“Yashil qalqon” – ekologiya va atrof–muhit tozaligi uchun najot
Statistik ma’lumotlarga binoan, har yili dunyo bo‘ylab o‘rtacha 12 million gektar, 1 daqiqada esa 23 gektar yer cho‘llanadi. Hozir yer yuzining 75 foizi shunday holatda. Agar ahvol o‘nglanmasa, bu ko‘rsatkich 2050 yilga borib 95 foiziga yetadi. Cho‘llangan suvli hududlarning 87 foizi oxirgi 300 yilga to‘g‘ri keladi. Yaqin tarixga qaraydigan bo‘lsak, cho‘llanishning 54 foizi oxirgi 100 yilning “ulushi”. Janubiy-Sharqiy Osiyo va Afrikada bu jarayon hamon davom etmoqda. Soha mutaxassislari hisob-kitoblaricha, O‘zbekistonda har daqiqada 9 kvadrat metr hudud cho‘llanib boryapti.
Xo‘sh, dunyo ekolog–mutaxassislari fikricha, bu holning oldini olish uchun qanday chora-tadbir qo‘llash mumkin ? Cho‘llanishga qarshi “yashil qoplama”lar barpo etishning ahamiyati qanday ? Binobarin, mahalliy iqlimiga ko‘ra, Buxoro viloyati qurg‘oqchilikka moyil, keskin o‘zgaruvchan iqlim sharoitiga ega hudud. Shu bois ham bu yerda cho‘llanishning oldini olish orqali aholi salomatligi va o‘simlik dunyosini asrash choralarini ko‘rishning ahamiyati katta.
— Shu o‘rinda xususan, respublika Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2022 yil 18 yanvarda qabul qilingan “Respublika hududlarida o‘rmonzorlar, shuningdek, Orol dengizi va Orolbo‘yi hududlarida “yashil qoplamalar” barpo etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorini tilga olish joiz, – deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi viloyat tashkiloti raisi Jahongir Sharipov. — Unga muvofiq, 2022 yilda viloyatimizda umumiy maydoni 40 ming gektar o‘rmonzor va “yashil qoplama” barpo etishga jadal kirishildi. Bu jarayonda viloyat O‘rmon xo‘jaligi va uning hududlardagi bo‘limlari jonbozligi tufayli jalb qilingan ishchi kuchi va transport vositalari yordamida 40 ming gektardan oshiq maydonga 160 tonna cho‘l o‘simliklari urug‘lari ekildi hamda 2 million dona saksovul ko‘chati o‘tqazildi.
Xuddi shunday, viloyat O‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi tomonidan 2022 – 2026 yillarda kimsasiz cho‘lning umumiy maydoni 200 ming gektarida “Yashil qoplama”––himoya o‘rmonzorlarini barpo etish harakati jiddiy tus olgan. Bu borada hukumat me’yoriy hujjatlari asosida Buxoro viloyat hokimining “Yashil qoplamalar” barpo qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan bo‘lib, 2022 yilda cho‘l massivlarida 40 ming gektardan ziyod hududda ekish ishlari yakuniga yetkazilgani tufayli so‘nggi yillarda barpo qilingan o‘rmon hududi 100 ming gektarga kengaytirilgan. Shundan, 26 ming 140 gektar maydoni urug‘dan texnika yordamida, 71 ming 600 gektar maydoni mahalliy aviatsiya texnikasidan foydalangan holda amalga oshirilgan.
— Cho‘l massivida bajarilayotgan ekish va nihol ko‘kartirish ishlari avvalo, yurtdoshlarimiz salomatligini saqlash, ekologik nomutanosibliklarning oldini olishga qaratilgani bilan ahamiyatli ekanligini mulohaza qilsak, joriy 2023 yilda Jondor tumani Qoraqum cho‘lida 20 ming gektar, Shofirkonda kimsasiz Qizilqum cho‘li bag‘rida 20 ming gektar yer maydonida ekish ishlari jadal olib borilmoqda, – deydi Jahongir Sharipov. — Bunda foydalanilayotgan jami 31 ta transport vositasi viloyat O‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi tizimidagi tumanlar o‘rmon xo‘jaliklari texnikalari bo‘lib, ayni kunda 100 kishidan ziyod ishchi kuchi bu ishga jalb qilingan. Ikki tumanda alohida ekish Shtabi tashkillashtirilgan bo‘lib, kunlik ish hajmi, peshma-pesh yetkazib berilayotgan saksovul, yulg‘in, qandim, cherkez va shu kabi yaylov cho‘l o‘simliklari urug‘lari va nihollari, zarur yoqilg‘i ta’minoti alohida nazoratga olingan. Shuningdek, O‘rmon xo‘jaligi jamoalariga amaliy yordam sifatida qishloq xo‘jalik tizimidagi mashina–traktor parklaridan ham 10 ta haydov traktori va zarur agregat va mexanizmlar ajratilgan. Viloyat hokimining yuqoridagi qaroriga muvofiq, cho‘l o‘simliklari urug‘lari zaxirasini jamg‘arish va ekish uchun uzluksiz ta’minot yaratilib, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish vositalari, qolaversa, ishlatilayotgan texnikalar uchun zarur ehtiyot qism va yoqilg‘i–moylash materiallari ta’minotiga e’tibor qaratilmoqda.
Qolaversa, “Sug‘oriladigan yerlarni shamol eroziyasiga hamda suv xo‘jaligi obyektlarini qum bosishiga qarshi ihota daraxtzorlari barpo etish” dasturiga muvofiq, o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan 2022 yili bahor mavsumida 210 gektar maydonga 525 ming dona tut va boshqa daraxt ko‘chatlari ekildiki, bu ham hudud iqlim sharoitining ijobiy tomonga o‘zgarishiga xizmat qilmoqda. Albatta, shu kecha-kunduzda, ayni ko‘chat o‘tqazish davrida ko‘kalamzorlashtirish ishlari izchil davom ettirilmoqda va bu borada boshlangan ish ko‘lami o‘tgan yilgilaridan kam emas.
— Bundan tashqari, hukumatimizning 2020-yil 8-maydagi 238-F-sonli farmoyishida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Xorazm viloyatlarida aholining yashash sharoitini yanada yaxshilash, ekologik holatni sog‘lomlashtirish, Buxoro, Nukus, Xiva va Urganch shaharlarini shamol ta’siridan himoyalash, tuproq eroziyasining oldini olish, qumlar ko‘chishini bartaraf etish hamda mo‘tadil mikroiqlim sharoitini yaratish maqsadida jami 30 kilometr masofada “Yashil belbog‘” himoya daraxtzorlari barpo etish belgilangan, – deydi Jahongir Sharipov. — Shundan kelib chiqib, viloyat hududida 4 qatorlik uzunligi 10 kilometr masofada (Galaosiyo ko‘prigidan viloyat markazidagi “Sitora” mashina bozori chorrahasigacha) Buxoro shahar atrofida «Yashil belbog‘» barpo etish rejasi ishlab chiqilgan. Unga asosan, o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan hozirda ko‘zda tutilgan ekologik chora–tadbirlar bajarilmoqda. Aniqrog‘i, belgilangan hudud bo‘ylab 13 ming 330 tupdan ortiq katalpa, eldor qarag‘ayi, qayrag‘och, shumtol daraxti ko‘chatlari o‘tqazilgan.
Mazmun-mohiyatiga kelsak, “Yashil belbog‘” barpo qilinganidan 3-4 yil o‘tib, ko‘kalamzorlashtirilgan hududda sizot suvlari yuqoriga ko‘tarilishining oldini oladi. Shuningdek, har bir daraxt kamida 300 kilogramm miqdorida shaharga kirib kelayotgan tuzlar hamda qumlarni ushlab qolish xususiyatiga ega bo‘ladi. Qolaversa, qadimiy yodgorliklarning uzoq muddat saqlanib, qolishida ham bu tadbirning na’fi katta.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati