MFYlarda Davlat xizmatlarini interaktiv koʻrsatadigan infokioskalar ishga tushirildi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi “Maʼmuriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining masʼuliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish toʻgʻrisida”gi PF-80-son Farmonida aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasida qoʻshimcha qulaylik yaratish maqsadida 2024-yil yakuniga qadar davlat xizmatlarini koʻrsatishda shaxsni biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) usuli joriy qilish belgilangan. Bu bilan fuqarolar tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish talab etilmaydi.
Farmoning ijrosini, shuningdek, fuqarolarning huquq va erkinliklariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash, ularga koʻrsatilayotgan davlat va huquqiy xizmatlar koʻlamini kengaytirishda adliya organlari va muassasalarining masʼuliyatini yanada oshirish maqsadida Adliya vazirligi tashabbusi bilan barcha aholi gavjum joylarni, shu jumladan mahallalarni 24/7 rejimida onlayn davlat xizmatlarini koʻrsatadigan interaktiv infokiosklar bilan bosqichma-bosqich taʼminlash rejalashtirilgan.
Ayni damda, Buxoro viloyatining Jondor tumani “Ushot” va “Nurafshon” MFY, Qorako‘l tumani “Qorako‘l” MFY, Qorovulbozor tumani “Jarqoq” MFY, Olot tumani “Katta bayot” MFY, Romitan tumani “Chandir” va “Qumrabot” MFY, Kogon tuman “Nurafshon” MFY, G’ijduvon tuman “Nodirabegim” va Vazirshox”, Shofirkon tuman “Sh.Rashidov” MFY, Buxoro tumani “Kunjiqal’a” MFYlarda hamda Buxoro shahar davlat xizmatlari markazi binosida davlat xizmatlaridan yanada oson foydalanish imkonini beruvchi interaktiv infokioskalar o‘rnatildi.
Mazkur infokioskalardan fuqarolarimiz shaxsni biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) usuli orqali mustaqil ravishda quyidagi davlat xizmatlardan foydalanishlari mumkin:
-doimiy (vaqtincha) yashash boʻyicha maʼlumotnoma olish;
-doimiy yashash joyidan roʻyxatdan oʻtib yashovchilar toʻgʻrisida maʼlumotnoma olish;
-jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami haqida maʼlumotnoma olish;
-ish haqi summalari toʻgʻrisida maʼlumotnoma olish;
-turar joyning maydoni boʻyicha maʼlumotnoma olish;
-mehnat daftarchasidan koʻchirma olish;
-sudlanmaganlik (yoki sudlanganlik) toʻgʻrisida maʼlumotnoma olish;
-taʼlim olayotganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma olish;
-kam taʼminlangan deb eʼtirof etilganlik toʻgʻrisida maʼlumotnoma olish;
-soliqlar va yigʻimlardan soliq qarzi mavjud yoki mavjud emasligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma olish;
-ijro hujjati boʻyicha qarzdorlik haqida maʼlumotnoma olish;
-tibbiy maʼlumotnomalar olish (083/h shakldagi);
-narkalogiya boʻyicha dispanserdan maʼlumotnoma olish;
-shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisob varagʻi holati haqida maʼlumotnoma olish;
-pensiya va nafaqa oluvchilar roʻyxatida mavjudligi haqida maʼlumotnoma olish;
-oʻz oʻzini band qilgan shaxslarni roʻyxatdan oʻtkazish;
-fuqarolarni jamgʻarib boriladigan pensya taʼminoti tizimiga hisobga olish;
-nafaqa tayinlash uchun ariza berish;
-“Ayollar”, “Yoshlar” va “Temir” daftarlarida fuqaroning mavjudligi haqida maʼlumotnoma olish;
-sanatoriyaga navbatni tekshirish;
-elektron notarius xizmatlari;
-tadbirkorlik subyektini roʻyxatdan oʻtkazish xizmatlari;
Ushbu infokiosklar tuman markazlaridan 15-25 km uzoqlikdagi joylashgan MFYlar aholisini Davlat xizmatlari markazlariga bormasdan turib MFY binosining oʻzidan davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini yaratdi va mushkullarini oson qiladi.
Shuningdek “mahalla yettiligi”ga yoshlar, xotin-qizlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni, shuningdek tadbirkorlik subyektlarini qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlar, preferensiyalar, subsidiyalar, grantlar va davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning boshqa turlarini ajratishga kerak boʻladigan xujjatlarni MFY binosining oʻzidan olish imkoniyati yaratilgani eʼtiborga molik.
Yil yakuniga qadar Adliya vazirligi tomonidan ushbu interaktiv infokiosklar orqali 70 ga yaqin davlat xizmatlarini joriy qilish rejalashtirilgan.