NIKOH SHARTNOMASI TUSHUNCHASI VA AHAMIYATI
Nikoh shartnomasini tuzishdan maqsad faqat mulkni taqsimlash emas. Aksincha nikoh shartnomasi nikohni mustahkamlovchi omillardan biridir. U oʻzaro ahillikni taʼminlashga, oilaning umumiy mulkini avaylab asrashga xizmat qiladi, isrofgarchiliklarning oldini oladi, tomonlarning oila oldidagi masʼuliyatini oshiradi.
Shartnoma oilalarni mustahkamlashga zamin yaratadi va oila poydevori darz ketishining oldini oladi.. Shu bilan birga aksariyat koʻchada qolish holatlarining oldini oladi. Qonun hujjatlariga binoan nikoh shartnomasi faqat mulkiy munosabatlarni tartibga soladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oila Kodeksining 29-moddasiga asosan nikoh shartnomasi-nikohlanuvchi shaxslarning yoki er-xotinning nikohda boʻlgan davrida va er-xotin nikohdan ajratilgan taqdirda ularning mulkiy huquq hamda majburiyatlarini belgilavchi shartnoma hisoblanadi. Nikoh shartnomasi nikoh davlat roʻyxatiga olinguniga qadar ham, shuningdek nikoh davrida ham tuzilishi mumkin. Nikoh davlat roʻyxatiga olinguniga qadar tuzilgan nikoh shartnomasi nikoh davlat roʻyxatiga olingan kundan boshlab kuchga kiradi. Nikoh shartnomasi yozma shaklda tuziladi va notarial tartibda tasdiqlanishi lozim.
Er va xotin nikoh sharnomasiga koʻra birgalikdagi umumiy mulkning qonunda belgilangan tartibini oʻzgartirishga , er va xotinning barcha mol-mulkiga, uning ayrim turlariga yoxud er va xotindan har birining mol-mulkiga nisbatan birgalikdagi, ulushli yoki alohida egalik qilish tartibini oʻrnatishga haqlidir.Nikoh shartnomasi er va xotinning mavjud mol-mulkiga nisbatan ham, boʻlgʻusi mol-mulkiga nisbatan ham tuzilishi mumkin. Er va xotin nikoh shartnomasida oʻzaro moddiy taʼminot berish, oila xarajatlarini koʻtarish, bir-birining daromadida ishtirok etish, boshqa shaxslar bilan mulkiy shartnomalar tuzish, birgalikda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish boʻyicha oʻz huquq va majburiyatlarini belgilab olishga, nikohdan ajralgand er va xotindan har biriga beiladigan mulkni aniqlab olishga, shuningdek nikoh shartnomasiga er va xotinning mulkiy munosabatlariga oid boshqa qoidalar kiritilishga haqli. Nikoh shartnomasida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlar muayyan muddat bilan chaklanishi yoki muayyan shart-sharoitning yuzaga kelishi yoxud kelmasligiga bogʻliq qilib qoʻyilishi mumkin.
Nikoh shartnomasi er-xotinning kelishuvi bilan istalgan vaqtda oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin. Nikoh shartnomasi qanday shaklda tuzilgan boʻlsa, uning oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi ham shunday shaklda amalga oshiriladi. Nikoh tugatilgan paytdan boshlab nikoh shartnomasining amal qilishi ham tugaydi, nikoh shartnomasida nikoh tugatilganidan keying davr uchun nazarda tutilgan majburiyatlar bundan mustasno.
Ismoilova Mavzuna Izatullo qizi
Gijduvon tuman FHDY boʻlimi II-toifali inspektori
Buxoro viloyat dliya boshqarmasining rasmiy ijtimoiy-tarmoqlari
https://t.me/buxoro_adliya, https://www.facebook.com/groups/1864193667211298