February 25, 2023

Buxoroda Butunjahon nodavlat–notijorat tashkilotlari kuni nishonlandi 

27-fevral – Butunjahon nodavlat notijorat tashkilotlari kuni. Shu munosabatit bilan kuni kecha Buxoro shahridagi Nodavlat–notijorat tashkilotlari va do‘stlik uyida O‘zbekiston nodavlat–notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Buxoro viloyati hududiy bo‘linmasi tashabbusi bilan tadbir tashkil etildi.

Mazkur sana tarixiga nazar solsak, xalqaro nodavlat–notijorat tashkilotlari kuni ilk marta 2010-yil 17 aprelda Boltiq dengizi mintaqasi kengashida rasman e’lon qilinib, 2014-yil 27 fevralda Finlyandiyaning Xelsinki shahrida xalqaro miqyosda keng nishonlangan. Tarixga murojaat qilsak, 1950 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining rezolyutsiyasi bilan «Xalqaro nohukumat tashkiloti» tushunchasi kiritilgan.

Ayni paytda Buxoro viloyat Adliya boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, shahar va tumanlarda 577 ta nohukumat tashkiloti ro‘yxatga olingan hamda faoliyat yuritmoqda. Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash borasida bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Ayniqsa, oxirgi yillarda mazkur yo‘nalishda samarali amaliy ishlar ko‘zga tashlanmoqda.
— Xususan, 2018 yilda davlat organlari va muassasalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini tashkil etish hamda amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan. Mazkur qonun bilan davlat ro‘yxatiga olingan nodavlat–notijorat tashkilotlari jamoatchilik nazorati subyekti hisoblanishi mustahkamlab qo‘yildi. Ular tomonidan davlat organlariga murojaatlar va so‘rovlar yuborish, davlat organlarining ochiq hay’at majlislarida ishtirok etish, jamoatchilik muhokamasi, jamoatchilik eshituvi, jamoatchilik monitoringi, jamoatchilik ekspertizasi, jamoatchilik fikrini o‘rganish shakllari orqali o‘z vakolatlari amalga oshirilishi ta’minlanmoqda, – deydi O‘zbekiston Nodavlat–notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Buxoro viloyati hududiy bo‘linmasi boshlig‘i Jasur Boltayev. — Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yilning 4 martidagi “2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq 2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasi tasdiqlangan. Mazkur farmonga binoan har bir yil miqyosida mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari belgilanib, amalga oshirib kelinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 martdagi “Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyati erkinligi, huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori orqali davlat tomonidan nodavlat–notijorat tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlashning aniq mexanizmlari shakllantirildi.
Bugungi kunda respublikamizda faoliyat yuritayotgan 9 mingga yaqin NNT ning 1500 ga yaqini O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasiga a’zo bo‘lgan. Shundan 151 tasi Buxoro viloyatidagi nodavlat–notijorat tashkilotidir. Hozirda respublika bo‘yicha 14 ta “Nodavlat notijorat tashkilotlari uyi” tashkil etilgan bo‘lib, milliy assotsiatsiya tomonidan NNT larga mazkur binoga joylashish va undan beg‘araz foydalanish uchun tavsiyanomalar berilgan. Bundan tashqari, Assotsiatsiya tomonidan NNT lar vakillari malakasini oshirish, tashkilot faoliyatini tizimli va innovatsion tashkil qilish, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda ijtimoiy faolligini oshirish hamda samarali ish uslublarini joriy etish bo‘yicha hamkor tashkilotlar bilan doimiy tarzda seminar-treninglar o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida nodavlat–notijorat tashkilotlari rahbarlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish maqsadida 2021 yildan boshlab 150 nafar NNT rahbari ikki bosqichda, 72 soatlik dastur asosida o‘qitildi. Kurslarda malaka oshirgan NNT lar rahbarlari “Trenerlar shtabi”ga biriktirilib, ular tomonidan hududlarda NNT larga konsultativ yordam ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi.
Soha faoliyatiga oid qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish, normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash va huquqiy xulosalar berish maqsadida Assotsiatsiya qoshida o‘z sohasida katta tajribaga ega bo‘lgan 112 nafar NNT vakilidan iborat “Ekspertlar guruhi” tashkil etildi. Endilikda ular, joylarda fuqarolik jamiyatini shakllantirishda ishtirok etayotgan NNT lar bilan bevosita ishlab, ularning tashabbuslarini amalga oshirishda yaqindan ko‘maklashmoqda.

Mazkur tadbirda ishtirok etgan NNT lar mutasaddilari ularning viloyat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etish orqali mavjud muammolarni davlat organlari bilan samarali hal etish borasida o‘zaro fikr almashdilar, zarur tavsiyalar oldilar. Yakunda bir qator soha xodimlariga guvohnoma hamda esdalik sovg‘alari berildi.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati