Buxoroda ilk bor murakkab aritmologik operatsiya o‘tkazildi
Birmuncha murakkab jarrohlik operatsiyasi deganda, albatta, narkoz, anesteziya, chuqur tig‘ kesish va yana shu kabi kishini beixtiyor qo‘rquvga soladigan jihatlar eslanadi. Ammo kuni kecha respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida o‘tkazilgan yuqori texnologiyali murakkab operatsiya aytish mumkinki, narkozsiz, jarohatlarsiz va bor-yo‘g‘i 30 daqiqada bajarilgani bilan ahamiyatlidir. Bir necha yildirki, yurak qon-tomir kasalligi bilan og‘rib, turli davo muolajalarini olib kelayotgan 64 yoshli G‘ofur Sharipov atigi ikki santimetrli kesma bilan og‘ir xatalikdan xalos bo‘ldi.
— Ochig‘i, bundan besh-olti yil oldin Buxoroda bolalar yoki kattalarda yurak, jigar, buyrak, o‘pka operatsiyalari amalga oshiriladi, deyilsa kim ishonardi ?! Bor-budini sotib yoki qarindosh-urug‘idan qarz-havola qilib bemorini Rossiya, Hindiston, Isroil va boshqa davlatlarga olib yugurgan yurtdoshlarimiz kammidi?! Bunga imkoniyati bo‘lmaganlar-chi, Yaratgandan najot kutishdan boshqa qo‘lidan nima kelardi?! Ixtisoslashgan yordamdan foydalanish uchun poytaxtga qatnaganlar, order uchun navbatda turganlar qancha edi ?! Endi bunday ovvoragarchiliklarga barham berilmoqda. Murakkab jarrohlik amaliyotlari endilikda o‘zimizda malakali mahalliy shifokorlar tomonidan barcha zamonaviy talablarga javob beradigan, yuqori texnologiyaga asoslangan uskunalar yordamida bajarilmoqda, – deydi respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali direktori Tohir Musoyev. — Filialimizda viloyatda ilk marotaba yurakka uch kamerali kardioresinxronlovchi terapiyali kardioverter-defibrillyator (CRT) apparati o‘rnatildi.
Bu apparat yurak yetishmovchiligini davolash va hayot uchun xavfli aritmiyalar, qorincha taxikardiyasi yoki qorincha fibrilatsiyasini bostirish uchun mo‘ljallangan kombinatsiyalangan qurilma hisoblanadi. Bundan CRT funksiyasiga ega yurak stimulyatorlari bemorlarda yurakning sinxron qisqarishini tiklashga va natijada yurak yetishmovchiligi bilan bog‘liq alomatlarni yo‘qotishga xizmat qiladi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, CRT implantatsiyasidan so‘ng bemorlarning umumiy ahvoli va hayot sifati yaxshilanadi, jismoniy zo‘riqishlarga chidamlilikni oshiradi.
Aytish joizki, murakkab jarrohlik amaliyotini boshidan kechirgan bemor G‘ofur Sharipov bir necha yil havo–nafas yetishmaslik hissi, tez charchash, hansirash, kuchli umumiy holsizlik kabi shikoyatlar bilan poytaxt va xorijiy klinikalarda shifo istab, ovora bo‘lgan, iqtisodiy qiyinchilik tufayli oxir–oqibat RSHTYOIM Buxoro filialiga murojaat qilishga majbur bo‘lgan va bu harakati tufayli endilikda u dardidan forig‘ bo‘lib, tuzalish yo‘liga o‘tdi. Operatsiyadan so‘ng bemor o‘zini juda yaxshi his qilmoqda va tibbiyot xodimlaridan minnatdor.
Umuman, bu yangilik va erishilayotgan yutuqlar yurtimizda shifokorlar mehnatini qadrlash va ular uchun munosib mehnat sharoitini yaratib berish, aholi salomatligini asrashda sohaga ilg‘or va zamonaviy texnologiyalarni keng tadbiq etishga doimiy ravishda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tibor qaratilayotgani tufaylidir. Xususan, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishning barcha bosqichlari, xoh u olis bir qishloq hududi, xoh shahar markazi bo‘lsin, barcha uchun birdek shart-sharoit yaratilayotgani, olib borilayotgan islohotlar RSHTYOIM Buxoro filialida ham murakkab va noyob kardiologik, neyroxirurgik va boshqa jarrohlik amaliyotlari yuqori darajada amalga oshirish imkonini bermoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati