February 28, 2023

Buxoroda quvvati 500 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi quriladi

Fotoelektr stansiyasi qurilishi loyihasi Xitoyning China Gezhouba Group Oversias Investment Company LTD., kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi va 400 mln dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb qilinadi.
Bugun, 28 fevral kuni viloyat hokimi Botir Zaripov Xitoy kompaniyasining investitsiya bo‘limi boshlig‘i janob Chan ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq vazifalar keng muhokama qilindi. Janob Channing qayd etishicha, mazkur fotoelektr stansiyasi loyihasi ikki bosqichda amalga oshiriladi. Dastlab bosqichda joriy yil yakuniga qadar 200 MVtli stansiya qurib, ishga tushiriladi. Navbatdagi bosqich esa 2024 yilning 2-yarmiga qadar yakunlanishi va 300 MVtli stansiya ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Qurilish ishlari jarayonida 1-bosqichda 500-700 nafar, 2-bosqichda 1200-1500 nafar mahalliy aholining bandligi ta’minlanadi.

Bildirilishicha, kompaniya vakillari bundan bir muddat avval viloyatimizda bo‘lib, stansiya qurilishi uchun qulay hududlar bilan tanishgan. Shunga ko‘ra janob Chan loyihani amalga oshirish uchun Qorovulbozor tumanidan yer ajratilishi maqsadga muvofiqligi ta’kidladi.

Botir Zaripov tashabbus uchun janob Changa minnatdorlik bildirgani holda loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq qonunchilik talablari haqida to‘xtaldi. Davlatimiz rahbari tomonidan bevosita energiya tejamkorligini oshirish hamda ekologik toza, noan’anaviy va qayta tiklanuvchan energiya manbalaridan foydalanish borasida mamlakatimizda yaratib berilgan imkoniyat va imtiyozlarni batafsil tushuntirdi. Ayniqsa, Prezidentimizning “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori O‘zbekistonda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, energiya samaradorligini oshirish orqali respublika hududlarida energiya taqchilligi qoplanishini ta’minlash, bu boradagi ishlarni kompleks tashkil etish hamda investorlar uchun qulay sharoitlar va rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy qilish yo‘lidagi muhim tarixiy hujjat ekanligi qayd etildi.

Shundan kelib chiqib, tomonlar amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihaning istiqbollari haqida fikrlashib oldilar.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati