O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o‘zaro teng va manfaatli hamkorligining yangi bosqichi.
2025-yil may oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyevning Vengriya va Sloveniyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi mamlakatimizning tashqi siyosatdagi ochiqlik va pragmatizmga asoslangan yangi bosqichini namoyon etdi. Bu tashriflar O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan strategik hamkorligini mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, ilmiy-ma’rifiy va madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratilgan muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 19–21 may kunlari Vengriyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar "kengaytirilgan strategik sheriklik" darajasiga ko‘tarildi. Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar natijasida O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasida 16 ta muhim hujjat, jumladan, sanoat kooperatsiyasi, ilm-fan va texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi, sport va boshqa sohalardagi hamkorlikni nazarda tutuvchi kelishuvlar imzolandi.
Shuningdek, Prezidentimiz Vengriyaning yetakchi kompaniyalari va banklari rahbarlari bilan uchrashib, ikki mamlakat o‘rtasidagi investitsion hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Ushbu uchrashuvlarda, jumladan, OTP Bank, MOL Group, Wizz Air kabi kompaniyalar bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Ushbu kelishuvlar har ikkala mamlakat tadbirkorlari uchun muhim investitsiya manbalari yo‘naltiruvchisi bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.
21-may kuni Prezident Mirziyoyev Budapeshtda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etib, ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va o‘zaro integratsiyani chuqurlashtirishga qaratilgan bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. Vengriyadagi rasmiy tashrifni yakunlab, Prezidentimiz 22 may kuni Sloveniyaga rasmiy tashrif bilan bordi. Lyublyana shahrida Sloveniya Prezidenti Natasha Pirs Musar xonim bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, sanoat, farmatsevtika, elektrotexnika, "yashil" energetika va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar natijasida, jumladan, O‘zbekiston va Sloveniya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 500 million yevroga yetkazish, Sloveniyaning "Koper" porti orqali Yevropa bozoriga chiqish imkoniyatlarini o‘rganish, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni lokalizatsiya qilish va mehnat migratsiyasi sohasida kelishuvlar tayyorlashga kelishildi.
Ta’lim sohasida esa, Toshkentda 2026 yilda ikki mamlakat universitetlari va ilmiy markazlari ishtirokida yoshlar uchun innovatsion loyihalar forumini o‘tkazish, Lyublyana va Maribor universitetlari bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish, diplomlarni o‘zaro tan olish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Buxoro davlat universiteti jamoasi sifatida, mazkur rasmiy tashriflarning natijalari ta’lim va ilm-fan sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonamiz. Xususan, Vengriya va Sloveniyaning yetakchi universitetlari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari, ilmiy tadqiqotlar va akademik almashinuvlar orqali talabalarimiz va professor-o‘qituvchilarimiz uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi.
Shuningdek, mazkur tashriflar doirasida imzolangan kelishuvlar asosida, Buxoro davlat universiteti Vengriya va Sloveniya universitetlari bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borish, qo‘shma konferensiyalar tashkil etish va o‘quv dasturlarini yangilash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vengriya va Sloveniyaga amalga oshirgan rasmiy tashriflari mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirdi, Yevropa davlatlari bilan strategik hamkorlikni mustahkamladi va ta’lim, ilm-fan, madaniyat sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishga katta turtki berdi.
Yuqorida ta’kidlangan chora-tadbirlarni qat’iy va samarali amalga oshirish, mamlakatimiz oliy ta’lim tizimini xalqaro standartlarga muvofiq rivojlantirish hamda hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda Birinchi prorektor sifatida men ham to‘liq qo‘llab-quvvatlashimni tasdiqlayman. Prezidentimiz tashabbusi bilan ilgari surilayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosat nafaqat yurtimizning xalqaro obraz-e’tiborini oshiradi, balki ta’lim va ilmiy faoliyat sohalarida yangi imkoniyatlar ochadi. Universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan birgalikda mazkur ikki mamlakat bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun zarur barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishga tayyormiz.