СRОWN ( Мini fаnfiс)
Choson saroyi go‘zallik va oʻziga jalb qiluvchi hashamat timsoli edi.
Har bir yo‘lak oynadek yarqirar, har bir deraza esa quyosh nuriga burkangan qafasni eslatardi. Malika Sullin erkalatilish va sevilish uchun tug‘ilgandek edi goʻyo.
U oʻta go‘zal, o‘tkir zehnli va boshqarishning iloji yo‘q darajada qaysar qiz edi. Shunday qiz ediki, birgina nigohi bilan bal zalini jimjitlikka cho‘mdira olardi, shu bilan birga ustozlarini umidsizlikdan sochlarini yulishga majbur qilardi.
Qirol ko‘pincha uni marhum onasining yuziga, o‘zining esa fe’l-atvoriga ega ekanini aytardi. Bu ikki xislatning uyg‘unligi bilan esa Sullin yo saltanatlarni boshqarishi, yo ularni vayron qilishi uchun yaratilganini anglatardi.
Yigirma yoshga kelib, Sullin hamma narsaga ega boʻlgandi. Quyilgan sharobdek tovlanadigan ipak ko‘ylaklar, peshonalari marmar polga tegudek chuqur ta’zim qiladigan xizmatkorlar va uning yolg‘iz ekanini unutishiga yetarlicha maqtovlar yog‘dirishga tayyor minglab odamlari bor edi. Biroq har doim yolg‘izlikni afzal koʻrardi.
Har safar kun bir xil boshlanardi: oqarib kelayotgan tong soyabonli pardalar orasidan xonaga sizib kirar, yo‘lakda qadam tovushlari eshitilar, xizmatkori esa muloyim ovozda bugun Hazrati Oliyalari qaysi ko‘ylakni kiyishlarini so‘rardi. Sullin ko‘zgu qarshisida o‘tirib, aksining mukammallik sari bezatilishini kuzatardi.
- Bularning barchasi bor , men hayotimda biror narsani hech qachon o‘zim tanlab ko‘rmaganman
Uning dunyosi chindan ham mayin, zarhal va chidab bo‘lmas darajada sokin edi.
Gap saroyni yomon ko‘rishida emas balki xuddi javohirlar bilan bezatilgan qafas kabi edi. Ammo Sullin har doim dunyoni o‘z qalbi bilan his qilishni xohlardi. Tuproqni, havoni, shovqinni. U bular haqida kitoblarda, sayohatchilarning maktublarida, uzoq vaqt oldin vafot etgan qirolichaning ranglari o‘chgan kundaligida o‘qigan edi.
Ba’zan u shunchaki tuproqqa tegish uchun tashqi bog‘larga yashirincha chiqib ketardi. Bu esa kanizaklarining hayratdan nafasini ichiga yutishiga sabab bo‘lardi.
— Hazrati Oliyalari, ko‘ylagingizni iflos qilib qo‘yasiz! — deb qichqirishardi ular.
— Balki u iflos bo‘lishni xohlayotgandir, — derdi.
U uni aynan shunday paytda ko‘rdi.
Bu yozgi bo‘ronlar va endigina o‘rilgan maysaning hidi havoga taralgan kechki paytlardan biri edi. Sullin xonasidan yashirincha chiqib ketgandi. Uning ko‘ylagi etaklari lavanda butalariga tegib o‘tar, sochlari esa bo‘shroq qilib yig‘ilgan edi — bu ham o‘z-o‘zidan kichik bir isyonga oʻxshardi.
Malika o‘z balkonidan uzoqdagi hovlida ishlayotgan ishchilarni payqagan edi. Suv toshqinidan keyin sug‘orish tizimini ta’mirlash uchun olib kelingan erkaklar u yerda mehnat qilishardi. Ularning ovozlari shamol bilan birga xira eshitilar — dag‘al va past ovozlar, saroy hayotining sayqallangan, muloyim shivirlashlaridan butunlay farq qilardi.
Quyosh ostida turgan baland bo‘yli yigit. Terisi quyoshda toblangan to'q rangda, yoqa suyaklari ustida ter yaltirardi. Yenglari tirsagigacha shimarilgan, sochlari nam, tuproqni qaziyotgan qo‘llari esa baquvvat edi. U saroydagi hech narsaga o‘xshamasdi.
Sullin o‘zini unga tikilib qolgan holda topdi. Yigit biroz tin olish uchun qaddini rostlab yuqoriga qaradi va ularning nigohlari to‘qnashdi. Bir lahzaga Sullin nafas olishni unutdi.
Uning nigohida na itoatkorlik va na hayrat bor edi. U xotirjam, hatto biroz qiziquvchan qarardi.
Malika yuragi koʻksiga qattiq urilayotganini his qilib, juda tez yuzini boshqa tomonga burdi. Yonoqlari esa qizib ketgandi.
O‘sha kecha u tushida quyosh nurini va tirnoqlari ostidagi tuproqni ko‘rdi. Tong otishi bilan uning xayolida allaqachon bahonalar paydo bo‘la boshlagan edi.
— Hazrati Oliyalari, — dedi xizmatkori, — sug‘orish tizimi haqidagi hisobotni ko‘rib chiqishni xohlaysizmi?
— Ha, — dedi Sullin beparvo ohangda. — Balki o‘zim ham borib ko‘zdan kechirarman.
Xizmatkorlar hayratdan bir-birlariga qarab qo‘yishdi. Axir malika hech qachon qo‘l mehnati bilan bog‘liq ishlarga qiziqmasdi. Ammo Sullin shunchaki shirin, ammo zaharli tabassum qildi.
Albatta, muammo yo‘q edi. Axir hech kim unga hech qachon “yo‘q” deya olmasdi.
Shunday qilib, o‘sha kuni tushdan keyin malika hovliga kirib keldi. Ipak ko‘ylagining etaklari toshlar ustida shitirlab borardi. Ishchilar o‘z ishlarini to‘xtatib, qotib qolishdi va bosh kiyimlarini qo‘llariga olib, chuqur ta’zim qilishdi. Bittasidan tashqari.
Baland bo‘yli yigit qaddini rostlab, bilagining orqa tomoni bilan peshonasidagi terni artdi. U hayratlangan , lekin qo‘rqmagan edi. Boshqalar unga qaragandek qaramasdi.
— Hazrati Oliyalari, — dedi ish boshqaruvchisi shosha-pisha. — Sizni bu yerda ko‘rishni kutmagandik...
Uning ovozi ohangdor va xotirjam edi, ammo ko‘zlari yana uni izlab topdi.
Yigit ham to‘g‘ri uning ko‘zlariga qaradi.
— Isming nima? — deb so‘radi Sullin
— Ji-hoon — dedi yigit oddiygina. — Janubiy dalalardanman.
— Ji-hoon, — Sullin uning ismini takrorladi, go‘yo uni bir sir kabi ta’tib ko‘rayotgandek. — Bu ish tugashiga qancha vaqt qoldi?
— Yana ikki kun, balki uch kun, — deb javob berdi u. — Agar yomg‘ir yana yog‘masa.
Malika o‘ychan bosh irg‘adi, garchi sug‘orish tizimi unga zarracha qiziq bo‘lmasa ham.
— Yaxshi. Ishlaringizni davom ettiringlar
U ketish uchun burildi, ammo yuragi shu qadar qattiq urardiki, go‘yo ovozi butun hovliga eshitilayotgandek edi. Darvozaga yetib kelganida, u ortiga qaradi. Ji-hoon hali joyidan qimirlamagan edi.
U hamon Sullin tomon qarab turardi. Mag‘rurlik bilan emas, balki o‘sha sokin va xotirjam nigohi bilan. Va Sullin nima sababdanligini o‘zi ham tushunmagan holda, lablarida tabassum paydo bo‘lganini sezdi.
O‘sha kecha u balkon pardalarini ochiq qoldirishni buyurdi. Hovlining nam va yovvoyi hidi xonasiga kirib kelardi. Qiz esa yana uni o‘ylardi.
Keyingi bir necha kun davomida u o‘sha hovlidan o‘tish uchun turli bahonalar topdi.
— Ishlarning borishini tekshirib kelaman, — derdi u boshqaruvchisiga.
Har safar uning kelishi atrofdagilarning shivir-shiviriga sabab bo‘lardi.
Har safar esa uning ko‘zlari avvalo uni izlar edi.
Ji-hoon unga odob bilan salom berardi, ammo hech qachon haddan tashqari chuqur ta’zim qilmasdi. U kam gapirardi, lekin aytgan har bir so‘zi malikaning xayolida saroydagi barcha maqtovlardan ham uzoqroq qolib ketardi.
Bir kuni Sullin uning yonida to‘xtadi. Ji-hoon chuqur qazilgan ariq yonida tiz cho‘kib, suv yo‘lini ta’mirlayotgan edi.
— Siz juda ko‘p mehnat qilarkansiz, — dedi malika
Ji-hoon qoshlarini biroz chimirib, yuqoriga qaradi.
— Buning uchun menga haq to‘lashadi.
Sullin boshini biroz qiyshaytirdi.
— Ko‘pchilik erkaklar mehnat qilish uchun haq oladi. Ammo ularning juda ozchiligi o‘z ishini shunchalik yaxshi , sidqidildan bajaradi.
— balki men shunchaki vaqtni behuda sarflashni yoqtirmasman, — dedi u. Uning ohangi Sullinning yuziga tabassum yugurtirdi. Unda hayrat ham, malikaga yoqishga urinish ham yo‘q , shunchaki sokin va samimiy rostgo‘ylik bor edi.
— Siz juda erkin gapirarkansiz, — dedi Sullin past ovozda.
— Yo‘q, — dedi u biroz sukutdan so‘ng. — Iltimos, to‘xtamang.
Birinchi marta yigitning yuzida tabassum paydo bo‘ldi — juda yengil, kichkinagina tabassum. Ammo shu bilan u malikaning qalbidagi o‘tkir va sovuq nimanidir yumshatgandek bo‘ldi.
O‘sha oqshom Sullin yana ko‘zgusi qarshisida o‘tirdi. Lekin bu safar u o‘zini qafasdagi malika kabi emas. Tirik va erkin qushdek his qildi.
Va buni ovoz chiqarib tan olmasa-da, ich-ichidan yomg‘ir yog‘ishini umid qila boshladi. Shunda ishlar Ji-hoon aytganidek biroz uzoqroq davom etardi.