Shofirkon: mahalliy o‘g‘it–tuproq unumdorligi va mo‘l hosil garovi
2022-yil dehqonchilik mavsumida shofirkonlik 351 ta g‘allakor fermer xo‘jaligi tomonidan 6 ming 154 gektar maydonda boshoqli don parvarishlanib, davlatga shartnoma rejasiga muvofiq 15 ming 90 tonna o‘rniga 16 ming 310 tonna sara bug‘doy sotilishiga erishildi. Zahmatli mehnatning rag‘bati sifatida tuman mirishkor xo‘jaliklari, ilg‘or fermerlar jamoalari ixtiyorida qoldirilgan bug‘doy xirmoni ham davlatga sotilganidan kam emas.
O‘tgan yilgi mavsumda tumanda bunyod qilingan yalpi sara bug‘doy xirmoni 40 ming 205 tonnaga yetkazilgan bo‘lsa, bunda gektarlar o‘rtacha hosildorligi o‘rtacha 65 sentnerga yetkazilgani dehqon–mirishkorlar moddiy manfaatdorligini oshirmoqda. Bu sa’y-harakat samarasi o‘laroq, birgina g‘allachilik tarmog‘ida bulturgi erishilgan daromad cho‘g‘i 142 milliard 800 million so‘mdan kam emas. Tuman fermer xo‘jaliklarida davlatga sotilganidan tashqari o‘z ixtiyorlarida, omborlarda qoldirilgan hosil hisobidan ko‘rilayotgan daromad salmog‘i ham 78 milliard so‘mni tashkil qilgani xo‘jaliklar va ulardagi jamoa iqtisodiy ahvoli mustahkamlanayotgani dalolati, albatta.
Albatta, joriy yil rizq-ro‘z manbaini yaratishga astoydil kirishilgan Vardonze hududidan “Azim – Shofirkon yulduzi”, "Salimbobo", "Islomobod", Iskogare hududidan “Ruslan Hamro Sardor”, Jo‘ynav hududidan “Qodir”, “Umidjon saxiy zamini”, Bog‘iafzal hududidan “Aslonbobo”, Sulton Jo‘ra hududidan “Ochil Barot”, Tezguzardan “Fayzi Narzullo”, "Barnobibi Bekzod", Jo‘yrabod hududidan “Otabek”, Do‘rman hududidan “Body Max” MCHJ, Denovdan “Behruz-T”, Sharof Hamroyev hududidan “Shofirkon Nurli tong”, “Doston" kabi fermer xo‘jaliklarining g‘allakorlikdagi tajribasi boshqalarga ibrat.
Statistik ma’lumotlarga nazar solsak, ayni kunda hududdagi jami 6 ming 154 gektar yerda kech kuzda “Starshina”, “Grom”, “Alekseyevich” kabi navga mansub boshoqli don ekib undirilgan bo‘lsa, shundan 1 ming 769 gektar ochiq maydonda, 4 ming 385 gektar g‘o‘za qator orasida ertangi rizq–ro‘z manbai—bug‘doy maysasi dastlabki bosqichlarda rivojlantirilmoqda. Belgilangan agrotexnik tadbirlar 12 ta hududda peshqadam va katta tajribaga ega fermerlar xo‘jaliklari ish uslubi asosida tashkillashtirilgan bo‘lib, ayni paytda konturlarni qishki yaxob suviga qondirish, bu jarayonda albatta, yetarli darajada mahalliy va mineral o‘g‘it kiritib, “sharbatlab” sug‘orishga e’tibor kuchayti rilgan.
