February 25, 2023

Buxoro tumani: ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot kuchaytirilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida ta’kidlanganidek, ayni kunda dunyoda kuchayib borayotgan radikalizm, ekstremizm, terrorizm, odam savdosi, giyohvandlik kabi xavf-xatar afsuski, mamlakatimizni ham chetlab o‘tmayapti. Musulmon olamining yetuk mutafakkirlari Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy singari ulamolar yetishib chiqqan yurtimizda bu borada adashganlar, radikalizm va ekstremizm g‘oyalari ta’siriga berilayotganlar bilan ishlash samaradorligini oshirish dolzarb ahamiyatga ega, albatta.

Shu nuqtai nazardan, jamiyatimizda millat genofondiga tahdid soladigan har qanday radikallashuv, yoshlarimiz ongu tafakkurini zaharlashi mumkin bo‘lgan buzg‘unchi–yot g‘oyalarga qarshi ommaviy kurashga, ertamiz egalarini vatarparvarlik ruhida tarbiyalashga bor kuch va imkoniyatimiz bilan tayyormiz. Jirkanch maqsad yo‘lida muqaddas dinni o‘ziga qurol qilib olgan turli siyosiy to‘dalarga qat’iy qarshimiz va bu borada jaholatga qarshi ma’rifat, insonparvarlik g‘oyalari bilan kurashish yo‘lidamiz. Buning uchun nafaqat mas’ul tashkilotlar, balki jamoatchilik birgalikda bahamjihat harakat qilishi, xalqimizga dinimizning insonparvarlikka yo‘g‘rilgan mazmun–mohiyatini to‘g‘ri va xolisona ochib berish, farzandlarimizni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash dolzarb ahamiyatga ega. Bu borada avvalo oila, mahalla va ta’lim maskanlarida muntazam ish olib borish, targ‘ibot–tashviqot tadbirlarini kuchaytirish zarur.

Kuni kecha Buxoro tumani Galaosiyo suv xo‘jaligi va melioratsiya kolleji yig‘ingohida bo‘lib o‘tgan ma’naviy–ma’rifiy targ‘ibot tadbirida ham shu xususda so‘z bordi. Hududdagi “Bog‘ikalon” va boshqa mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari, mahalliy imom va otinoyilar, umumta’lim maktabi direktorlarining ma’naviy–ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, hudud profilaktika inspektorlari, yoshlar yetakchilari qatnashgan tadbirni viloyat hokimining o‘rinbosari Erkin Majidov olib bordi.

Asosan yoshlar ta’lim-tarbiyasi, mahalla ijtimoiy muhitini yaxshilash mavzusida o‘tgan munozarada viloyat bosh imom-xatibining o‘rinbosari Otabek Avezov, Buxoro tumani hokimining o‘rinbosari Sobir Hamroyev, tuman bosh imom-xatibi Abdurahmon Baqoyev, tuman bosh otinoyisi Navbahor Raxmatova, targ‘ibot guruhi rahbari Madina Sa’dullayevalar o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdilar. O‘rganilgan mavzu yuzasidan mas’ullarga mahalla va ta’lim dargohlarida ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, diniy bag‘rikenglik hamda millatlararo totuvlikni mustahkamlashga doir qator tavsiya–tushuntirishlar berildi.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati