February 9, 2023

Vobkent: ta’mirlash navbati Cho‘rikalon yo‘llariga

Tuman Yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan bugunga kelib hududdagi 178 kilometrdan oshiq yo‘l qismiga xizmat ko‘rsatilayotgan bo‘lib, shundan 32 kilometri respublika ahamiyatidagi, 147 kilometri mahalliy ahamiyatidagi yo‘l hisoblanadi. Eng ko‘p mablag‘ taqozo qilinadigan yo‘l tarmog‘ida joriy yil davomida "Obod qishloq" davlat dasturi asosida umumiy qiymati 15 milliard 700 million so‘m mablag‘ evaziga 40 kilometr yo‘l asfaltlashtirilib, qariyb 50 kilometrga teng ichki yo‘lga shag‘al bostirilgan. 2022 yil davomida tuman markaziy ko‘chalarini obod qilish maqsadida piyodalar va velosiped yo‘laklarini qurishga 6 milliard so‘m mablag‘ sarflangan.
Chunonchi, Hajuvon va Ko‘lodina qishloqlarida jami uzunligi 8 kilometr, Mo‘minobod va Latifsobungar qishloqlarida 6 kilometrdan oshiq, Xalach, Istiqlol va Shakarkent qishloqlarida jami 7 kilometr uzunlikdagi ichki yo‘l qismi asosi tayyorlangani holda shag‘allashtirilgani piyoda va haydovchilar uchun ko‘pdan kutilgan ish bo‘ldi. Yangi yil oldidan Hajuvon qishlog‘ining ichki 400 metr masofadagi yo‘l qismiga pudrat korxonasi "Kamolov Jamol Muxtorovich" MCHJ quruvchilari tomonidan 299 million so‘m mablag‘ evaziga risoladagidek beton yotqizish ishlari ham bajarilgan.

Xuddi shunday, "Panob" MFY dagi Tongotar qishlog‘i yo‘lining 4 kilometr qismini ta’mirlash, yo‘l asosini kengaytirish va asfalt yotqizish ishlari uchun qiymati 2 milliard 700 ming so‘mga teng sarmoya sarflangan. Maxsus transport vositalari, kuch hamda mexanizmga ega tuman yo‘lsozlari tomonidan bu manzildagi ishlar sifatli yakunlangan.
Shuningdek, 2022 yilgi “Obod qishloq”dasturiga muvofiq, tumanda 3 kilometr ichki xo‘jalik avtomobil yo‘lini ta’mirlash va asfaltlashtirish manzilli ro‘yxatiga yana qariyb 4 kilometr ichki yo‘lga sement-beton qoplamalari yotqizilgan. Shu boisdan, “4R–66” rusumidagi “Adizobod-Vobkent-Yangibozor” avtomobil yo‘lining 29-33 kilometrlari oralig‘i Xitoy texnologiyasi asosida betonlashtirilgan.

O‘tgan yil ikkinchi yarmida shuningdek, “Guliston” MFY Todare qishlog‘ining 1,4 kilometr masofadagi yo‘l qismi mukammal ta’mirlanib, bu manzilda ham sement-beton yotqizish ishlari sifatli yakunlangan bo‘lsa, tuman markazidagi "Do‘stlik" mahallasining Guliston ko‘chasida 700 metrli ichki yo‘lni asfaltlashtirishga 350 million so‘m mablag‘ sarflangan va tuman yo‘lsozlari tomonidan bu ish ham talab darajasida nihoyasiga yetkazilgan. Qolaversa, Niyozxo‘ja mahallasidagi Ko‘kdala ko‘chasining 700 metr masofadagi ichki yo‘l qismini asfaltlashtirish ishlari ham jadal olib borilib, mahalliy aholiga yana bir qulaylik yaratilgan.


— Joriy yilda bu boradagi ishlar davom ettirilib, jumladan, "Openbudget" elektron tizimi orqali “Cho‘rikalon” MFY Cho‘rikalon qishlog‘ini asfaltlashtirish taklifi mahalla aholisi tomonilan qo‘llab quvvatlanib, kerakli ovozlar yig‘ilgani holda yo‘l ta’miri, ya’ni qatnov yo‘lining 3 kilometr qismini asfaltlashtirish ishlari jadal olib borilmoqda, – deydi tuman Yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi rahbari Ne’mat Qurbonov. — yni kunda bu manzilda o‘ndan ortiq yo‘lsoz ishchi–mutaxassis, maxsus transport, texnika va mexanizmlar kuchidan unumli foydalanilmoqda.

— Ko‘chamizning nosozligidan avtomashinalar va haydovchilar u yoqda tursin, piyodalar, xotin-xalaj, maktabga va bog‘chaga o‘tib qaytadigan bolalarimiz qiynalib kelishardi, yog‘in-sochinli kunlardagi tashvishimizni-ku aytmasa ham bo‘ladi, – deydi mazkur ko‘chada yashovchi fuqaro Ramazon Rahimov. — Mana, bugun ko‘chamiz qayta ta’mirlanayotganidan juda xursandmiz, yo‘lsozlarga ming rahmat!

Viloyat hokimligi matbuot xizmati