Yoshlar kuchi – Yangi O‘zbekiston poydevori
Prezidentimiz bilan uchrashuv taassurotlari.
Bugun men uchun va sport sohasida faoliyat yuritayotgan barcha ustozlar uchun yodda qoladigan, g‘ururli kun bo‘ldi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ishtirok etish – bu nafaqat sharaf, balki yelkamizga yuklangan ulkan mas’uliyatdir. Chunki bu uchrashuv – yurtimizda yoshlarga, ayniqsa, ularning tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan biz – murabbiylarga bo‘lgan yuksak ishonchning yorqin namunasidir.
Davlatimiz rahbarining har bir so‘zida yoshlarga bo‘lgan chuqur e’tibor, ularning kelajagiga ishonch, bunyodkorlikka chorlov bordek tuyildi. Ayniqsa, Prezidentimiz “Yoshlar – kelajak egasi, bugunning hal qiluvchi kuchidir!” degan fikrlari har bir ishtirokchining qalbida kuchli ishtiyoq uyg‘otdi. Ushbu so‘zlar sportdagi har bir yosh shogirdim ko‘z oldimdan o‘tib, ularning harakatiga, orzusiga, g‘alabasiga bo‘lgan ishonchimni yanada mustahkamladi.
Sport sohasi vakili sifatida men doimo shunday o‘ylayman: sog‘lom avlod – kuchli jamiyat asosi. Bugun yoshlar faolligi nafaqat sport zallarida, balki ijtimoiy hayotda, siyosiy maydonda, ilmda, innovatsiyada yaqqol sezilmoqda. Biz murabbiylarning vazifasi esa – ularning jasoratini, qat’iyatini to‘g‘ri yo‘naltirish, har bir yigit-qizni Vatanga sadoqatli, sog‘lom va kuchli shaxs sifatida kamol toptirishdir.
Uchrashuv davomida yoshlarning o‘z fikr va takliflarini Prezidentimizga bevosita bayon etgani, ular bilan ochiq muloqotda bo‘lingani – chinakam demokratik qadriyatlar asosidagi davlat siyosatining yorqin namunasi bo‘ldi. Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ommaviy sportni rivojlantirishga oid masalalarga alohida urg‘u berilgani biz, murabbiylar uchun g‘oyat muhim va quvonchli bo‘ldi.
Bu uchrashuv menga bir haqiqatni yana bir bor eslatdi: yoshlar bizdan faqat dars emas, balki kuch, ishonch va g‘amxo‘rlik kutmoqda. Ularga fidoyilik bilan xizmat qilish, har bir yutuqlarida o‘zimizni ko‘rish – bu biz uchun shonli burchdir. Prezidentimiz tomonidan yoshlarga berilgan bu e’tibor va ishonch endi har bir murabbiydan ham yangicha yondashuv, yangicha ruh, yangicha mas’uliyat talab qiladi.
Ishonamanki, bugungi uchrashuv yurtimizning har bir sport murabbiyi, har bir sportchi yosh qalbida kuchli ishonch va qat’iyat uyg‘otdi. Prezidentimiz tomonidan takror va takror aytilganidek: “Yoshlar – Uchinchi Renessans bunyodkorlari!” Endi esa navbat bizda – biz bu ishonchni fidoyilik, halollik va mehnat bilan oqlashimiz kerak!
Buxoro davlat universiteti Jismoniy tarbiya va sport fakulteti magistranti
Boboyeva Zarifa Jahonqulovna