Qarindosh boʼlmagan shaxslarni “propiska”dan chiqarishda ularning roziligi shart emas
Prezident tomonidan joriy yilning avgust oyida mulk huquqi boʻyicha yangi farmon imzolandi.
Farmonga koʻra, 2022-yil 1-sentyabrdan boshlab bir qator tartib va talablar bekor qilinyapti:
1) mulkdor bilan qarindoshlik aloqalariga ega boʻlmagan shaxslarni (tanishlar, uzoq qarindoshlar) ushbu turar joydan doimiy roʻyxatdan – “propiska”dan chiqarish uchun ularning roziligini olish talab etilmaydi.
Tegishli organlar maʼlumotlariga koʻra, oxirgi 2,5 yilda fuqarolik sudlariga shaxsni turar joydan roʻyxatdan chiqarish boʻyicha 8 954 ta daʼvo arizalari kiritilgan, shundan 7 311 tasi (82 foizi) qanoatlantirilgan.
2) sud tomonidan turar joyni sotib olgan shaxs insofli egallovchi deb topilganda, jismoniy shaxsdan ushbu turar joyni davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab uch yil oʻtgach natura shaklida talab qilib olish taʼqiqlanadi.
Yaʼni, agar turar joy UZKAD tizimidagi notoʻgʻri maʼlumotlarga ishonib xarid qilingan boʻlsa, 3 yildan keyin sotib oluvchidan (insofli egallovchi) ushbu uyni talab qilib olish mumkin emas. Dastlabki mulkdorga yetkazilgan zarar davlat tomonidan qoplanib, keyinchalik aybdordan undiriladi.
Yana bir oʻzgartirishlardan biri – bu “snos” jamgʻarmalari, ular Jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararlarni kompensatsiya qilish boʻyicha respublika va hududiy maqsadli jamgʻarmalarga aylantirildi.
2023-yil 1-yanvardan boshlab, jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan quyidagi zararlar shu jamgʻarmalardan toʻlab beriladi:
koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning davlat reyestriga noqonuniy yoki haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlarning kiritilishi natijasida unga ishonib harakat qilgan shaxslarga yetkazilgan zarar;
davlat organi, mansabdor shaxs, xususan, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning qonunga xilof harakatlari natijasida mulkdorga yetkazilgan, sud qarori bilan aniqlangan zarar;
turar joy insofli egallovchidan talab qilib olinmasligi natijasida uning haqiqiy egasiga yetkazilgan zarar.
“Kadastr va koʻchmas mulklarni roʻyxatdan oʻtkazish integratsion axborot tizimi” (UZKAD) 2023-yil 1-yanvardan koʻchmas mulkka oid yagona axborot bazasi hisoblanib, UZKAD tizimiga Garov reyestri, “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi, Koʻchmas mulk obyektlari manzillari yagona reyestri va boshqa tegishli barcha davlat axborot tizimlari integratsiya qilinadi hamda real vaqt rejimida onlayn maʼlumot almashinuvi yoʻlga qoʻyiladi. Mazkur tizim kelgusida turar joyni sotish bilan bogʻliq, “taʼqiq” muammolarini va shu sohadagi firibgarliklarni oldini oladi.