October 4, 2022

Yuridik shaxslar birlashmalari qayerda davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi?

Yuridik shaxslar birlashmalari jamiyatimiz rivojida muhim oʻrin tutadi, ayrim yuridik shaxslar birlashmalari tomonidan boshqa tadbirkorlik subyektlariga maʼlum bir faoliyat bilan shugʻullanishi uchun ruxsat beruvchi hujjatlar rasmiylashtirib beriladi.

Shu sababli, yuridik shaxslar birlashmalari davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibini takomillashtirish zarurati mavjud edi.

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-avgust kuni “Tadbirkorlik subyektlari boʻlmagan ayrim yuridik shaxslarni tashkil etish va tugatishga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 542-son qarori qabul qilinib, ushbu jarayonlar tartibga solindi.

Yaʼni, ushbu qaror bilan“Yuridik shaxslar birlashmalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti” tasdiqlandi.

Hoʻsh kimlar yuridik shaxslar birlashmalari hisoblanadi?

Yuridik shaxs birlashmalari deganda Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyat koʻrsatadigan tarkibiga ikki va undan ortiq tijoratchi yuridik shaxslarni jamlagan notijorat tashkilotlar hisoblanuvchi uyushmalar (ittifoqlar) va oʻzga birlashmalar tushuniladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 77-moddasiga koʻra, tijorat tashkilotlari oʻzlarining tadbirkorlik faoliyatlarini muvofiqlashtirish, shuningdek mushtarak mulkiy manfaatlarini ifoda etish hamda himoya qilish maqsadida notijorat tashkilotlar hisoblanuvchi uyushmalar va oʻzga birlashmalariga birlashishlari mumkin.

(Maʼlumot uchun: agar ishtirokchilarning qaroriga muvofiq uyushmaga va oʻzga birlashmaga tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish vazifasi yuklatilsa, bunday uyushma va oʻzga birlashma Fuqarolik kodeksida nazarda tutilgan tartibda xoʻjalik shirkati yoki jamiyatiga aylantirilishi kerak yoxud tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun xoʻjalik jamiyatlari tuzishi yoki ularda ishtirok etishi mumkin)

Notijorat tashkilotlari oʻz faoliyatlarini muvofiqlashtirish, shuningdek mushtarak manfaatlarini ifoda etish hamda himoya qilish maqsadida uyushmalar (ittifoqlar) shaklida birlashmalar tuzishlari mumkin.

Uyushma va oʻzga birlashmalar yuridik shaxs hisoblanadi. Uyushma va oʻzga birlashmalarning aʼzolari oʻz mustaqilliklarini va yuridik shaxs huquqlarini, shuningdek, undan erkin chiqish imkoniyatini saqlab qoladi.

Yuridik shaxs birlashmalari qayerda davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi?

Endilikda, yuridik shaxslar birlashmalarini davlat roʻyxatidan (qayta roʻyxatdan) oʻtkazish davlat xizmatlari markazlarida avtomatlashtirilgan elektron tizimi orqali amalga oshiriladi.

Bunda, yuridik shaxslar birlashmalari vakili (ariza beruvchi) davlat xizmatlari markazlariga kelgan holda yoki masofadan internet jaxon axborot tarmogʻi orqali elektron tizimda murojaat etishlari mumkin.

Yuridik shaxslar birlashmalarining nomi lotin alifbosida tanlanadi va uning boshqa yuridik shaxslarning nomlari bilan adashtirib yuborish darajasida bir xil yoki ularga oʻxshash boʻlmasligi kerak, bunday nomalar elektron tizim tomonidan avtomatik tarzda tekshiriladi.

Yuridik shaxslar birlashmalari davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab tashkil etilgan hisoblanadi.

Yuridik shaxs birlashmalarini roʻyxatdan oʻtkazish uchun qanday hujjatlar taqdim qilinadi?

Ariza beruvchi tomonidan soʻrovnomaga quyidagi hujjatlar elektron shaklda (pdf formatda) ilova qilinishi lozim:

davlat tilidagi taʼsis shartnomasi va (yoki) ustav qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi taʼsis yigʻilishi (konferensiyasi) bayoni;

davlat tilida belgilangan tartibda tasdiqlangan taʼsis shartnomasi va (yoki) ustav;

yuridik shaxslar birlashmalari qayta tashkil etilganda (qoʻshib yuborish, qoʻshib olish, boʻlish, ajratib chiqarish, oʻzgartirish) qayta tashkil qilinayotgan yuridik shaxslar birlashmalarining barcha kreditorlar va qarzdorlar oldidagi barcha majburiyatlar boʻyicha, jumladan taraflar oʻrtasidagi daʼvolashayotgan majburiyatlar yuzasidan huquqiy vorislikni oʻz ichiga olgan taqsimlash balansi yoki topshirish dalolatnomasi.

Yuridik shaxslar birlashmalarini davlat roʻyxatidan yoki qayta roʻyxatdan oʻtkazganlik uchun “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunda belgilangan miqdorda davlat boji undiriladi.

Ushbu turdagi murojaatlar hujjatlar toʻliq taqdim etilganda 2 ish kuni davomida koʻrib chiqilib, davlat roʻyxatdan oʻtkaziladi.

Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan tashkilot elektron tizim orqali avtomatik tarzda davlat soliq xizmati va statistika organlarida davlat hisobiga qoʻyiladi.

Yuridik shaxslar birlashmalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish hadidagi guvohnoma QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan holda avtomatik shakllantiriladi.

Yuridik shaxslar birlashmalarini hujjatlari toʻliq taqdim etilmaganligi ularni davlat roʻyxatidan oʻtkazish rad etiladi.

Qayta roʻyxatdan oʻtkazish uchun murojaat etilganda aʼzolar soniga qoʻyilgan minimal talab buzilgan taqdirda yuridik shaxslar birlashmalari boshqa tashkiliy-huquqiy shaklda qayta tashkil etilishi yoki ixtiyoriy tugatiladi.

Davlat roʻyxatidan (qayta roʻyxatdan) oʻtkazishni rad etish haqida qaror qabul qilinganda xabarnoma rasmiylashtiriladi hamda u ariza beruvchiga taqdim qilinadi (oʻzi kelib murojaat etganda) yoki ariza beruvchining elektron tizimdagi shaxsiy kabinetiga yuboradi.

Shuningdek, yuridik shaxslar birlashmalari oʻzining pochta manzili va rahbari oʻzgarganda bu haqida roʻyxatdan oʻtkazuvchi organni oʻn kundan kechiktirmay oʻzining elektron tizimdagi shaxsiy kabinet orqali xabardor qilishi shart. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ yuridik shaxslar birlashmalarining pochta manzili va rahbari oʻzgarganligi haqida xabarnoma olgan vaqtdan boshlab bir ish kuni davomida Tadbirkorlik subyektlari boʻlmagan ayrim yuridik shaxslarning davlat reyestriga tegishli yozuvni kiritadi va bu toʻgʻrisida davlat solik xizmati va statistika organlarini xabardor qiladi.

Ariza beruvchilar roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga taqdim etilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi, aniqligi yoki buzib koʻrsatilganligi, shuningdek taʼsis hujjatlarining qonunchilik hujjatlariga muvofiqligi uchun javobgar hisoblanadi.

Bunyod AZIZOV,
Adliya vazirligi
Maʼmuriy tartib-taomillarni rivojlantirish
va monitoringini yuritish boshqarmasi boshligʻi