February 13, 2023

Kogon tumani: issiqxonada qulupnay yetishtirilmoqda

Tomorqasini yashnatib, har qarich ekin yeridan unumli foydalanib, mo‘l hosil yetishtirayotgan mehnatsevar oilalarga havas bilan qarab kelingan. Negaki, ular peshona teri evaziga qo‘lga kiritayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, meva–sabzavot hisobidan oilalar ehtiyojini qondirib, el dasturxonini to‘kin qilish barobarida xo‘jaliklariga qo‘shimcha daromad olib kelishmoqda.
Statistik ma’lumotlardan ko‘rinishicha, 2022 yil dehqonchilik mavsumida Kogon tumanida istiqomat qilayotgan 20 ming 928 ta xonadonning jami 2 ming 122 gektarga yetgan tomorqa yeridan 239 gektarida kartoshka, 1 ming 168 gektarida pomidor, bodring, karam, piyoz, sabzi, bulg‘or qalampiri kabi sabzavot mahsuloti, 53 gektarida qovun, tarvuz, qovoq va boshqa poliz mahsuloti, 84 gektarida loviya, mosh kabi dukkakli o‘simliklar, 4 gektarida soya, kungaboqar kabi moyli ekinlar yetishtirilgani aholi kundalik talabini qoplashga xizmat qilmoqda.
Ayni kunda aholi tomorqa yerlarida borayotgan faoliyat, issiqxona xo‘jaliklarida "Bir mahalla––bir mahsulot" tamoyili asosida mahsulot yetishtirish samaradorligini o‘rganayotgan viloyat fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Xurshid Boltayev Kogon tumani Sarayon mahallasida yashovchi, “Namunali tomorqachi” ko‘krak nishoni sohibi Said Narziyevning issiqxonasida bo‘lib, qulupnay yetishtirish agrotexnikasi bilan tanishdi.

Mutaxassislar fikricha, mahalliy sharoitda qulupnayni bahor, yoz va kuz fasllarida ekish yaxshi hosil olish garovi. Kam qor yog‘adigan va kuzda tez sovuq tushadigan viloyatlar qatorida Buxoroda ham yoz oylarida qulupnay ko‘chati ekish tajribasi bor. Bundan kech ekilganda o‘simlikning qishga bardoshliligi kamayadi va kelgusi yili hosil kam bo‘ladi. Biroq kuzda ekilgan ko‘chatlar ham yaxshi tutib ketadi. Mirishkor dehqon Said Narziyev ham issiqxonani tayyorlash bilan band bo‘lib, Koreyadan keltirilgan “son xyan” hamda Gollandiyaning “viktoriya” serhosil navlarini Toshkentdan oldirib, ekishni sentyabr oyida biroz kechikib bo‘lsada yakunlagan.

— Ayni kunda 6 sotixdan iborat issiqxonamizning 4 sotixida mahalladoshlarimiz tomorqalari uchun erta bahorda ekishga mo‘ljallab pomidor va bulg‘or qalampiri ko‘chatlarini yetishtirayotgan bo‘lsak, qolgan 2 sotixda qulupnay yetishtirish harakatidamiz, – deydi mirishkor tomorqachi Said Narziyev. — Bu yerda hozir 2 ming tupdan ortiq qulupnay niholi bo‘lsa, uning har tupidan peshma-pesh 600–700 gramga yetkazib hosil olishni ko‘zlaganmiz.

Bu yakunda 1 tonnadan oshiq mahsulot––xushxo‘r qulupnay degani. Bozorda tansiq bu ne’matning o‘rtacha bahosi shu kunlarda 120–150 ming so‘mdan kam emasligini mulohaza qilsak, qo‘lga kiritiladigan daromad cho‘g‘ini chamalash qiyin emas. Muhimi, mo‘jaz issiqxonada yetishtirilayotgan ko‘chatchilik va boshqa almashlab ekishlar hisobidan har mavsumda 35-40 million so‘mga yetkazib daromad olinayotgani tahsinga loyiq. Bu jarayonda tuman “Tomorqa xizmati” MCHJ esa Said Narziyev singari mirishkorlarga o‘z xizmatlari bilan yaqindan ko‘maklashmoqda.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati