August 21

СRОWN ( Мini fаnfiс)

Choson saroyi go‘zallik va oʻziga jalb qiluvchi hashamat timsoli edi.
Har bir yo‘lak oynadek yarqirar, har bir deraza esa quyosh nuriga burkangan qafasni eslatardi. Malika Sullin erkalatilish va sevilish uchun tug‘ilgandek edi goʻyo.
U oʻta go‘zal, o‘tkir zehnli va boshqarishning iloji yo‘q darajada qaysar qiz edi. Shunday qiz ediki, birgina nigohi bilan bal zalini jimjitlikka cho‘mdira olardi, shu bilan birga ustozlarini umidsizlikdan sochlarini yulishga majbur qilardi.

Qirol ko‘pincha uni marhum onasining yuziga, o‘zining esa fe’l-atvoriga ega ekanini aytardi. Bu ikki xislatning uyg‘unligi bilan esa Sullin yo saltanatlarni boshqarishi, yo ularni vayron qilishi uchun yaratilganini anglatardi.

Yigirma yoshga kelib, Sullin hamma narsaga ega boʻlgandi. Quyilgan sharobdek tovlanadigan ipak ko‘ylaklar, peshonalari marmar polga tegudek chuqur ta’zim qiladigan xizmatkorlar va uning yolg‘iz ekanini unutishiga yetarlicha maqtovlar yog‘dirishga tayyor minglab odamlari bor edi. Biroq har doim yolg‘izlikni afzal koʻrardi.

Har safar kun bir xil boshlanardi: oqarib kelayotgan tong soyabonli pardalar orasidan xonaga sizib kirar, yo‘lakda qadam tovushlari eshitilar, xizmatkori esa muloyim ovozda bugun Hazrati Oliyalari qaysi ko‘ylakni kiyishlarini so‘rardi. Sullin ko‘zgu qarshisida o‘tirib, aksining mukammallik sari bezatilishini kuzatardi.

- Bularning barchasi bor , men hayotimda biror narsani hech qachon o‘zim tanlab ko‘rmaganman

Uning dunyosi chindan ham mayin, zarhal va chidab bo‘lmas darajada sokin edi.

Gap saroyni yomon ko‘rishida emas balki xuddi javohirlar bilan bezatilgan qafas kabi edi. Ammo Sullin har doim dunyoni o‘z qalbi bilan his qilishni xohlardi. Tuproqni, havoni, shovqinni. U bular haqida kitoblarda, sayohatchilarning maktublarida, uzoq vaqt oldin vafot etgan qirolichaning ranglari o‘chgan kundaligida o‘qigan edi.

Ba’zan u shunchaki tuproqqa tegish uchun tashqi bog‘larga yashirincha chiqib ketardi. Bu esa kanizaklarining hayratdan nafasini ichiga yutishiga sabab bo‘lardi.

— Hazrati Oliyalari, ko‘ylagingizni iflos qilib qo‘yasiz! — deb qichqirishardi ular.

Sullin esa jilmayib:

— Balki u iflos bo‘lishni xohlayotgandir, — derdi.

U uni aynan shunday paytda ko‘rdi.

Bu yozgi bo‘ronlar va endigina o‘rilgan maysaning hidi havoga taralgan kechki paytlardan biri edi. Sullin xonasidan yashirincha chiqib ketgandi. Uning ko‘ylagi etaklari lavanda butalariga tegib o‘tar, sochlari esa bo‘shroq qilib yig‘ilgan edi — bu ham o‘z-o‘zidan kichik bir isyonga oʻxshardi.