Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan ommaviy axborot vositalariga quyidagilar kiradi:
Davriy bosma nashrlar (gazeta, jurnal, axborotnoma, byulleten, almanax va boshqalar);
Tele, radio, video, kinoxronikal dasturlar, Axborot agentliklari;
Mahsulotlari Internet jahon axborot tarmog‘i orqali tarqatiladigan ommaviy axborot vositalari (gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar, almanaxlar, tele, radio, video, kinoxronikal dasturlar);
Asosan bolalar, o‘smirlar, nogironlar uchun mo‘ljallangan, shuningdek, ta’lim va madaniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi ommaviy axborot vositalari (gazeta, jurnal, axborotnoma, byulleten, almanax, tele, radio, video, kinoxronikal dasturlar va boshqalar);
Reklama xususiyatiga ega bo‘lgan ommaviy axborot vositalari (reklama tarqatishga ixtisoslashgan gazetalar, jurnallar, bukletlar, tele, radio, video, kinoxronikal dasturlar va boshqalar);
Ommaviy axborot vositalarining boshqa turlari (elektron shaklda tarqatiladigan ommaviy axborot vositalari mahsulotlari va boshqalar).
Reklama xususiyatiga ega bo‘lgan ommaviy axborot vositasi deyilganda davriy bosma nashr alohida soni hajmining 40 foizidan, tele, radiodasturlarda eshittirish va ko‘rsatuv har bir soatining 10 foizidan ko‘prog‘ini reklama xabarlari tashkil qiladigan ommaviy axborot vositasi tushuniladi.
Quyidagilarni ommaviy axborot vositasi sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talab qilinmaydi:
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan faqat ularning rasmiy xabarlari va faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa materiallarini e’lon qilish uchun ta’sis etiladigan gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar, tele, radio, video, kinoxronikal dasturlar, Internet jahon axborot tarmog‘idagi veb-saytlar, olti oyda kamida bir marta nashr etiladigan yoki efirga beriladigan ommaviy axborotni davriy tarqatishning boshqa shakllari;
Korxona, muassasa, tashkilot (shu jumladan o‘quv va ilmy muassasa)ning o‘z ehtiyojlarini qondirish uchun tiraji yuz nusxagacha bo‘lgan davriy bosma nashrlari;
Tarqatilishi bir korxona, muassasa, tashkilot (shu jumladan, o‘quv va ilmiy muassasa)ning binosi va (yoki) hududi bilan cheklangan kabel tarmoqlar orqali uzatiladigan tele, radio, video, kinoxronikal dasturlar, audiovizual xabarlar va materiallar.