Hamkorbank, Korzinka, Oqtepa Lavash yoxud O‘zbekistonda shov-shuvga aylangan brendlar
Hamkorbank yaqinda keng omma orasida shov-shuvga sabab bo‘lgan yangi logotipini taqdim etdi. Fursatdan foydalanib, biz jamoatchilik xotirasida iz qoldirgan boshqa brendlarni ham esladik.
Ammo, keling, Hamkorbank'ning yangi logotipi to‘g‘risida ham bir og‘iz so‘z yurutsak. Mahalliy internet manbasida nashr etilgan materialda quydagilar haqida so‘zlanmoqda:
“Hamkorbank” yangi logotipi zamonaviy tendensiyalarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan va bankning asosiy qadriyatlari — progress, barqarorlik va hamkorlikni vizuallashtirishga qaratilgan. Yangilangan logotip va aydentika orqali “Hamkorbank” mijozlar va hamkorlar ko‘zida yanada zamonaviy va innovatsion obraz yaratishni maqsad qilmoqda”.
Ta’kidlash kerakki, Hamkorbank tomonidan taqdim etilgan logotipda o‘ziga xoslik sezilarli darajada aks ettirilmagan. Mazkur bank 1992-yilda Andijon shahrida tashkil topgan. Xususiy bank bo‘lsa ham, davlat ulushiga ega banklar bilan munosib ravishda raqobat qiladi - mahalliy va xalqaro reytinglarda yetakchi o‘rinlarga ega. Eng qizig‘i, ushbu bankning markaziy ofisi haligacha poytaxda emas, Andijonda joylashgan. Hamkorbank'ning o‘ziga xosligi va noyob tarixi uning logotipida ham aks ettirilsa, bankning imijiga yanada ijobiy ta’sir ko‘rsatardi.
Shu o‘rinda mahalliy bozorimizdagi eng yorqin rebrending keyslari haqida ham aytib o‘tmoqchimiz. Ularning negizida kuchli konsepsiya yaratilib, tashqi obrazida ifoda qilingan.
Korzinka yurtimizdagi eng mashhur brendlardan biri. Shuning uchun uning logotipidagi o‘zgarish ko‘zga tashlangan edi. O‘z 25-yilligi munosabati bilan kompaniya Ukrainaning FEDORIV agentligi ko‘magida yangi logotipini ishlab chiqdi. Natijada Korzinka'ning zamonaviy tashqi obrazi va brend dizayni yaratildi. Yangi logotipda korzinka (savatcha) obrazi keskin o‘zgarib, o‘ng tomonga qarashi va og‘ib turishi kompaniyaning oldinga qarab ketishini va dinamikasini anglatadi. Shu bilan birga, aylana yo‘q qilindi va nomidan .uz qo‘shimchasi olib tashlandi.
Bank sohasida ham rebrending ko‘plab o‘yinchilar tomonidan qo‘llaniladi. Chunki ular bugun nafaqat bir-biri bilan, balki fintex kompaniyalari bilan ham raqobat olib bormoqda. Shu bois zamonaviy bo‘lish va brend orqali buni namoyish etish zamon talabiga aylangan. Ular qatorida Agrobank tomonidan o‘tkazilgan rebrending boshqalardan ancha farq qiladi.
Agrobank mutlaqo yangi logotip va brend kodini ishlab chiqdi. Bunda rossiyalik taniqli Artemiy Lebedev studiyasi mahalliy dizaynerlar bilan birga harakat qilgan. Natijada lo‘nda va zamon talablariga mos logotip va brend kodi yaratilgan. Bank tashqi obrazining keskin o‘zgarishi boshida katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Ammo Agrobank mahalliy bozorda zamonaviy va minimalistik uslubda rebrending o‘tkazishda yangi trendga yo‘l ochdi.
Krizis menejment (inqirozga qarshi boshqaruv) haqida gap ketganda, rebrending ham auditoriyaning ongini ijobiy tomonga o‘zgartirishda muhum o‘ringa ega. Bunda Oqtepa Lavash keysi esimizga tushadi. 2019-yilda mazkur tez ovqatlanish restoranlari tarmog‘i katta inqirozga uchragan va ommada kompaniya haqida salbiy obraz keng tarqalgan edi. Rahbariyatda biznesni tugatish fikri ham paydo bo‘ldi, ammo mutaxassislarni jalb qilish va so‘rovnomalar o‘tkazish taklifi tushdi. Natijada kompaniya boshqaruvni qayta ko‘rib chiqib, o‘zini ommaga namoyish etishda ochiqlik konsepsiyasini ishlab chiqdi. Hozirda Oqtepa Lavash faoliyatini davom ettirib, o‘sib kelmoqda. Va rahbariyat kompaniyani keyingi bosqichga ko‘tarish vaqt keldi deb sezdi.
Joriy yilning may oyidan boshlab mazkur tarmoq o‘z shoxobchalarida yangi brendni qo‘llashni boshladi. Yangi ko‘rinishdagi logotipda sharqona naqshlarni eslatuvchi shakldan foydalanilgan. Asosiy, qizil, sariq va oq ranglar esa o‘zgarmasdan qolgan. Bu esa kompaniya tarixidagi ilk rebrending edi.
Rebrending qilishda ba’zida o‘zgarishlar katta bo‘lmaydi va ko‘zga unchalik tashlanmasligi mumkin. Ammo, ular tashqi ko‘rinishini yangilaydi. Shu o‘rinda Payme rebrendingi haqida aytib o‘tamiz.
Payme o‘z yangi obrazida o‘zining nomini qoldirgan, ammo endilikda unda nomning asl kelib chiqish ma’nosi yo‘qolgan. Payme so‘zi eski logotipidan vizual farq qilib, asosan messejni aks ettirgan, ya’ni “Men uchun to‘lov qil” (Pay Me). Keyinchalik esa ushbu messej ajralmas bo‘lgan so‘zga va brendga aylangan. Payme logotipini yangilashda aynan shunga e’tibor qaratgan bo‘lsa kerak. Endilikda “payme” yozuvi ajralmaslikni bildirib, milga o‘xshagan sariq blok ichida joylashgan. Payme'ing asosiy, yashil rangi esa orqa fonda. Shunday qilib, Payme'ning asosiy ranglarga yashil va sariq ranglar aylandi. Kompaniya vakillari ta’kidlaganidek, yangi logotipni yaratishda va ranglarni tanlashda ular milliy madaniyat elementlarimizdan ilhom olishgan.
Rebrendingni faqat xususiy biznes vakillari o‘tkazmaydi. Davlat idoralari va ularga taaluqli tashkilotlar ham shunga urg‘u berishni boshladi. Shu bois davlat tashkilotlari orasida “O‘zbekiston Pochtasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan o‘tkazilgan rebrending ham e’tiborga sazovor.
Kompaniya tomonidan o‘tkazilgan “Yangi imkoniyatlar kuchi” shiori ostidagi rebrending natijasida brendning yangi nomi — Uzpost, yangi logotipi, yangi ranglari va yangi logistika tizimi ishlab chiqildi. Unda taniqli MA’NO Branding ishtirok etgan.
Kompaniya rasmiy xabarida yangi logotip to‘g‘risida quyidagi izoh keltirib o‘tilgan.
“Yangi ranglar-“olov rang” va “toʻq koʻk”- iliqlik, quvonch, energiya, mehribonlik, ishonchlilik va professionalizm ramzini ifodalaydi. Yangi logotipda aks ettirilgan humo qushi esa, doimiy harakat, logistika va “Uzpost”ning dinamik rivojlanishini bildiradi. Logotip qanotida pochta yoʻllarining ramzi boʻlgan uchta chiziqni koʻrish mumkin, bosh tomondagi “tasdiq” belgisi esa muvaffaqiyatli yetkazib berilgan pochta va bajarilgan vazifalarni anglatadi”.
Brending bu mijozning ongini ijobiy o‘zgartirish va o‘ziga jalb qilish eng samarali qurollardan biri. Ayniqsa, hozirgi kunda: har bir inson miyasini kun davomida minglab ma’lumotlar chalg‘atadi. Va kuchli, obraz ko‘rinishida esida qolarli brend nafaqat uning ongida, yuragida ham joy topadi.
Biz O‘zbekiston bozorida taniqli bo‘lgan va katta ahamiyatga ega brendlarning namunalarini taqdim etdik. Quvonarlisi, mahalliy bozorimizda brending tushunchasi o‘z munosib o‘rniga ega bo‘lib, uning ahamiyati tobora kuchayib bormoqda.
Sizningcha, qaysi kompaniyalarning rebrendingi muvaffaqiyatli bo‘lgan? Yana kimlarni bu ro‘yxatga qo‘shsak bo‘ladi? O‘z fikrlaringizni bizning chatbotimizda (@creo_uzbekbot) qoldirishingiz mumkin.
Bizning Telegram kanalimizga va Instagram sahifamizga a’zo bo‘ling. CREO UZBEK sizlarni O‘zbekistonda marketing, brending, reklama va PR haqida noyob ma’lumotlar bilan ta’minlab turadi.
Telegram: https://t.me/creo_uzbek
Instagram: instagram.com/creo_uzbek