September 18, 2024

ICT WEEK 2024: biznes va iste’molchilar uchun qanday qiziqarli mahsulotlar hamda yechimlar taqdim qilindi?

Hozirgi kunda Toshkent shahrida ICT WEEK 2024 haftaligi bo‘lib o‘tmoqda. Tashkilotchilar ta’kidlaganidek, unda 200 dan ziyod xorijiy va mahalliy IT kompaniyalar ishtirok etmoqda. Hafta doirasida turli tadbirlar o‘tkazilishi va nufuzli ekspertlarning ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Biz ham mazkur haftalikning birinchi kunida tashrif buyurib, IT kompaniyalari tomonidan tayyorlangan stendlarni va taqdim etilgan mahsulot va yechimlarni o‘rganib chiqdik. Xo‘sh, aynan qaysilari bizning e’tiborimizni tortdi, shuningdek biznes va iste’molchilar uchun qiziqarli hamda foydali bo‘la oladi?

1. Ko‘rgazma maydoniga kirganimizda, e’tiborimizni Markaziy Osiyo universitetining (Central Asian University) stendi o‘ziga tortdi. Oliy o‘quv yurti jamoasi ko‘rgazmada o‘z startaployihasini – DAVO AI trekerni taqdim qildi. Uning yordamida siz bepul terapevtik konsultatsiya olishingiz mumkin. Mazkur dastur sizga qator savollar beradi va javoblaringizdan kelib chiqib dastlabki tashhisni qo‘ya oladi. Startap vakillariga ko‘ra, tashhisning aniqligi 81% ni tashkil qiladi.

2. Nokia kompaniyasi ilg‘or 5G Standalone texnologiyasini namoyish qildi. Mazkur texnologiyaga asoslangan stansiyalar avtonom (mustaqil) ravishda ishlay oladi va ularni barpo etishda boshqa, yanada ilg‘or muhandislik va texnik yechimlar qo‘llaniladi. Shu tufayli mazkur stansiyalar ma’lumotlarni yanada yuqori tezlikda va katta hajmda o‘tkaza oladi.

Kompaniya vakillari ta’kidlaganidek, bugungi kunda Perfectum mobil operatori bilan asbob-uskuna va texnologiyalarni yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzildi. Mahalliy operatorimiz tomonidan 2024-2025-yillarda 5G Standalone standartiga mos O‘zbekiston bo‘ylab 2100 dan ziyod stansiyalar o‘rnatilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Finlandiyaning IT yetakchi kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan yengil avtonom Nokia Wi Fi Beacon nomli marshrutizatorlarni taqdim etdi. Ularni kuchsiz bo‘lgan Internet signalini kuchaytirishda ishlatish mumkin. Buning uchun uni tarmoqqa ulab, Internet signali tarqatishi uchun yoqish kerak. Bunday moslama shahardan chetga safar bilan chiqayotganingizda va uzluksiz Internet aloqasi kerakligida yaxshi yechim bo‘ladi.

3. Yandex kompaniyasi ko‘rgazmada yorqin taklif bilan chiqib, o‘zining innovatsion kompaniyaligini yana bir bor isbotladi. Ultima nomli yangi tarif o‘z ichiga premium toifadagi taksi va taomga buyurtma berish xizmatlarini qamrab olib, taqdimotning asosiy voqeasiga aylandi.

Undan oldin Yandex Taxi’da eng qimmat tarif Business bo‘lgan. Endi esa uning o‘rnini Ultima Premier egalladi. Yandex vakillarining so‘zlariga ko‘ra, Premier taksi mijozlar uchun yuqori darajadagi servisni taklif qiladi: premium toifadagi avtomobillar, ko‘rkam tashqi ko‘rinishga ega haydovchilar, bepul suv va boshqa bonuslar.

O‘z navbatida, Ultima servisi premium toifadagi restoranlardan taomga buyurtma berish imkonini beradi. Buyurtma ovqatning issiqligini saqlaydigan maxsus termoqutichalarda yetkazib beriladi. Buyurtma o‘z vaqtida kelishini kompaniya xodimlari nazorat qiladi.

4. ZTE kompaniyasi ham ko‘rgazmada bir qancha yechim va mahsulotlar bilan ishtirok etdi. Ular qatorida Nubia brendi ostida ishlab chiqarilayotgan Nubia Red Magic 9 Pro smartfoni ko‘zga tashlandi. Kompaniya mutaxassisi so‘zlariga ko‘ra, mazkur smartfon rusumi o‘z texnik xususiyatlariga ko‘ra geymerlar (kompyuter o‘yinlari ishqibozlari) uchun mo‘ljallangan. Smartfon Snapdragon 3-avlodi protsessor, 12 gigabayt hajmga ega operativ xotira, 6000 amper quvvatga teng batareya bilan jihozlangan. Mazkur o‘yin rejimi o‘yindan-o‘yinga tez va qulay o‘tishga va ekranni yangilashga imkon beradi. Bundan tashqari, uning yon boshida maxsus kuler (ventilyator) va oldida ko‘rinmaydigan old kamera o‘rnatilgan.

5. Huawei xorijiy tilda video qo‘ng‘iroq orqali muloqot qilayotgan suhbatdoshlar uchun AI dasturini taqdim etdi. Mazkur ilova onlayn rejimda xorijiy suhbatdosh nutqini matnga aylantirib, ekranda aks ettiradi. Shu tufayli xalqaro muloqot ancha yengillashadi. Va tarjimonning kerakligi uncha sezilmaydi.

6. odoo kompaniyasi biznes uchun kompleks ravishdagi universal yechimni taqdim etdi. Uning yordamida korxonada ofis, ishlab chiqarish va logistika jarayonlarining barchasini tartibga solish mumkin. Masalan, boshqaruv jarayonlarini yo‘lga qo‘yish uchun siz bitta dastur ishlab chiqaruvchidan CRM tizimini sotib olasiz. Omborxonada esa tovarlarni xatlov qilish va taqdim etishni tartibga solish uchun IT yechimini boshqa kompaniyaga buyurtma berasiz. odoo esa sizga barcha jarayonlarni yo‘lga qo‘yishga va birlashtirishga yordam beradi. Kompaniya vakillari ta’kidlaganidek, mazkur yechim boshqalarga nisbatdan ancha arzon va ko‘plab funksiyalarga ega.

Biz ICT WEEK 2024 da qatnashib, yuqorida aytib o‘tilgan qiziqarli mahsulot va yechimlar haqida sizga xabar berdik. Bizni kuzatib boring. Kelgusida boshqa tadbirlarda ham ishtirok etib, sizlarni qiziqarli ma’lumotlar bilan ta’minlashga harakat qilamiz.

Bizning Telegram kanalimizga va Instagram sahifamizga a’zo bo‘ling. CREO UZBEK sizlarni O‘zbekistonda marketing, brending, reklama va PR haqida noyob ma’lumotlar bilan ta’minlab turadi.

Telegram: https://t.me/creo_uzbek

Instagram: instagram.com/creo_uzbek

Hamkorlik uchun: +998 97 008 94 23