G‘alla parvarishi bilan bir qatorda yakunlanayotgan yilda Shofirkon tumanida paxta hosilidan bo‘shagan 10 ming 553 gektar yer maydoni chuqur shudgor qilinib, har bir kontur dalasiga 5 tonna atrofida mahalliy o‘g‘it kiritilib, qishning “chilla suvi”dan bostirib sug‘orish – “sho‘r yuvish” agrotexnik tadbirlari kechiktirilmasdan olib borilayotgani ham yakunda barakali hosildorlikka erishish uchundir. Shu bois, sug‘oriladigan maydonlarda tuproq unumdorligini oshirish, mahalliy o‘g‘it jamg‘arishdek muhim agrotexnik tadbirda hududdagi fermer xo‘jaliklari tuman veterinariya bo‘limi hamda chorvachilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklar, qolaversa, qoramoliga ega aholi xonadonlari bilan yaqin hamkorlikda ish olib bormoqdalar. Ilmiy jihatdan, ekiladigan yer tuproq unumdorligini chirindisiz tasavvur etib bo‘lmaganidek, barakali hosil poydevorida mahalliy o‘g‘itlar––mol, qo‘y va parranda, shuningdek, pilla qurti go‘ngi, boshqa tabiiy o‘g‘itlarning ham ahamiyati katta.
Mutaxassislar fikricha, mahalliy o‘g‘itlar orasida go‘ngni olsak, uning tarkibida bir tonna hisobiga, qoramollarnikida 4 kilogram azot, 2,5 kilogram fosfor, 5 kilogram kaliy mavjud. Qo‘y qiyidagi azot miqdori bir tonnasida 16 kilogramni tashkil etarkan. Fosfor esa 5 kilogram, kaliy 14 kilogramga yetadi. Shuningdek, bir tonna parranda go‘ngida 34 kilogram azot, 16 kilogram fosfor, 8 kilogram kaliy moddasi mavjud ekan. Kezi kelganda, ta’kidlash joizki, bir tonna ipak qurtining quruq chiqindisi solingan tuproq qatlami esa 50 kilogram azot, 10 kilogram fosfor bilan to‘yinar ekan.
Hozirda tuman hokimligi qishloq xo‘jaligi bo‘limi, mas’ul tashkilotlar tomonidan hududdagi fermer xo‘jaliklarida shu nuqtai nazardan tushuntirish–targ‘ibot ishlari jonlantirilgan. Shubhsiz, bu amaliy tadbirlar tuproq unumdorligini oshirish evaziga yuqori hosildorlik olishni kafolatlaydi. Shu bois, har bir fermer, dehqon xo‘jaligi tomonidan ayni kunda qishloqlarda mahalliy o‘g‘it jamg‘arish ishlari qizg‘in olib borilayotganini ko‘rish mumkin. Bu borada "Ali Sahiy", "Akramov Askar" "Olimjon Porloq", "Turon to‘ra" kabi fermer xo‘jaliklari peshqadam.
Jumladan, bugunga kelib Do‘rmen hududidagi fermerlar xo‘jaliklarida qariyb 160 tonna mahalliy o‘g‘it jamlangan bo‘lsa, Denov hududida 140 tonna, Tezguzarda 411 tonna, Navoiy hududida 580 tonna, Chandirda 180 tonna, Bog‘iafzal hududida 350 tonna, Jo‘ynav, Iskogare Jo‘yrabod, Vardonze Savrak va Bobur hududlarida ham qariyb 2 ming tonna mahalliy o‘g‘it zahiralangan.
Ekin vegetatsiya davri faollashadigan bahor mavsumida tuproq tarkibidagi ozuqa moddalarining kamayib ketishi va o‘simlik mahalliy o‘g‘it––“darmondori”ga mutoj bo‘lishini hisoblasak, erta bahorgi oziqlantirish dolzarb ahamiyatga ega. Bu ko‘chat qalinligini barqarorlashtiradi, o‘simlikda tuplanish, panjalash, fazalash jarayonini jadallashtiradi va 1 metr kvadrat maydonda 550 tagacha mahsuldor poya hosil qilishga erishish mumkin. Pirovardida esa bu bilan har bir gektar yerdan 4-6 sentnergacha qo‘shimcha hosil olishga erishiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati