July 18, 2022

Aktuariy malaka sertifikatini berish boʻyicha davlat xizmati ishga tushurildi.

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-iyundagi “Aktuariy malaka sertifikatini berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 305-son qarori qabul qilindi.

Qarorga asosan:

1. Endilikda aktuariy malaka sertifikatini berish Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi.

2. Adliya vazirligi tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatilishining har bir bosqichida murojaatlar koʻrib chiqilishi YAIDXP orqali nazorat qilinadi.

3. Aktuariy malaka sertifikati jismoniy shaxsga, agar ushbu shaxs aktuar tashkilot shtatida yoki u bilan aktuar tashkilot oʻrtasida fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnoma tuzilgan boʻlsa, aktuar xizmatlar koʻrsatish huquqini beradi.

4. Daʼvogar Davlat xizmatlari markaziga bevosita oʻzi yoki ishonchli vakili orqali murojaat etgan taqdirda, Davlat xizmatlari markazi xodimi daʼvogar nomidan, YAIDXP orqali murojaat qilgan hollarda esa belgilangan shakldagi anketani elektron shaklda toʻldiradi.

5. Anketani ERI bilan tasdiqlash imkoniyati boʻlmagan hollarda, tegishli maʼlumot identifikatsiya qilishning boshqa vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo va boshqalar) bilan ham tasdiqlanishi mumkin.

6. Quyidagi hujjatlar:

- pasport (identifikatsiyalovchi ID-karta) yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa maʼlumotlar;

- daʼvogarning belgilangan shakldagi fotosurati;

- iqtisodiyot yoki matematika oliy taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplom, ilmiy daraja olganligi toʻgʻrisidagi hujjat nusxasi yoxud oliy maʼlumot yoki ilmiy daraja haqidagi xorijiy hujjatni tan olish toʻgʻrisida vakolatli davlat organining guvohnomasi nusxasi (olish imkoni mavjud boʻlmagan holatlar bundan mustasno);

- ish staji toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (olish imkoni mavjud boʻlmagan holatlar bundan mustasno);

- jismoniy shaxslarning familiyasi va (yoki) ismi oʻzgartirilgan boʻlsa, bu toʻgʻrisidagi maʼlumotlar vakolatli organ tomonidan tegishli davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda, jumladan, “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali soʻrab olinadi.

7. Daʼvogarning aktuariy malaka sertifikatini berish toʻgʻrisidagi murojaatini koʻrib chiqish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatilganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yigʻim undiriladi.

Daʼvogar davlat xizmati koʻrsatilishi uchun YAIDXP orqali murojaat etgan taqdirda, yigʻim summasining 90 foizi miqdorida undiriladi.

8. Malaka imtihoni kamida uch kishidan iborat guruhning shakllanishiga koʻra, lekin uch oyda kamida bir marta oʻtkaziladi. Malaka imtihonini oʻtkazish sanasi vakolatli organ tomonidan belgilanadi.

9. Malaka imtihoni ikki bosqichda oʻtkaziladi:

test sinovi (uch akademik soat davomida kompyuter orqali). Test sinovi yakunlangach, uning natijasi shu vaqtning oʻzidan maʼlum qilinadi. Uning natijasiga koʻra daʼvogarga yozma va ogʻzaki imtihonni topshirish uchun ruxsat beriladi;

imtihon biletlari boʻyicha yozma va ogʻzaki imtihon (masalalarni yechish va ogʻzaki javobga tayyorlanish uchun uch akademik soat beriladi).

Malaka imtihonining ikkala bosqichini bir kun davomida oʻtkazishga ruxsat berilmaydi.

10. Test savollari va imtihon biletlariga kiritilgan fanlar boʻyicha mavzular vakolatli organning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.

11. Malaka imtihonining shaffofligi va xolisligini taʼminlash maqsadida malaka imtihonini oʻtkazish jarayoni uzluksiz ravishda videoyozuvga (ovozli) tushiriladi va ushbu videomateriallar vakolatli organda kamida bir yil saqlanadi.

12. Vakolatli organ imtihon komissiyasining bayonnomalari qabul qilib olgandan soʻng uch ish kuni mobaynida belgilangan tartibda QR-kod qoʻyilgan aktuariy malaka sertifikatini rasmiylashtiradi va uni oʻz ERIsi bilan tasdiqlab, tegishli Davlat xizmatlari markaziga (oʻzi murojaat etganda) yoki daʼvogarga YAIDXP orqali (elektron tarzda murojaat etganda) elektron shaklda yuboradi.

13. Agar aktuariy malaka sertifikati vakolatli organ tomonidan daʼvogarga YAIDXP orqali elektron shaklda yuborilsa, u avtomatik ravishda daʼvogarning elektron kabinetida namoyon boʻladi.