February 27, 2023

Eng asosiy talab bu — natijadorlik!

Jadallik bilan rivojlanib borayotgan hozirgi zamonda har qanday resurslarning ahamiyati oshib bormoqda. Jumladan, inson resurslariga bo‘lgan talab va uni rivojlantirish barcha resurslarga qaraganda eng ahamiyatlisi hisoblanadi. Inson resurslari avvalambor, uning zamon bilan hamnafas bo‘lishi, zamon talablariga javob beradigan kompetensiyalarni egallashi va doimiy rivojlanishga intiluvchan bo‘lishini talab etadi.
Davlat fuqarolik xizmatchilari egallangan bilim va ko‘nikmalarini amaliy faoliyatda samarali qo‘llay olishi hozirgi zamon xizmatchilariga qo‘yiladigan asosiy talablardan hisoblanadi.
Davlat fuqarolik xizmati tizimida faoliyat samaradorligiga alohida e’tibor qaratilib, uni baholash tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. Eng asosiy talab natijadorlik ekanligi belgilab berildi.
Faoliyat samaradorligini baholash tizimi xalqaro tajribada qo‘llanilib kelinayotgan metod hisoblanib, O‘zbekistonda ham ushbu tizim davlat fuqarolik xizmati tizimiga bosqichma-bosqich joriy etib kelinmoqda.
Davlat fuqarolik xizmati tizimida xodimlar faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (EMSK) yoki xalqaro atama KPI (Key Performance Indicator) tizimi orqali baholanib borilmoqda. KPI - muayyan ish doirasidagi samaradorlik (muvaffaqiyat) ko‘rsatkichi yoki muayyan vazifani hal qilish ko‘rsatkichi. Agar KPIdan amalda foydalanishni ko‘rib chiqsak, unda ko‘pincha bu ko‘rsatkich ma’lum bir ishning umumiy samaradorligini iloji boricha sodda va qulay tarzda o‘lchash uchun turli korxonalarda qo‘llaniladi. Umuman tashkilot va uning bo‘linmalari va xodimlarini KPIdan foydalanib o‘z ishlarini tezroq, samarali va mas’uliyat bilan bajarishga undash mumkin.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatida KPI (asosiy ishlash ko‘rsatkichi yoki muhim samaradorlik ko‘rsatkichi) tizimiga asoslangan baholash va hisobdorlik tizimini joriy etish tashkilotlarning mahsuldorligi va samaradorligini oshirish uchun mustahkam poydevor yaratadi.
KPI – bu tashkilot va xodimning strategik maqsadlariga erishishda samaradorligini belgilovchi koeffitsiyent ya’ni, erishilgan natijalarning miqdoriy jihatdan o‘lchanadigan ko‘rsatkichi hisoblanadi. KPIdan foydalanish korxonaga faoliyatning ichki mexanizmlarini ko‘rib chiqish va ularni takomillashtirish imkonini beradi.
KPI - xodimlar, bo‘limlar va butun muassasada ishchanlik faolligini nazorat qilish sharoitini yaratadi. Boshqacha aytganda, bu tizim yutuqlar darajasi va unga erishish uchun qilingan xarajatlar darajasini o‘zida aks ettiruvchi faoliyat natijadorligining muhim ko‘rsatkichidir.
Davlat tashkilotining mehnat unumdorligi samaradorlikning eng muhim ko‘rsatkichi bo‘lib, samaradorlik erishilgan natijalar va sarflangan resurslar o‘rtasidagi nisbat, rejalashtirilgan natijalarga erishish darajasidir.
Davlat boshqaruvi faoliyatining samaradorligi quyidagi omillarga bog‘liq:
– har bir davlat organining aniq maqsadi (vazifasi), tarkibiy bo‘limlar o‘rtasida vazifalar, funksiyalar va javobgarlikning aniq taqsimlanganligi;
– funksiyalarning bajarish mexanizmlari mavjudligi;
– faoliyatning aniq rejalashtirilganligi;
– mehnat sharoitlarining yaratilganligi;
– malakali mutaxassislardan iborat personal bilan tizimli ishlash, samarali va adolatli rag‘batlantirish (ish haqi, mukofotlar va boshqalar);
– davlat fuqarolik xizmatchilarining mehnat unumdorligini baholash mezonlari mavjudligi;
– baholash natijalariga ko‘ra takliflarni ishlab chiqish bilan davlat organlari faoliyati samaradorligini pasaytiradigan muammolarni aniqlash imkoniyati mavjudligi bu tizimning eng ahamiyatli tomonlaridan hisoblanadi.
Xalqaro tajribaga nazar solsak, bu borada Amerika Qo‘shma Shtatlari KPI usulining ajdodi hisoblanadi.
Shunday qilib, 1960-1970-yillarda Qo‘shma Shtatlarda "Maqsadlar Bo‘yicha Boshqarish" metodologiyasi yaratildi va keyinchalik juda mashhur bo‘ldi. Uning yordami bilan har bir xodimning shaxsiy yutuqlari baholanib, asosiy e’tibor xodimning ma’lum vaqt davomida, odatda bir yil davomida bajargan ishining natijalariga qaratildi. 1970-yillarda ushbu metodologiya xodimlarni baholash va rag‘batlantirishning universal usuli hisoblanar edi.
1980 yillarda “Ishlash Menejmenti” deb nomlangan texnika yaratildi. Shu bilan bir qatorda, u "Ishlash Boshqaruvi" yoki bizga ma’lum bo‘lgan KPI tizimi deb tarjima qilinadi. Ushbu uslub nafaqat natijani, balki unga qanday erishilganligini ham baholashga qaratilgan, ya’ni xodimning shaxsiy fazilatlari baholangan. KPI tizimi xodimning keng ko‘lamli samarasini baholashni anglatgan.
Shuningdek, Avstraliya davlat boshqaruvi tizimi vertikal bo‘ysunish tizimiga bo‘lingan bo‘lib, ular respublika, viloyatlar (shtatlar) va tumanlar tarkibidan iborat. Ushbu tizimning quyi bo‘g‘inida 560 ga yaqin mahalliy hokimiyatlar o‘z faoliyatini olib boradi. Avstraliyada davlat boshqaruvi tuzilmalari faoliyatini baholash va monitoring qilish bo‘yicha islohotlar jarayonlari 1980-yillardan boshlangan. Bunda asosiy e’tibor aholi va tadbirkorlik subyektlariga sifatli davlat xizmatlari ko‘rsatish, mahalliy budjet xarajatlaridan samarali foydalanish(tejash), davlat xizmatchilarining o‘z funksiya va vazifalariga munosib ravishda faoliyat olib borishlari, bir so‘z bilan aytganda, mahalliy hokimiyat faoliyatiga oid barcha resurslar (input) va ularning natijalari (output) bo‘yicha asosiy faoliyat ko‘rsatkichlarini baholash va hisobot yuritish tizimlariga qaratilgan. Mazkur islohotlar tizimi boshqaruvning jarayonli hisobdorlik tizimidan faoliyat bo‘yicha hisobdorlik tizimiga o‘tish bosqichini boshlab berib, bu borada tadqiqotlar olib borilishiga juda katta ta’sir ko‘rsatdi. Ayniqsa, faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlarini aniqlash, baholash va hisobdorlik tizimlari bo‘yicha tadqiqotlar olib borish muhim amaliy ahamiyat kasb etdi. Mazkur yo‘nalishda davlat va xususiy sektor faoliyatlarining miqdor va sifat ko‘rsatkichlari, moliyaviy va nomoliyaviy o‘lchov mezonlari orqali aniqlash, belgilash, baholash va hisobotini yuritish borasida turli xil yondashuvlar, usul va vositalar hamda mexanizmlar ilgari surildi. Mana shunday yondashuv, usul va vositalardan biri davlat boshqaruvi organlari faoliyatida ma’muriy buyruqbozlikka asoslangan faoliyat yondashuvidan bozor mexanizmlariga asoslangan davlat xizmatlarini ko‘rsatish faoliyat yondashuviga o‘tilganligidir. Avstraliya mahalliy hokimliklar tajribasida quyidagi KPI ko‘rsatkichlaridan keng foydalaniladi: jamoatchilikning hokimlik maslahat xizmatlaridan qoniqishi va ularning keng jalb qilinishi; Jamoatchilik kengashi vakilining(raisining) hokimlik kengashlarida ishtiroki; Jamoatchilikning kengash qabul qilgan qarorlaridan qoniqishi; mahalliy ahamiyatdagi yo‘llar foydaliligini standartlashtirish; yo‘l qurilish xarajatlarining samaradorligi; yo‘llardan foydalanuvchilarning qoniqishlari; aholining maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish bo‘yicha e’tirozlari; aholi punklarining maishiy chiqindilar solinadigan konteynerlar bilan ta’minlanganligi; maishiy chiqindilarga xizmat ko‘rsatish xarajatlarining samaradorligi; mol-mulkni baholash xarajatlarining samaradorligi; mahalliy budjet profitsiti yoki taqchilligi ko‘rsatkichlari va hokazo.
