonligi yo‘lida uzoqni o‘ylagan strategik harakatlar, maqsad-u tashabbuslarni harakatga keltirish chora-tadbirlarini o‘ylaydi, amalga oshiradi.

Davlatimiz Rahbari Shavkat Mirziyoyev Prezidentlik lavozimiga kirishgan kunlaridanoq eng avvalo “Inson qadri”ni ulug‘lash, mamlakatni buguni va kelajagi haqida chuqur qayg‘urgan holda har bir fuqaroning tinch va osuda farovon hayot tarzini ta’minlash masalasini o‘ta muhim, strategik ustuvor masala sifatida yondashib, izchil islohotlarni amalga oshirib kelmoqda. Ayniqsa, yoshlar masalasini hech bir davlatda kuzatilmaydigan darajada yuksak e’tibor va e’tirof bilan “Yangi O‘zbekistonni barpo etishda yoshlarga tayanaman”, “Yoshlar — Yangi O‘zbekistonning bunyodkordir!” deya ulkan ishonch bilan keng sharoit va imkoniyatlar yaratib bermoqdalar. Aytish joizki, Prezidentimiz lavozimga kirishgan kundanoq ilk imzolangan Qonun ham aynan O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risidagi hujjat bo‘ldi. Va qanday davlatimizni uzoq va qisqa muddatlarda rivojlantirishga mo‘ljallagan strategik davlat dasturlari, chora-tadbirlar bo‘lmasin, barida yoshlar siyosati va masalasi asosiy darajaga olib chiqilmoqda.

2017-yildan buyon 30-iyun kuni — “Yoshlar kuni” deya O‘zbekistonda nishonlash an’anasi yoshlarning unutilmas tarixiy sanasiga aylandi deyishga to‘liq asoslar bor. Xususan, joriy yil 30-iyun kuni yurtimiz rahbarini yoshlar bilan uchrashuvi va ularga an’anaviy tarzda ko‘plab imtiyoz va qulay sharoitlar yaratilishi haqidagi xabarlar minglab yoshlarni birdek xursand qildi.

Yoshlar yuksak ishonchni oqlamoqda

Bugungi kunda “Yangi O‘zbekiston — baxtiyor yoshlar mamlakati” ekanligini nafaqat yurtimizda, balki boshqa davlatlar tomonidan ham ko‘p e’tirof etilmoqda. Mamlakat rahbarining “Birinchi va ikkinchi Renessansni buyuk alloma va mutafakkirlarimiz yaratgan bo‘lsa, bugun tarix navbatni sizlarga bermoqda. Ishonchim komil, sizlar barcha sohalarda mamlakatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishga qodirsiz. Sizlar — Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari sifatida yangi tarix yaratadigan oltin avlodsiz”, — deya yoshlarga bildirgan yuksak ishonchlari fikrimizning yorqin namunasi. Va o‘z navbatida, Yangi O‘zbekistonning kelajagi bo‘lgan yoshlarga ulkan mas’uliyatni zimmasiga yuklaydi, ulug‘vor maqsadlar sari chorlaydi.

Bugun barcha imkoniyatlar yoshlar uchun. Bulardan ayrimlariga nigohingizni qaratamiz. Barcha hududlarda Prezident maktablari tashkil etildi. “Bir million dasturchi” loyihasida 325 ming yosh IT sohasiga o‘qitildi. “Garvardchilar” maktabi Beruniy nomidagi xalqaro maktab sifatida ish boshladi. Har yili 3 000 salohiyatli o‘quvchi dunyoning nufuzli universitetlariga tayyorlanadi. STEM sohalari uchun “El-yurt umidi” kvotalari bir necha barobar oshirilmoqda. Top-300 oliygohga kirgan yoshlarga banklar tomonidan 20 000 dollar imtiyozli kredit berilmoqda. “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” dasturi joriy etildi (AI study — 100 000 yosh). “Raqamli avlod qizlari” dasturi orqali 50 000 qiz qamrab olindi. Yoshlar startaplariga 145 mln dollar venchur sarmoya ajratildi (1 mlrd dollargacha yetadi). “Mening kasbim” tanlovi va “mohirlik va biznes soati” orqali kasb tanlashga ko‘maklashilmoqda. “Kelajak liderlari” dasturiga har yili 100 nafar yosh jalb etilmoqda va xorijiy stajirovkadan o‘tkazilmoqda. 300 million dollarlik “Yoshlar biznesi” va “Kelajakka qadam” dasturlari orqali 240 ming yoshni band etish rejalashtirilmoqda.

Davlat Rahbarining yoshlarga bo‘lgan bunday g‘amxo‘rligi va yuksak e’tibori o‘z natijasini, mevasini so‘nggi yillarda har jabhada namoyon etayotir. O‘zbekiston yoshlari top-500 oliygohlarga kirishda Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni egalladi. 30 nafar yosh dunyoning top-10, 500 nafar top-100, 1 500 nafar top-300 universitetlarda o‘qiyapti. O‘zbekiston milliy terma jamoasi ilk bor Jahon chempionatiga yo‘llanma oldi. 261 ta yoshlar tashkil qilgan korxonaning yillik aylanmasi 100 mlrd so‘mdan oshdi. Surxondaryo yoshlar oliygohga kirish ko‘rsatkichida 11-o‘rindan 4-o‘ringa chiqdi. O‘zbekiston BMTning “Yoshlar — 2030” strategiyasini jadal amalga oshirayotgan 10 ta davlat qatoriga kirdi. O‘z oldiga kelajagini o‘zi belgilaydigan, aniq maqsadlarini qo‘yadigan yangi avlod yoshlari yuzaga kelmoqda.

Ta’lim — kelajak sarmoyasi

Bugun barcha sohalar singari ta’limga e’tibor yuksaldi. Maktabgacha ta’lim va maktab ta’limining yillar davomida to‘planib qolgan masalalar o‘z yechimini topa boshladi. Bu sohaga xususiy bog‘cha va maktablarning kirib kelishi davlat va nodavlat sektor o‘rtasidagi yaxshi ma’nodagi raqobat muhitini yaratdi. Samarasi shuki, bugun yosh avlod zamonaviy ta’lim-tarbiya olmoqda. Ota-onalar farzandini raqobatda yetakchi bo‘lgan zamonaviy bog‘cha va maktabga adolatli, raqamlashtirilgan tizimlar orqali joylashtirish imkoniga ega bo‘ldi. Toshkent shahri va viloyatlarda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar ochilishi yangi avlod jadidlari, yangi O‘zbekistonni barpo etadigan yoshlar tarbiyalanishiga katta maydon bo‘lyapti.

Joriy yilning yanvar oyida “Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi” doirasida yurtimiz ta’lim tizimi yutuqlari xalqaro maydonda yana bir bor e’tirof etilishi barchamizga quvonch bag‘ishladi. Toshkent shahridagi Prezident maktabi Shayx Zoid Ol Nahayon nomidagi nufuzli mukofotning “Global o‘rta maktablar” nominatsiyasida g‘olib topildi. Maktab o‘quvchilari Pahlavon G‘ulomov va Asilbek Ashrapov hamda ularning ustozi Sohibxon Azizovning yomg‘ir suvini ichishga yaroqli darajagacha qayta ishlash loyihasi g‘alabani qo‘lga kiritdi. Tanlovga 156 ta davlatdan jami 5980 ta ariza kelib tushgani aytildi. Abu-Dabida mukofotni o‘quvchilarga Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon shaxsan topshirdi. Eng quvonarli yana bir jihati shundaki, bizning o‘quvchi va bir vaqtning o‘zida yosh olimimiz ortida dunyo podshohlari saflandi. Davlatimiz rahbarining yoniga turish uchun BAA prezidentining shaxsan o‘zi o‘quvchimizni qo‘lidan ushlab kuzatib qo‘ydi. Bu esa, Yangi O‘zbekistonning bunyodkori bo‘lgan yoshimiz, mamlakatimiz qolaversa, yurtimiz rahbarining kuchiga, qudratiga bo‘lgan yana bir yuksak e’tirof bo‘ldi.

Yoshlarimizning bu ajoyib muvaffaqiyati barchamizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi, shuningdek, biz tanlagan barqaror va “yashil” rivojlanish yo‘li naqadar to‘g‘ri ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.

Yurtimizda oliy ta’lim ham yangi davrga yuz tutdi. Bugun yoshlarni talabalikka qabul qilinishidan tortib oliygohni bitirib, ishga joylashish, kasb-hunar egallashiga qadar ijtimoiy nazoratga olindi. Ya’ni, til, kasb-hunar bilishni qo‘llash va moliyaviy ko‘mak tizimi yaratildi. Bu yoshlarga oid davlat siyosatining muhim jihatiga aylandi. Natijada maktablarni bitirgan o‘quvchilar bir vaqtning o‘zida dunyoning eng nufuzli 10, 15, 20 tagacha “oliygohiga qabul qilingani haqida xabarlar chiqayotir. Bunga o‘rganib ham qoldik. Bugungi davr yoshlari o‘qishini, kasb-hunar egallashini, asosiysi, kelajakda kim bo‘lishini faqatgina ota-ona emas, balki iqtidori, qiziqishidan kelib chiqqan holda o‘zlari oilaviy bamaslahat qaror chiqaradigan bo‘ldi. Yana bir jihat shundaki, yoshlarimizda 10 yil oldin kam uchraydigan mustaqil tan huquqi, kelajak maqsadlari, orzularini o‘zlari rejalashtirish kabi fazilatlar shakllanib, yuksalib boryapti.

Bugun kuzatsak, Yangi O‘zbekiston yoshlarining ertangi kunga ishonchi baland. Yurt koriga yarash, unga munosib farzand, yetuk kadr bo‘lish, o‘zi yashab turgan jamiyatni barqaror rivojlanadigan, farovon hayot kafolatlangan davlatga aylantirish uchun o‘zini safarbar etish ishtiyoqi baland. Ular dunyo ilmlarini, taraqqiyotini egallamoqqa shaylangan.

Mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan davlat va nodavlat oliygohlar yoshlari jamiyatimizning turli bo‘g‘inlarida yetakchi kadr yoki rahbar lavozimlariga kirib kelmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, “Mana, men yangi O‘zbekiston bunyodkori bo‘laman!” degan minglab yoshlar jamiyatimizning asosiy drayveriga aylanib bormoqda.

O‘zbekiston oliy ta’limining barcha yo‘nalishlari qatorida birgina sog‘liqni saqlash sohasida ta’lim berayotgan oliygohlarda nafaqat o‘zbek yoshlari, balki xorijiy mamlakatlardan kelib tahsil olayotgan minglab talabalar, ilmiy izlanuvchi, tadqiqotchilar bor. Bu esa tarixiy an’ananing takrorlanishi, ya’ni buyuk siymolarimiz merosini o‘qitish, o‘rganish yana o‘zimizga qaytganini anglatadi. Bu yutuqlarining barchasi mamlakatimizdagi uzoqni ko‘zlab yuritilayotgan islohotlari natijasidir.

“Dolzarb 90 kun”ni anglash

Eslaymiz, 2019-yil Muhtaram Prezidentimiz tomonidan yoshlarni ma’naviyatini yuksaltirish va ularni bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadidagi ilgari surilgan besh muhim tashabbusni ayrimlar mohiyatini chuqur anglay olmadi. Keyinchalik Respublika miqyosida 5 muhim tashabbus yo‘nalishlaridagi vazifalar maqsadli, tizimli ravishda korxona, tashkilot ayniqsa, ta’lim muassasalarida keng yo‘lga qo‘yilishi natijasida O‘zbekiston yoshlarini har jabhada qayta kashf qildik. Ayniqsa, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini ommaviy harakatga aylanishi, milliy merosimizni keng jamoatchilik orasida qaytadan jadal ommalashishi, yoshlarni raqamli texnologiyalarini jahon standartlaridan kam bo‘lmagan darajada o‘rganib borishi, chet tillarini o‘rganib dunyoni zabt etishi, eng asosiysi, sport sohasida yutuqlarni mislsiz darajada oshganini kundalik hayotimizda ko‘rdik, guvohi bo‘lib kelyapmiz. Birgina, 34 yillik orzu ro‘yobi, ya’ni O‘zbekiston terma jamoasini Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishiga ham aynan Prezidentimiz ilgari surgan 5 muhim tashabbusning 2-yo‘nalishi: sportga bo‘lgan e’tibor va mahallalardagi yoshlardan adolatli ravishda futbol jamoalarini, futbolchi yoshlarni saralash orqali yuzaga chiqdi.

Muhtaram Prezidentimiz yurtimizdagi har bir yoshni har soniyasini ulug‘vor maqsadlar, bunyodkor ishlarga safarbar etish va har qanday radikal, vayronkor, yot g‘oyalardan asrash hamda ma’nan va jismonan barkamol avlod bo‘lib shakllanishini ta’minlash Yangi O‘zbekistonning bosh maqsadlaridan biri sifatida belgilab berganlar.

Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2025-yil 15-may kuni maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida “Dolzarb 90 kun” tashabbusini ilgari surdilar.

Yoshlar ta’lim-tarbiyasi xuddi soat mexanizmlari kabi to‘xtovsiz harakat talab qiladi. Buni hamma zamonlarning yirik allomalari, tadqiqotlardagi tahlillar ko‘rsatadi. Sotsiologik tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, yoshlar tomonidan sodir etilayotgan ko‘plab huquqbuzarliklar, jinoyatchilik va jamiyatda u yoki bu ko‘rinishdagi tartib buzarlik holatlarining 40–50 foizigacha aynan o‘quvchi, talabalarning yozgi ta’til vaqti to‘g‘ri kelar ekan. Ta’lim tashkilotlarida ustozlar tomonidan sentabr oyidan toki may oyi oxiriga qadar o‘quvchi, talabalarga bilim, ta’lim ulashish bilan birga uzluksiz, tizimli ravishda tarbiya zamonaviy, yoshlarbop, interaktiv uslublarda berib kelinadi. Ming afsuski, yoshlarning ta’til davri ya’ni iyun, iyul, avgust oylari bo‘sh vaqtlarini maqsadli sarflashga qaratilgan aniq manzilli ishlar bo‘lmaganligi uchun o‘tgan yillarda ko‘plab muammolar yuzaga keldi. Achinarli tomoni shundaki, har bir hududda zamonaviy sharoitlarga ega yirik bino va inshootlar ham bo‘sh turardi. Yoshlar ta’lim-tarbiyasini kechiktirmaslik, bir soniya qarovsiz qoldirmaslik darkor. Bejizga, Yurtboshimiz “Yoshlarning bo‘sh vaqti, dushmanning ish vaqti”, degan ogohlantiruvchi shiorni o‘rtaga tashlamadilar. Bu har bir yoshimizni turli yod g‘oyalar to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali tahdid solayotgan bugungi tahlikali zamonda mas’ullikni oshirib, uyg‘oqlikka chaqiradi. Yoshlar tarbiyasini esa, qarovsiz qoldirmaslikka undaydi.

“Dolzarb 90 kun”da hududlardagi ta’lim muassasalari ayniqsa, oliy ta’lim tashkilotlarining ochiq va yopiq sport binolari, inshootlari, o‘quv, madaniyat binolari yoshlar maktab, litsey, texnikum o‘quvchilarini ma’naviy yuksalishi va bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish obyektlari qilib belgilandi. Endi o‘quvchilar yoz mavsumida oliygohlar bazasidagi klublar, to‘garaklarda o‘z bilimi, iqtidorini yanada rivojlantirish, yuksaltirish imkoniga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, oliygohlarga o‘qishga kirish xohish-istagini oshirishga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, bugungi dunyoning globallashuv, axborot va mafkuraviy xurujlar avj olgan bir davrida O‘zbekiston taraqqiyot yo‘lida yuksak marralar sari odimlab bormoqda. Bu borada maqsad va vazifalar aniq. Har bir vatandoshimiz, ayniqsa, aholisining 60 foizdan ortig‘ini tashkil qiladigan yoshlarimiz yangi O‘zbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessans poydevorini qurish kabi ulug‘vor maqsadlarni ro‘yobga chiqarishga shaylanmog‘i darkor. Ayniqsa, “O‘zbekiston menga nima qildi”, deb emas, balki “Men yurtim uchun nima qildim?” kabi g‘oyalar hayotimizning shioriga aylantirishimiz kerak.

Azizbek Amonov,

Buxoro davlat universiteti dotsenti