Rivojlangan xorijiy mamlakatlarda bunday tizimning qo‘llanishi ijobiy natijalar bermoqda. Xodimlarning faoliyatini KPI ko‘rsatkichlari asosida baholanishi tizim va xodimning rivojlanishi uchun zamin yaratyapti. Mazkur mamlakatlar davlat organlarining faoliyat tuzilmasi samaradorligini oshirishning juda muvaffaqiyatli usullarini o‘zlashtirgan va harakatlarning yangi modellarini yaratgan. Xususan, mutaxassislarimizning o‘rganish va xulosalariga ko‘ra Avstraliya, Buyuk Britaniya, Belgiya, Yangi Zelandiya, Fransiya, Germaniya, Niderlandiya, Kanada kabi davlatlar tajribasida KPI tizimi o‘ziga xos muvaffaqiyatli qo‘llanilgan bo‘lib, O‘zbekistonda ham mana shunday rivojlangan davlatlar tajribalari chuqur o‘rganilgan holda ushbu tajribalardan kelib chiqqan modellarni davlatimizda o‘ziga xos qo‘llash bo‘yicha tadbirlar davom ettirilmoqda.
Umuman olganda, xalqaro tajribada ko‘rilgani kabi samaradorlikning KPI tizimida korxona menejmenti va xodimlari faoliyati sonlar orqali o‘lchanadi. Indikatorlar bo‘yicha hisobot tayyorlangach, rejalashtirilgan maqsadga qanchalik darajada erishilgani, rejalar qay darajada aniq va to‘g‘ri qo‘yilganini baholash mumkin. Samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlari natijasi strategik va taktik maqsadlarga tuzatishlar kiritishga ko‘mak beradi.
KPI korxona, tashkilot, muassasa va xodimlarga nisbatan qo‘llaniladi va korxonada mehnatga haq to‘lashning motivatsiyali va samarali tizimini ko‘rsatkichlar orqali ko‘rish imkonini beradi, biroq bunda ko‘rsatkichlarni hisoblashning imkoni bo‘lishi zarur. Bu jarayonning boshqa tizimlardan afzalligi shundaki, xodimlar faoliyatining samaradorligini ko‘tarish maqsadida o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, moddiy rag‘batlantirish xodimlar faoliyatining samaradorligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq bo‘lishi kerak bo‘ladi.
Tashkilot tomonidan xodimlarning KPI natijalari tahlili ko‘rib chiqilib, ular natijalarining qanchasi yuqori, yetarli, yetarli emas, o‘rta, past va qoniqarsiz darajada ekanligi aniqlanadi. Rahbar samaradorligi yuqori bo‘lgan xodimlarni rag‘batlantirib, “past” yoki “qoniqarsiz” darajada ekanligi aniqlangan xodimlariga tegishli ta’sir choralar ko‘rishi mumkin bo‘ladi.
Hozirda, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan tuman(shahar) hokimlari o‘rinbosarlarni eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlar hamda sektor rahbarlari faoliyatini reyting asosida baholash tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ushbu yo‘nalishda samaradorlik.uz tizimi joriy qilingan. Mazkur tizim orqali barcha davlat fuqarolik xizmatchilarini samaradorlik ko‘rsatgichlarini baholash ishlarini amalga oshirish maqsadida tizimda doimiy takomillashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Viloyat miqyosida tuman(shahar) hokimi o‘rinbosarlari va sektorlar rahbarlari faoliyatining samaradorligini baholashning 2022 yil yakunlari bo‘yicha hosil bo‘lgan tahliliy hisobotlari joriy yil 22 fevral kuni Buxoro viloyati hokimi huzurida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda muhokama qilindi. Yig‘ilish yakunlari bilan yuqori natijadorlikka erishgan tuman va shaharlar sektorlari rahbarlari va hokim o‘rinbosarlarini belgilangan tartibda qimmatbaho sovg‘alar va pul mukofotlari bilan taqdirlash, samaradorligi past bo‘lgan tuman va shaharlar sektorlari rahbarlari va hokim o‘rinbosarlari ogohlantirilib, ularning joriy yil birinchi chorak yakunlari bo‘yicha faoliyati samaradorligi past bo‘lgan taqdirda ularga nisbatan qat’iy ta’sir choralari qo‘llanilishi bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Mizrobjon Samadov, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali Kadrlar ma’muriyatchiligi bo‘limi yetakchi inspektori